Stroymart do‘konlar tarmog‘i ikki yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda o‘zbek estradasi yulduzlari va blogerlari ishtirok etishdi. Hamda tadbirda Skyworth EV6 elektromobilning g‘olibi aniqlandi.
Dam olish kunlari Volga bo‘yi hududlaridan salqin va biroz nam havo massalari kirib keladi, harorat +23…+28 darajagacha tushadi. Yakshanba kuni kuzgi salqin qayd etiladi, ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Surxondaryo viloyati va Farg‘ona vodiysida shamol tezligi 20−23 m/s ga yetishi mumkin.
DXX Farg‘onadan Toshkentga kelayotgan fuqaro mashinasida psixotrop dori vositalari borligini aniqladi. Gumonlanuvchi «Regapen» va «Tropikamid» tabletkalarini voyaga yetmagan qizi orqali olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston Markaziy banki 9 sentabr kungi o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini 10 977,60 so‘m etib belgiladi. Shunga ko‘ra, tijorat banklari ham o‘zlarining takliflarini o‘zgartirdi.
O‘zbekistondagi OTMlarda ta’lim olayotgan 211 ming nafar talabaning turar-joyga ehtiyoji bor, shundan faqat 91 ming talaba yotoqxonaga joylashishi mumkin. «Turar-joyga ehtiyoji bor talabalarning 47 foizi yotoqxonalar bilan ta’minlangan», — dedi Abduqodir Toshqulov.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalar ijara subsidiyasining shartnomasiz varianti ustida ish olib borilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, ijara subsidiyasini kimlarga berishni talabalar guruhda o‘zi hal qiladi. Ilmiy kengash tasdiqlagach, subsidiya talabalarning plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.
Shavkat Mirziyoyev qirol Karl III`ga yo‘llagan hamdardlik maktubida Yelizaveta II`ni 70 yildan ortiq vaqt davomida «mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishining ramzi bo‘lib kelgan buyuk davlat arbobi edi» deb atadi.
Andijonning Paxtaobod tumanidagi 38 maktabda o‘quvchilarning yo‘lakda oyoq kiyimsiz yurgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat XTB bayonotiga ko‘ra, ushbu holatning ta’lim sifatiga umuman ta’siri yo‘q. Voqea sabab maktab direktori va o‘rinbosariga intizomiy chora qo‘llandi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi Samarqand tumanidagi korxona «Darg‘om» kanaliga 1 tonna neft mahsulotlarini oqizib yuborganini aniqladi. Buning ortidan 1,2 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovi undirilishi, qolaversa, korxona faoliyati to‘xtatilishi mumkin. Hujjatlar tayyorlanib, sudga yuboriladi.
32 yil ichida ilk marta BMTTDning Inson taraqqiyoti indeksi 2 yildan beri ko‘p mamlakatlarda inqirozlar tufayli pasayib bormoqda. O‘zbekistonda esa ushbu indeks o‘sishni qayd etmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakat yangi global muammolarni hal qilishga tayyor turishi kerak, deb hisoblaydi BMTTD.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar Open budget platformasida ayrim loyihalarning qisqa muddat ichida minglab ovozlar to‘playotgani yuzasidan e’tirozlar bildirmoqda. Moliya vazirligi holatga munosabat bildirib, ovozlar qayta tekshirib chiqilishini ma’lum qildi.
Toshkentda 11 yoshli bolaning oyog‘i ariq panjarasiga qisilib qoldi. Shu kabi holat avvalroq Sirdaryoda ham kuzatilgandi. FVV yana bir marta ota-onalarni o‘z farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslikka chaqirdi.
9 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan 02:00 da Andijonda zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila magnitudasi epitsentr — Asaka tumanida 3,3 ballga teng bo‘lgan. Bundan yarim soatcha oldinroq esa Qirg‘izistonda yer qimirladi, uning ta’siri Toshkent, Sirdaryo va Jizzaxda sezildi.
9 sentabrdan «Reklama to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, bir qancha yangi tartib va cheklovlar o‘rnatilmoqda. Xususan, endi reklamaning o‘zi davlat tilida tarqatilishi shart. Qolaversa, milliy va oilaviy an’analarga zid obrazlar, mashhurlar va tibbiyot xodimlari siymosidan foydalanish taqiqlanadi.
12 sentabrdan boshlab Uzbekistan Airways har dushanba «Nukus — Mo‘ynoq» yo‘nalishida aviaqatnovni amalga oshiradi. Qolaversa, kompaniya faqat 9 sentabr kuni Nukusdan uchgan samolyot Mo‘ynoqda to‘xtab, keyin Toshkentga uchishini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. Qirolichaning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Charlz yangi monarx bo‘ladi. Mamlakatda 12 kunlik motam e’lon qilindi.
Toshkentda o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning ayol rahbarlari sammiti, Chilonzor prokuraturasi ro‘parasida yana daraxtkushlik, «O‘zbek tili» kitobida Murod Nazarov haqidagi matn, 57 ta timsoh bolasining ahvoli, asosiy stavkani 15% darajada o‘zgarishsiz qoldirgan MB va boshqalar — «Gazeta.uz»da kun dayjesti.
19 sentabrdan boshlab Estoniya, Latviya, Litva va Polsha rossiyalik sayyohlarning istalgan davlat tomonidan berilgan Shengen vizasi bilan mamlakatga kirishini to‘xtatadi. «Estoniyaga Shengen vizasi bilan kelmang, bu yerda sizni xush ko‘rishmaydi», — dedi Estoniya tashqi ishlar vaziri rossiyaliklarga.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida quruvchi tashkilot tomonidan 42 tup daraxt noqonuniy ravishda kesib yuborilgani aniqlandi. Buning oqibatida tabiatga 425 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Bosh prokuratura tashkilot mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
MDH davlatlari ichki ishlar vazirlari tomonidan tashkilotga a’zo mamlakatlar milliy qonunchiligiga muvofiq blokirovka qilinishi shart bo‘lgan internet-resurslarning yagona reyestrini yaratish muhokama qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting