O‘zbekiston Musulmonlar idorasi 30-iyun payshanba kuni Zulhijja oyining 1-kuni ekanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Qurbon Hayiti 9-iyul — shanba kuniga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonliklar ketma-ket 4 kun dam oladilar.
Iyun oyining oxirida ba’zi hududlarda bu oy uchun maksimal havo harorati bo‘yicha rekordlar yangilandi. O‘zgidrometning xabar berishicha, yaqin kunlarda havo harorati pasayadi. Iyul oyida tog‘li hududlardan boshqa joylarda yomg‘ir yog‘ish ehtimoli kam.
Filippin sobiq diktatorining o‘g‘li kichik Ferdinand Markos mamlakat prezidenti sifatida qasamyod keltirdi. 64 yoshli Markos saylovoldi tashviqotida oilasining o‘tmishdagi suiiste’molliklarini qoralashdan bosh tortdi.
Sud Toshkent shahar Yunusobod tumanida pichoq qo‘llanilgan oktabr mojarosi ishtirokchilari, shuningdek, Toshkent viloyatida fohishaxona tashkil etgan shaxslarga nisbatan hukmni o‘qib eshittirdi. Ularning ikki nafari qamaldi, yana ikki nafarining ozodligi cheklandi, bir nafari esa ozod qilindi.
Jomboy tumanidagi «Zarafshon» milliy tabiat bog‘iga qarashli o‘rmonda yong‘in kelib chiqdi. Uni 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji 2 soatdan ko‘proq vaqtda bartaraf etdi. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘qligi aytildi.
2-sonli Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov “Gazeta.uz"ga intervyusida koronavirusning hozirgi to‘lqini avvalgilaridan nimasi bilan farqlanishi, qaysi alomatlar kasalxonaga yotqizishni talab qilishi va qanday joylarda niqob taqish tavsiya etilishi haqida gapirdi.
Soliq qo‘mitasi yil boshidan 27 iyunga qadar iste’molchilarga jami 180 mlrd so‘m keshbek to‘lab berdi. Keshbek cheklarini taqdim etish bo‘yicha Korzinka, Havas va Makro savdo do‘konlari yetakchilik qilmoqda.
Samarqandda 29 yoshli ayol uksusdan zaharlanib, vafot etgan holat yuzasidan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Uni qaynonasi kamsitib kelgani aytilmoqda. Marhumadan oldingi kelin ham o‘z joniga qasd qilgani ma’lum bo‘ldi.
AQShning «Mercer» kompaniyasi dunyoning eng qimmat va eng arzon shaharlari reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Gonkong eng qimmat shahar deb topilgan bo‘lsa, Anqara esa eng arzon shahar deya e’tirof etildi. Toshkent esa arzon shaharlarning Top-10 taligida yettinchi o‘rinni band qildi.
Turkiyada 12 davlat o‘rtasida o‘tkazilgan merganlik bo‘yicha xalqaro musobaqada o‘zbekistonlik harbiylar ikkinchi o‘rinni egalladi. Ular lazerli masofa o‘lchagichdan foydalanmasdan harakatlanayotgan vertolyot va qayiqdan turib nishonlarni yo‘q qilishdi. Turk hakamlari O‘zbekiston jamoasi mahoratini yuqori baholadi.
Prezident yer uchastkalarini olib qo‘yish tartib-tamoyillariga oid qonunni imzoladi. Hujjat bilan qaysi holatlar jamoat ehtiyoji deb e’tirof etilishi va nimalarga kompensatsiya to‘lanishi belgilanmoqda. Qolaversa, mulk egasiga yetkazilgan noqulayliklar uchun obyektning 5 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezident imzolagan yer uchastkalarini olib qo‘yish tartib-tamoyillari to‘g‘risidagi qonun «xalqni bir necha yildan buyon qiynab kelgan muammolarga barham berishini» ta’kidladi. Hujjat kompensatsiya turlarini belgilab beradi va 3 mlnga yaqin uyni buzilishidan sug‘urtalaydi.
O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga «dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi» doirasida 9,2 mln so‘m pul beriladi. Uni olish uchun esa fuqaro tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik yo‘nalishlaridagi o‘z loyihasini maxsus komissiyaga taqdim etishi kerak.
Toshkent va Jizzax viloyatlarida chet el valyutasini noqonuniy tarzda muomalaga kiritganlikda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi. Ikki holatda jami 8700 dollarni 95 mln so‘mga ayirboshlashga chek qo‘yildi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda 30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogining uch nafar sovrindori — Xusain Norchayev, Hojimat Erkinov va Jasurbek Jaloliddinov «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi. Qolaversa, bokschi Elnur Abduraimov «Mard o‘g‘lon» mukofoti bilan taqdirlandi.
Tashqi ishlar vazirligi tizimida “yumshoq kuch” vositalari, jumladan, xalq, madaniy va sport diplomatiyasidan faol foydalanadigan boshqarma tashkil etildi. Unga vazir maslahatchisi Anvar Abduxalimov rahbarlik qiladi. Boshqarma xalqaro fond va muzeylardan milliy madaniy meroslarni qaytarishda ham ishtirok etadi.
Sayohatchi Timur No‘monov «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston bo‘ylab avtosayohatga qanday to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish kerakligini aytib berdi. Uning maslahatlari avtomobilda sayohat qilishda qulaylik va xavfsizlikka ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy xatolardan qochishga yordam beradi.
Prezident «Gazeta.uz» ning «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi qahramoni Shahlo Xodjayevani «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotladi. U AQShning Amazon kompaniyasida biznes-tahlil bo‘yicha muhandis sifatida faoliyat yuritadi.
Oxirgi vaqtlar koronavirusga chalinayotganlarning 90 foizi — emlanmagan kishilar. SES hozircha niqob rejimi joriy etilmagani, biroq «salomatlik va xavfsizlik uchun» niqob taqish tavsiya etilishini ma’lum qildi. Prezident ishtirokidagi yig‘ilishlarda rasmiylar niqob ko‘rinish bermoqda.
Uzbekistan GTL zavodida O‘zbekiston neft va gaz-kimyosi sanoatining tarixida birinchi sintetik GTL dizel mahsuloti ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Avvalroq mazkur zavodda ilk sintetik neft mahsuloti olingan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting