Qarshida xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun belgilangan jarimadan norozi bo‘lib yo‘lni to‘sgan taksi haydovchilarning 3 nafari 10 sutkaga qamaldi, yana 12 nafari ogohlantirildi.
1 iyundan 19 iyungacha Toshkent va Qarshi shaharlaridagi to‘rtta stadion futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Ilk bellashuvda Avstraliya U23 − Quvayt U23 olimpiya jamoalari maydonga chiqsa, musobaqaning rasmiy ochilish marosimi 1 iyun kuni «Paxtakor» stadionida boshlanib, O‘zbekiston U23 va Turkmaniston U23 jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan davom etadi. Barcha jamoalar va turnir o‘tkazilishiga mas’ul shaxslar O‘zbekistonga yetib kelgan. Musobaqa jadvali, stadionlar va boshqa tafsilotlar.
Prezident imzolagan qonunga muvofiq, ko‘p kvartirali uylar konstruksiyalarini noqonuniy o‘zgartirganlik va ularga tutash yerda qurilish ishlarini amalga oshirganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Huquqbuzar jismoniy shaxslar 9 mln so‘mgacha, mansabdorlar esa 15 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi. Qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs ixtiyoriy ravishda muammoni bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Antimonopoliya qo‘mitasi poytaxtda qolipli non («buxanka») narxining keskin ko‘tarilganiga munosabat bildirdi. «Un mahsuloti zahirasi shakllantirilgan bo‘lib, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda savdolarga qo‘yib boriladi», — deyiladi xabarda. Qo‘mita fuqarolardan sun’iy «ajiotaj» vujudga keltirmaslikni so‘ramoqda.
«Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi» media korporatsiyasi prezidenti Jeymi Flay Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda «Ozodlik» materiallari O‘zbekiston qonunchiligi va «jurnalist etikasiga» mos kelishi, qolaversa, jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistondagi, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,4 mln dollar ajratadi. Mablag‘lar ayollarni tadbirkorlik ko‘nikmalari va kasb-hunarga o‘rgatish, ularning faoliyatini mikromoliyalashtirish, qolaversa, murabbiylik va bandlik dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Pastdarg‘om tumanida ikki nafar shaxs hokimlik zaxirasidagi 70 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda 65 ming dollarga sotishga uringani aytilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari gumondorlarni kelishilgan mablag‘dan 32 ming dollarini olgan vaqtida ushladi.
budjet tashkilotlari xodimlarining 12 foizga oshirilayotgan ish haqi, malaka toifasiga qarab tibbiyot xodimlarining oshayotgan oylik maoshi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyozlar, ipoteka kreditining dastlabki badali qoplab beriladigan yosh vatandoshlar, xarajatlarining bir qismi to‘lanadigan mahalliy sayyohlar, volontyorlar uchun elektron platforma — 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?
1 iyundan boshlab paxta, kungaboqar yog‘i va urug‘i hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini eksport qilish vaqtincha taqiqlandi. Ushbu mahsulotlar ichki bozorda yetarli bo‘lgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi eksportni qayta tiklashi mumkin. Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi ham vaqtincha to‘xtatildi.
Jomboy tumanida 19 nafar fuqaro to‘yda ovqatdan zaharlanib, tibbiyot birlashmalariga murojaat qilgan. Ulardan 14 nafarining sog‘ligi qoniqarli, 5 nafari tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Samarqand viloyat IIB ijtimoiy tarmoqlarda to‘yda 200 kishi zaharlangani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
O‘zbekistonda 1 iyundan boshlab qolipli non («buxanka») narxi oshib, 2800 so‘mga sotilmoqda.
May oyida yillik inflyatsiya 2021 yil avgustidan beri birinchi marta 11%lik ko‘rsatkichga qaytdi. O‘tgan oyda inflyatsiya nooziq-ovqatlar sohasida eng kuchli bo‘lgan — 1,3%. Oziq-ovqatlar 1,2%ga, xizmatlar esa 0,4%ga qimmatlagan.
Qarshida 27 yoshli fuqaroning jasadi uyidan qotillik alomatlari bilan topildi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi uni 18 yoshli fuqaro o‘ldirganlikda ayblanayotganini ma’lum qildi, gumonlanuvchi hibsga olindi.
Yanvar-may oylarida O‘zbekistonda chaqaloqlarga qo‘yilgan eng mashhur ismlar Soliha va Muhammadali bo‘ldi. Ular 2021 yilning I choragi va 2020 yilda ham eng ko‘p qo‘yilgan ismlar qatoridan joy olgandi.
Jizzax viloyatining to‘rtta hududida giyohvandlik moddalarini yetishtirish va sotishga urinish holatlari fosh etildi. Jumladan, urgutlik shaxs Baxmal tumanida to‘xtatib, tekshirilganida, uning yonidan 968,79 gramm opiy borligi aniqlangan.
YeXHTning amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau O‘zbekistonga tashrif buyuradi. U prezident, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va parlament palatalari rahbarlari bilan uchrashadi.
Andijonda Andijon davlat chet tillar instituti tashkil etilmoqda. OTM birinchi talabalarni joriy yilda qabul qiladi. Talabalar ikkita chet tili bo‘yicha malakaga ega bo‘lishadi.
May oyida inflyatsiya 1 foizgacha tezlashdi, o‘tgan yilning may oyida esa bu ko‘rsatkich 0,5 foizni tashkil etgan edi. Prezident barcha mahalla va qishloqlarning asosiy mahsulotlar bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rganish, zarur hollarda boshqa hududlardan yetkazib berishni tezlashtirish bo‘yicha hokimlarga topshiriq berdi. Parrandachilik korxonalariga tuxum narxini oshirmagani uchun minnatdorchilik bildirib, ularni qo‘llab-quvvatlash choralarini ma’lum qildi.
Ta’sischilari orasida Alisher Usmonovning USM xoldingiga qarashli «Metalloinvest» sho‘ba korxonasi ham bo‘lgan Torgoviy Dom Metalloinvest Vostok kompaniyasi Toshkentdagi sobiq davlat mehmonxonasini xususiylashtirish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Kompaniya obyekt uchun 78,7 mlrd so‘m taklif qildi.
Chorshanbadan Toshkent metropolitenining 15 ta stansiyasida avval soat 7:00 dan 19:00 gacha ishlagan ikkinchi vestibyullar endi soat 5:00 dan yarim tungacha ochiq bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting