O‘zbekistonda 2022-yil may oyida joriy etilgan oq va chiziqli kungaboqar urug‘larini eksport qilishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. Mazkur chora urug‘chilik korxonalarining eksport salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
O‘zbekistonning davlat va xususiy qarzni o‘z ichiga oluvchi tashqi qarzi 9 oy yakunlariga ko‘ra 60,2 mlrd dollarga yetdi. Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 7,2 mlrd dollarga ko‘paydi.
Uzbekistan Airways ilk bor bir yilda 6 million yo‘lovchi tashidi. Yubiley yo‘lovchi Toshkentdan Olmaotaga uchayotgan Qozog‘iston fuqarosi Nikolay Kurilo bo‘ldi. O‘tgan yili kompaniya 5 million yo‘lovchi tashigandi.
Prezident 2025-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. YIM 6% o‘sishi, inflyatsiya 7−8% gacha pasayishi kutilmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasi YIMga nisbatan 4% dan 3% gacha (49,3 trln so‘m) tushirildi, tashqi qarz limiti 5,5 mlrd dollargacha oshirildi.
2023-yilning kuzida ochilgan Zomin aeroporti vaqtincha yopildi. Bu yerda magistral samolyotlarni qabul qilish uchun sharoit yaratish maqsadida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda.
Soxta tadbirkorlik, narx manipulyatsiyasi va soliqdan qochish sxemalari ustidan nazoratni kuchaytirish orqali besh yil ichida yashirin iqtisodiyotni ikki barobar qisqartirmoqchimiz, dedi Soliq qo‘mitasi vakili. Unga ko‘ra, ushbu choralar 2025-yilda davlat budjetiga 20 trln so‘m jalb etish imkonini beradi.
01 888 BBB avtomobil raqami auksionda rekord darajadagi 965,25 mln so‘mga (taxminan $75 ming) sotildi. Savdo 3 soatdan ortiq davom etdi, ishtirokchilar 62 ta taklif kiritdi.
Respublika oliy ta’lim kengashi xususiy oliygohlar kontraktdan tushadigan pullarning 4 foizini Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazib berishini istamoqda. Deputat Dilmurod Artiqov bu to‘lovning qaysi asos bilan joriy etilayotganini so‘rab, bosh prokurorga so‘rov yubordi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 66,4 mln dollarlik krediti O‘zbekistonning Xorazm viloyatida 230 km uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ini qurishga yo‘naltiriladi.
Xitoyning Sheng Ke-International kompaniyasi Toshkent shahridagi 1,83 gektar maydondagi mulk va “Askiya” bozori hududi bo‘yicha savdolar g‘olibi bo‘ldi. Ikki qatnashchi ishtirokidagi auksion 15 daqiqa davom etdi va 225,59 mlrd so‘mlik bitta stavkadan so‘ng yakunlandi.
Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroporti hududida joylashgan maydonlarni ijaraga berish uchun tegishli lotlarni auksionga joylashtirdi. Tez kunlarda poytaxt aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminalida kitob do‘koni tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Qoraqalpog‘istonda 3 ta asosiy yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilib, takliflar tayyorlanadi va hokimlarga yetkaziladi. Prezident ko‘p energiya talab qiluvchi yirik loyihalarni ushbu hududda joylashtirish kerakligini ta’kidladi.
Markaziy bankning bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi ilk bor 12 900 so‘mdan oshdi. Yil boshidan buyon milliy valyuta 2023-yilning shu davridagi 10,2% ga nisbatan 4,56% qadrsizlandi.
Jahon banki “Milliy elektr tarmoqlari” Xorazm viloyatidagi yangi quyosh elektr stansiyasidan elektr energiyasi xarid qilishi uchun O‘zbekistonga bank kafolati ko‘rinishida 3,5 mln dollar ajratdi. Uni Fransiyaning Voltalia kompaniyasi quradi.
Tadbirkor, Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev prezident bilan uchrashuvda poytaxtda “yagona ekotizim doirasida” 1200 o‘rinli oltita yangi mehmonxona ochish rejalari haqida ma’lum qildi. Shuningdek, u Klivlenddagi Amerika tibbiyot markazi bilan birgalikda katta klinika qurishni rejalashtirgan.
Gruziyaning TBC Bank Group guruhi vakili Oliver Xyuz banklarga foydalanuvchi ma’lumotlarini “bulut"da saqlashga ruxsat berishni so‘radi. Prezident aqliy hujum o‘tkazish va takliflar kiritishni buyurdi. “Gap fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari haqida ketyapti… Bu yerda xato qilishga haqqimiz yo‘q”, — dedi u.
O‘zbekistonda gaz qazib olish noyabr oyida ham pasayishda davom etdi va 3,67 mlrd kub metrgacha tushdi (2023-yil noyabriga nisbatan -3,3 foiz). Ko‘rsatkich 11 oyda deyarli 2 mlrd kub metrga kamaydi. Dizel ishlab chiqarish 37,1 foizga, benzin 12,4 foizga, neft 8,7 foizga kamaydi.
Prezident farmoni bilan hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Farmonga ko‘ra, hokimliklarga balansidagi ko‘chmas mulklarni muayyan shartlar asosida tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 10 yilga ijaraga berish vakolati berilmoqda.
O‘zbekiston ichki gaz ishlab chiqarish hajmi kamayishi va import 1,55 mlrd dollarga yetganiga qaramay, gaz eksport qilishni davom ettirmoqda. Yil boshidan buyon xorijiy davlatlarga “ko‘k yoqilg‘i” yetkazib berish qariyb 600 mln dollarga yetdi. Xitoy 667,4 mln dollarlik o‘zbek gazini import qilganini bildirdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning ma’lum qilishicha, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi 27-dekabrdan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va qo‘shma temiryo‘l kompaniyasi loyiha bo‘yicha investitsiya bitimini imzoladi (tafsilotlar).
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting