O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. “Biz O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini intiqlik bilan kutyapmiz va bu a’zolik unga ko‘proq savdo va investitsiyalar olib kelishiga ishonamiz”, — dedi Tailand vakili.
Noyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 1,67 milliard dollarga qisqarib, 43,1 milliard dollarga tushdi. Ko‘rsatkich oltin narxining pasayishi fonida iyun oyidan beri birinchi marta kamaydi. Markaziy bank 9 tonna qimmatbaho metall xarid qildi.
Shahrisabzda “G‘elon” turistik-rekreatsion zonasi avval ko‘zda tutilganidan kattaroq — 2,9 ming gektar maydonda quriladi. Bu uchun rossiyalik investorlardan 300 mln dollar jalb qilish, qurilishni 2030-yilgacha 3 bosqichda yakunlash rejalashtirilmoqda. Prezident loyihani bajarish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov qishda ko‘chalarni qor va muzdan tozalashga mo‘ljallangan 305 ta maxsus texnika imkoniyatlari bilan tanishdi. 80 ta qor tozalovchi, 24 ta qum-tuz sepuvchi, vakuumli supuruvchi mashinalar shular jumlasidan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston xalqi milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov turkman tabiiy gazini O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib oldi. Tomonlar, shuningdek, yaqin kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan qo‘shma gaz loyihalarini ham muhokama qildi.
Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, “Chorvoq darvozasi” loyihasi bilan tanishdi. 25 gektar maydondagi sayyohlik majmuasida 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, 2 ta supermarket, shuningdek, Chirchiq daryosi ustidan shishali ko‘prik qurish reja qilinmoqda.
“O‘zavtosanoat” rahbari 2030-yilga borib mahalliylashtirish hisobiga importni 500 mln dollarga qisqartirish va milliondan ortiq ish o‘rni yaratishni reja qilayotganini ma’lum qildi. “Shuncha yildan beri davlat qo‘llab kelmoqda, uning rivojida salmog‘imizni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar qo‘yilgan”, — dedi u.
Prezidentga avtomobil sanoatining 2025-yilgi rejalari taqdim qilindi. Unda BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga elektromobil tannarxini pasaytirish mumkinligi qayd etildi.
Binance birjasida bitkoin kursi 100 ming dollardan ko‘tarildi. Ekspertlar kriptovalyutalarga himoya aktivi sifatida qiziqish ortganini qayd etdi. Bitkoin kursi Tramp g‘alabasidan beri sezilarli ko‘tarilib bormoqda.
O‘zbekiston deputatlari 3 o‘qishda vazirlik va idoralarning 2024-yildagi xarajatlarini 9,98 trln so‘m yoki 775,8 mln dollarga oshirishni ma’qulladi. Ular hujjatni muhokama qilmadi, savollar va qarshi ovoz bermadi. Jarayon atigi 9 daqiqa davom etdi. Hech kim xarajatlarni oshirish zarurligini asoslab bermadi.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash rejalari bilan tanishdi. Unga ko‘ra, 2025-yildan hudud kartoshka, meva, parranda go‘shti va tuxum bo‘yicha o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlashga o‘tadi. Buning uchun xorijiy investorlar ishtirokida 16 ta yirik loyiha shakllantiriladi.
Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi import sementga nisbatan antidemping tekshiruvi o‘tkazmoqda. Qurilish materiali asosan Qozog‘iston va O‘zbekistondan yetkazildi. Avvalroq iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar narxlar dempingiga yo‘l qo‘yganini aytgandi.
So‘m ketma-ket to‘rtinchi oy dollarga nisbatan biroz qadrsizlandi. Noyabr oxirida dollar deyarli 91 so‘mga (+0,71%) mustahkamlandi. Umuman olganda, yil boshidan buyon milliy valyuta o‘tgan yilning shu davridagi 9,5% ga nisbatan atigi 4,3% devalvatsiyaga uchradi.
Prezidentga Farg‘ona viloyatini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdim etildi. Kelasi yilda viloyatga 3,7 mlrd dollar investitsiya jalb etish, eksport hajmini 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Tojikiston bilan chegaradosh Beshariq tumanida Termizdagi kabi savdo-logistika markazi qurilishi boshlandi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati yashil master-rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekistonga 9 mln yevro miqdorida grant ajratadi. Bu bo‘yicha mamlakat Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda jamiyat o‘rtasida kelishuv imzolandi.
RISE Research tadqiqoti natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston kriptoaktivlarni qabul qilish bo‘yicha global indeksda Markaziy Osiyo va Kavkazda birinchi o‘rinni egallab turibdi. 2023-yili yarim mln fuqaro kriptoaktivlarga egalik qilgan, kriptoindustriyadagi provayderlarning aylanmasi esa mlrd dollardan oshgan.
Navoiy shahrida Yandex Go taksi xizmati yo‘lga qo‘yildi. Safarlarning minimal narxi 4000 so‘mdan boshlanadi.
Tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekistondagi aksar korxonalar JST talablariga javob beradigan mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidladi. “Katta bir zarar yoki qo‘rqinchli hodisa yuz beradi deb o‘ylamayman”, dedi u.
Deputat Alisher Qodirov maktab darsliklarining ijara to‘lovini joriy etish masalasini qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytdi. U, shuningdek, o‘qituvchilarning maoshlarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi: “Yaxshi o‘qituvchilar ko‘proq, yomon ishlayotganlar esa kamroq oladigan raqobatli tizim yarataylik”, — dedi u.
Toshkentda elektr energiyasi behuda sarflanishiga qarshi reydlar amalga oshirilmoqda. Prokurorlar tadbirkorlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzib, ularni jarima va elektr tarmog‘idan uzish ehtimolidan ogohlantirmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting