Universalbank kuzatuv kengashi rahbari Anvar Irchayev 7 kishi kartalaridagi pul o‘g‘irlangani bo‘yicha ariza bilan murojaat qilganini ta’kidladi. Gap 300 mln so‘m haqida ketmoqda. Hozirda huquq-tartibot idoralari pul o‘tkazilgan kartalar foydalanuvchilarini aniqlamoqda. Humo rahbari ham vaziyatga izoh berdi.
“Mening birinchi uyim” dasturi bo‘yicha prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Imtiyozli uylar so‘nggi 5 yilda uy-joyga egalik qilmagan oilalarga 20 yil muddatga bo‘lib to‘lash shartida sotilishi, oylik to‘lovning bir qismini qoplash uchun 5 yil davomida har oy 1 mln so‘m subsidiya ajratilishi kutilmoqda.
18-dekabrdan QIWI Uzbekistan ilovasi faoliyati to‘xtaydi. Kompaniya foydalanuvchilardan Uzcard va HUMO kartalariga pul o‘tkazib olishini so‘radi. Xizmat ilovaning yopilishini O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan xalqaro pul o‘tkazmalariga joriy etilgan taqiqdan keyingi cheklangan funksionallik bilan izohladi.
UzAuto Motors Chevrolet Onix`ning beshta pozitsiyasi narxini sezilarli darajada oshirdi. Endi eng arzon Onix 149 mln so‘m o‘rniga 177 mln so‘mdan sotilmoqda. Kompaniya narxlarning oshishi sabablarini ochiqlamadi.
O‘zbekistonga gaz yetkazib berish boshlanishi bilan “Gazprom” Rossiya gaz transporti tizimidagi oqimlarni qayta konfiguratsiya qilish, shuningdek, mamlakatdagi yerosti gaz saqlash tizimi ishini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi, dedi “Gazprom PXG” bosh direktori Igor Safonov.
Prezident Jizzax viloyatida 550 MVtlik bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Investor va loyiha kompaniyasi 500 mln dollarlik investitsiya jalb etish majburiyatini oladi, davlat kompaniyalari esa 25 yil davomida elektr energiyasi sotib olish, gaz va suv yetkazib berishni kafolatlaydi.
Humo to‘lov tizimi xakerlar O‘zbekiston banklariga hujum qilgani va Humo kartalaridan yirik miqdorda pul o‘g‘irlagani haqidagi xabarlarni rad etdi. Markaziy bank ham banklar va to‘lov tizimlariga hech qanday kiberhujum bo‘lmaganini bildirdi.
Hokimliklarga aholi va biznesdan “snos” yoki mulkni olib qo‘yish bo‘yicha qarzi bo‘lgan holatda, budjet daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismidan mablag‘ sarflash taqiqlanadi. O‘zbekiston hukumati qonun hujjatlariga bu bo‘yicha tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.
Rossiyaning Ozon marketpleysi O‘zbekiston hududida faoliyat boshladi. Kompaniya 2024-yilda mamlakatda o‘zining logistika infratuzilmasini, jumladan, ombor majmualari va yetkazib berish xizmatlarini, shuningdek, brendlangan topshirish punktlarining franshiza tarmog‘ini rivojlantirish niyatidaligini ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yilgi davlat budjeti loyihasida “dekret puli” prognozi qisqarganini izohlarkan, 2023-yilda xususiy sektorda ishlayotgan 130 ming ayolga 300 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgani, biroq 9 oyda atigi 12 ming ayolga 24,6 mlrd so‘m nafaqa berilganini qayd etdi.
Markaziy bank Brio Group MCHJning (Oson brendi) to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyasini tikladi. Kompaniya litsenziyasining amal qilish muddati 17-oktabrda to‘xtatib qo‘yilgandi. Undan avval esa Oson`ga qonun talablarini buzgani uchun jarima sanksiyasi qo‘llangan.
O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi vositalarni joriy etish maqsadida biznesni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilmoqda. U kapitalni moliyalashtirish, xizmat ipotekasi va boshqa yordamlarni ko‘rsatadi. Kompaniya budjetdan 1,2 trln so‘m va 100 mln dollarlik kreditlar oladi.
Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov mamlakatning g‘arbiy viloyatlarini O‘zbekiston bilan bog‘lash uchun Beyneu-Shalkar avtomobil yo‘li qurilishini ma’lum qildi. Bu yo‘l Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yo‘lagi shakllantirishni yakunlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston temiryo‘l kompaniyalari rahbarlari Hayraton — Naybobod — Mozori Sharif temiryo‘lining bir qismini ta’mirlashga kelishib oldi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari Zufar Narzullayev ta’mirlash ishlarini “sifatli, qulay narxda va 50 foizlik chegirma bilan amalga oshirishga” va’da berdi.
Turkiyaning Albayrak Holding kompaniyasi O‘zbekiston shaharlarida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi avtomatlashtirilgan foto va video qurilmalarni o‘rnatish loyihasini amalga oshirmoqda.
2024-yil 1-yanvardan mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshiriladi. Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.
ACWA Power kompaniyasi aksiyadori bo‘lmish Vision invest xoldingi O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni boshqarish uchun Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasini ochmoqda.
Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida quvvati 400MVt bo‘lgan gaz porshenli elektr stansiyasi qurilishiga 250 mln dollar sarmoya kiritadi. Kompaniya avval Buxoro va Toshkent viloyatlarida ham ikkita IES qurgan.
Prezident bog‘ va tokzorlarni yiliga kamida bir marta xatlovdan o‘tkazish, samarasiz deb topilsa, yer solig‘idan berilgan imtiyozni bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi. Shuningdek, go‘sht, tuxum va sut ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, kreditlar muddatini oshirish va boshqa vazifalarni belgiladi.
O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xizmatini yolg‘ondan chaqirganlik holatlari yuzasidan nizom ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, yolg‘on murojaat qilganlarni xizmatning bir martalik chaqiruv xarajati — bugungi kunda 178 ming so‘m miqdorida jarimaga tortish taklif etilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting