Humo to‘lov tizimidagi davlat ulushi to‘liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi. Uzcard`ga raqobatchi sifatida tashkil etilgan milliy protsessing markazining bunday o‘zgarishi tushuntirilmagan.
Davlat soliq qo‘mitasi 1-dekabrdan boshlab Yandex Go xizmati O‘zbekiston hududida soliq rezidenti — “YandexGo UB” MCHJ tomonidan taqdim etilishini ma’lum qildi. Avvalroq qo‘mita Yandex Go`dan soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, soliqlarni to‘lash va mijozlarga fiskal chek taqdim etishni talab qilgandi.
Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 mln dollar imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha orqali 9000 ga yaqin yoshlar, shu jumladan, 360 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ITES kompaniyalarida ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Qozog‘istonning magistral neft quvuri milliy operatori “Kaztransoyl” 2024-yilda Rossiya neftini O‘zbekistonga tranzit qilishni uch baravarga oshirmoqchi. Yetkazib berish hajmini 154 ming tonnadan 500 ming tonnagacha ko‘paytirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston “Rosatom” bilan AES qurish masalasini muhokama qilishda davom etmoqda, dedi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Uning aytishicha, nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlarning ham tajribasi o‘rganilmoqda. “Rosatom” rahbari avvalroq tomonlar “shartnoma imzolashdan yiroqda emas”ligini aytgandi.
O‘zbekiston energetika vaziri qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energiya resurslari tanqisligini qanday qoplashni rejalashtirayotgani haqida gapirdi. Rejaga ko‘ra, mazutdan elektr ishlab chiqariladi, yirik korxonalarni tungi ish rejimiga o‘tkaziladi, AGTKSHlarga gaz yetkazib berish qisqartiriladi.
O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda yangicha moliyalashtirish tizimiga o‘tilib, klaster va fermerlarga bu uchun 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yilga 14 foizli kredit ajratiladi. Bank va ta’minotchilar bilan shartnoma imzolash uchun ochiq elektron platforma ishga tushiriladi.
Prezident suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha yig‘ilishda bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi. Suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyot yiliga 5 mlrd dollar daromadni boy berayotgani sabab suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi.
“O‘zkimyosanoat”ning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston dunyoda birinchi bo‘lib yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu bilan o‘g‘it ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni qisqartirish va har yili qariyb 33 mln metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish maqsad qilingan.
2023-yilda 2 GVt, 2024-yilda esa yana 4 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Prezident ular uchun kabel, generator, invertor, transformatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi va elektrotexnika tarmog‘iga 100 mln dollar ajratilishini ma’lum qildi.
Prezident eng ko‘p iste’mol qilinadigan 50 ta dorini O‘zbekistonda ishlab chiqarish orqali farmatsevtika sohasida mahalliylashtirish ulushini 35 foizga yetkazish topshirig‘ini berdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi ulushini 40 foizga oshirish, shuningdek, original dorilar yaratishni boshlash rejalashtirilmoqda.
Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish yuzasidan shartnoma bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda ekanini ta’kidladi. “Shartnoma yuzasidan ishlar ancha qizg‘in davom etmoqda, umuman olganda, biz shartnoma imzolashdan yiroqda emasmiz”, — dedi u.
Transport vazirligi poytaxtda avtobusning yengil transportga nisbatan samaradorligi 135 barobarni tashkil etayotganini ma’lum qildi. Tahlillarga ko‘ra bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda o‘rtacha 4,3 nafar, bitta avtobusda esa o‘rtacha 580 nafar yo‘lovchi tashilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan endi mehmon uyi, xostel, o‘tovli va chodirli oromgoh faoliyatini tashkil etish istagini bildirgan shaxs davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi. Davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Turkmanistondan gaz import qilish bilan parallel ravishda uzoqroqda bo‘lgan Rossiyadan ham gaz import qilayotgani haqida gapirib, masalaning siyosiy oqibatlariga izoh berdi. “Siyosiy omillarga bog‘lash noto‘g‘ri deb o‘ylayman, bu tijoriy munosabatlar”, dedi u.
Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha xizmatlar uchun 3500 so‘mdan 5000 so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi yangi to‘lov tariflari belgilandi. Respublikaning boshqa hududlarida ham yangi tariflarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Prezident farmoni bilan falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasini, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarini internet orqali jonli efirga uzatish belgilandi.
Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish loyihalariga start berildi.
Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Holid al-Falih boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasida 12 mlrd dollarlik kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, yana 11 mlrd dollarlik loyiha va dasturlarni ilgari surishga kelishildi. Shavkat Mirziyoyev vazirni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.
O‘zbekistonda oktabr oyi yakuni bo‘yicha barcha avtotransport vositalarining sotuvi 24 foizga o‘sib, 183 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan 62 foizga ko‘paydi. Oy davomida qariyb 40 mingta yangi mahalliy avtomobil sotildi, elektromobillar sotuvi esa 26 foizga kamaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting