Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2024-yilgi soliq o‘zgarishlariga ko‘ra, bir qator soliq imtiyozlari bekor qilinadi, shakarli gazlangan ichimliklar uchun aksiz solig‘i, shinalar uchun utilizatsiya solig‘i, og‘irligi 10 tonnadan ortiq yuk avtomobillariga yo‘l yig‘imi va boshqalar joriy etiladi.
O‘zbekiston va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida strategik memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, gaz ta’minoti va tashish, shuningdek, uglevodorodlarni geologiya-qidirish hamda qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra oltin xarid qilish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi. Markaziy bank ushbu davrda 7 tonna oltin sotib olgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonning 2024-yilgi davlat budjeti loyihasini e’lon qildi. YAIM o‘sishi 5,6−5,8 foiz, inflyatsiya 8−10 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasini 3 foiz o‘rniga 4 foiz (52,5 trln so‘m) darajasida tasdiqlash taklif etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda 2023-yil 20 ta, 2024-yilda 38 ta kichik va mikro GES qurish rejalashtirilgani, biroq ayrim loyihalar kechikayotgani aytildi. Viloyat hokimlari yaqin oylarda bu yilgi 20 ta stansiya ishga tushirilishi haqida axborot berdi.
O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqishga ruxsat berildi. Shuningdek, YATTlar o‘z zargarlik buyumlarini deklaratsiyani to‘ldirgan holda ma’lumotlarni TSOYAEATga kiritmasdan chetga sotish uchun olib chiqishlari mumkin.
1-noyabrdan Toshkent jamoat transportida bank kartalari orqali to‘lov qilinsa, yo‘l haqi narxi ATTO kartasi bilan to‘langani kabi bo‘ladi — 1700 so‘m. Biroq bir soat ichida boshqa transportga o‘tishdagi chegirma faqat ATTO uchun amal qiladi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov regulyatorda nobank tashkilotlarga valyuta ayirboshlash shoxobchalari ochishga ruxsat berish niyati yo‘qligini ma’lum qildi. Shuningdek, u banklar valyuta ayirboshlash shoxobchalari sonini o‘z ehtiyojidan kelib chiqib ko‘paytirishini ta’kidladi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov to‘rtta bank ustav kapitalini o‘z vaqtida talab etilgan darajagacha oshirmaganini ma’lum qildi. “Poytaxt bank” sotuvga qo‘yilgani uchun unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanmagan, yana ikkita bankka esa majburiyat qo‘yilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yiliga 3 mlrd dollarga yetkazmoqchi. “Tolibon”, shuningdek, Afg‘oniston yuklarining O‘zbekiston orqali tranziti uchun to‘lovlarni kamaytirishni so‘ragan.
Humo to‘lov tizimi faoliyatidagi muammolar dasturiy ta’minot to‘liq yangilangani bilan bog‘liq, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Markaziy banki rahbari Mamarizo Nurmuratov.
Uchinchi chorakda O‘zbekiston Markaziy banki 19,5 trln so‘mga oltin sotib oldi, biroq 22,8 trln so‘mlik (1,9 mlrd dollar) valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi.
Internetda 30-oktabrdan boshlab Chevrolet avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar qayta tiklanishi haqida mish-mishlar tarqaldi. UzAuto Motors kompaniyasi bu ma’lumotni rad etib, dilerlik markazlarida katta navbatlar hosil bo‘lganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Gruziyadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Gruziya tomoni o‘zbek biznesiga Qora dengizda port va terminallar qurishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston va Yevroittifoq iqlimga bezarar sanoat, raqamli texnologiyalar, aerokosmik va mudofaa sohalarini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan foydali qazilmalar — muhim xomashyo sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini muhokama qilishni boshladi.
Iqtisodchi Sergey Guriyevning ta’kidlashicha, senzura sharoitida o‘tkazilgan ijtimoiy fikr so‘rovnomalari asosidagi xulosa chalg‘ituvchi bo‘ladi. U bunga misol sifatida sovet davrini ko‘rsatadi: o‘sha vaqtda hamma og‘izda kompartiyani qo‘llagan, lekin ittifoq parchalaganida uning himoyasi uchun hech kim ko‘chaga chiqmagan.
Shavkat Mirziyoyev energetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlari bilan tanishdi. 2024-yil oxirigacha elektr energiyasining yagona savdo maydonchasini yaratish, 2026-yilgacha esa erkin ulgurji bozorni joriy etish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda raqamni saqlagan holda uyali aloqa operatorini o‘zgartirish xizmati ishga tushirildi. Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o‘zi o‘tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat qiladi va mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.
Markaziy bank kelgusi yillarda pul-kredit siyosati ta’sirchanligini oshirishda imtiyozli kreditlash amaliyotini qisqartirish va bozor tamoyillari asosida shakllanuvchi foiz stavkalariga o‘tish borasida choralarni davom ettirishini bildirdi.
O‘zbekiston Markaziy banki 16 ta bankni mijozlarga kredit va omonatlar haqidagi ma’lumotlarni to‘liq oshkor etmagani uchun jarimaga tortdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting