Xitoyning Henan kompaniyasi O‘zbekistondagi ko‘mir konini o‘zlashtirish uchun 400 mln dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Turkiyaning Bab Energy ve Petrol Urunleri A.S kompaniyasi esa Toshkent viloyatida boyitilgan kaolin ishlab chiqarish niyatida.
O‘zbekiston BYD bilan V, S va budjet avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ularning namunalari xitoylik hamkorlar sinovidan o‘tkazish uchun laboratoriyaga topshirildi. Avvalroq zavod 3 ta yangi model: E2, Seagull va Yuan`ni ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.
Prezident budjet mablag‘larining sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Hisob palatasi budjetdan tashqari jamg‘armalar va tashqi qarz hisobidan qilingan xarajatlarni qamrab olish imkonini beruvchi konsolidatsiyalashgan budjet auditini o‘tkazishni taklif etmoqda.
O‘zbekistonda biznes va boshqa yuridik shaxslar ilgari elektr energiyasi uchun 1 kVt/soat 900 so‘m bo‘lgan tarifda belgilangan limitdan 10 foizga oshib ketsa, 960 so‘mdan to‘lardi. Endi ortiqcha hajmga 2 baravargacha bo‘lgan tarif (1800 so‘m) qo‘llanadi. HET yangi qoidalarni tushuntirdi.
Xitoy hukumati, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Transport vazirligi ushbu shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.
Energetika vazirligi yaqin istiqbolda elektr energiyasi uchun oylik 200 kVt soatgacha bo‘lgan bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emas deya ta’kidladi. Vazirlik ma’lum qilishicha, iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.
Afg‘oniston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifida yuk tashuvlar uchun to‘lov va yig‘imlarni kamaytirish hamda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi tranzit bitimi muhokama qilindi. Tomonlar Hayraton-Mozori Sharif temiryo‘l liniyasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha shartnoma muddatini yana 6 oyga uzaytirdi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari sifatidagi missiyasini yakunlagan Marko Mantovanelli “Gazeta.uz” bilan suhbatda mamlakat uchun ustuvor islohotlar, xususiy monopoliyalardan qutulib qolish haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U bozor iqtisodiyotiga o‘tishni oxiriga yetkazishga chaqirdi.
Iyun oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 293,7 million dollarga kamayib, 36,34 milliard dollarni tashkil etdi. Oltinning jismoniy hajmi 9,3 tonnaga oshdi, ammo valyuta zaxiralari deyarli 800 million dollarga kamaydi.
Open Budget tarkibidagi “Mening bog‘im” loyihasining 1-mavsumida 215 ta tashabbus g‘olib bo‘ldi. Ularni moliyalashtirishga 48,6 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
O‘zbekistonda olti oyda 550 mlrd 290 mln so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 4537 ta iste’molchi qoidabuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ygan.
Raqobat qo‘mitasi Maxam-Chirchiq mahsulotlari narxini belgilashda me’yoriy hujjatlarga rioya etilmagani uchun mineral o‘g‘itlar narxi 10−15 foizga oshganini ma’lum qildi. Korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Yandex Uzbekistan kuzda mamlakatdagi biznesini rivojlantirish va xizmatlarni kengaytirish maqsadida Toshkentda ofis ochishni reja qilmoqda. Kompaniya o‘zbekistonlik dasturchilar uchun IT-amaliyot dasturini ham ishga tushiradi.
S&P birinchi marta O‘zbekistondagi eng yirik korxona hisoblangan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga kredit reytingini berdi. 2023-yilda NKMK dunyodagi to‘rtinchi yirik oltin qazib oluvchi (90,2 tonna) bo‘lgandi, biroq suv bilan bog‘liq, shuningdek, bitta konga qaramlik xavflari mavjud.
Mobiuz mobil operatorida balans va qoldiqlarni tekshirish, yangi xizmatlarni faollashtirish, hisobni to‘ldirish, yangi raqamlarni ulash kabi xizmatlar ishlamayapti. Mobil internet, qo‘ng‘iroqlar va SMS odatdagidek ishlamoqda. Kompaniya profilaktika ishlari davomida abonentlar aloqadan uzilib qolmasligini bildirdi.
Soliq qo‘mitasi E-aktiv (E-ombor) tizimidan joriy etish murakkabligi tufayli voz kechdi, dedi tashkilot raisi Sherzod Kudbiyev. U, shuningdek, mahallalarda sotiladigan preparatlar ma’lumotlarini taqdim etuvchi dorilar markirovkasi va dorilarga QQS qaytarilgandan keyingi o‘zgarishlar haqida gapirdi.
Raqobat qo‘mitasi lift importi muammosini hal qilish uchun hukumat va Geologiya vazirligiga takliflar kiritdi. Xususan, tadbirkorlarning bekor qilingan 17 ta muvofiqlik sertifikatini tiklash, liftlarni sinovdan o‘tkazish xizmatlari bozoriga xususiy sektorni jalb qilish taklif etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi Lukoil Overseas Supply and Trading kompaniyasiga nisbatan ish ochdi. Qo‘mita birja orqali mahsulotlarni sotishda texnik oltingugurt narxi manipulyatsiyasi alomatlarini aniqladi, buning ortidan uning narxi o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha ko‘tarilgan.
5-iyul kuni soat 10:00 da UzAuto Motors belgilangan muddatda to‘lov qilinmagani tufayli avvalgi kontraktatsiyadan chiqarilgan Cobalt avtomobillari kontraktatsiyasini qayta ochadi.
2017-yilda joriy etilgan tibbiy texnika va retseptsiz beriladigan dorilarga nisbatan narx cheklovi bekor qilinadi. Hozir cheklangan ustama distribyutorlarga 15%, dorixonalarga 20% ni tashkil etadi, u faqat retsept bo‘yicha beriladigan dorilar uchun qoladi. Shuningdek, farmkorxonalar QQS to‘lovchiga aylanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting