Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jamg‘armaning ustav kapitali 50 mln dollarni tashkil etadi. Kelgusida bu summani 200 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaradosh hududida logistika markazini qurish loyihasi faol bosqichda ekani ham ma’lum qilindi.
Prezident yil boshidan beri mamlakatga 3 mingga yaqin xorijiy IT-mutaxassis kelgani va ularning asosiy qismi shu yerda uzoq muddat qolib ishlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy loyihalar orqali 1000 nafar yoshlarning IT-parklarda malakasini oshirishga ko‘rsatma berildi.
Prezident O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markaziga aylantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi. Buning uchun IT eksportini yil yakunigacha 100 mln dollarga yetkazish, yana 6 ta hududda IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va kamida 20 tadan kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi aytildi. «Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Adliya vazirligi 2100 ta umumiy ovqatlanish korxonalarini o‘rgangan holda ushbu sohada juda ko‘p tekshiruvlar va murakkab soliq ma’muriyatchiligi mavjudligini aniqladi. Umumiy ovqatlanish korxonalarining 60 foizi soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaydi, 30−40 foizi esa «soyada» ishlaydi, deya hisoblaydi vazirlik.
«O‘ztransgaz» kompaniyasi 257 mln dollar, shu jumladan «Gazprombank» dan 57,5 mln dollar miqdorida qo‘shimcha qarz mablag‘larini jalb qiladi. Kompaniyaga tabiiy gaz bo‘yicha debitorlik va kreditorlik qarzlarini qisqartirish, davlat korxonasining moliyaviy hisobotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
XVJ Ukrainadagi urushning salbiy oqibatlari ta’sirini hisobga olgan holda, 2022 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish prognozlarini 6 foizdan 3−4 foizgacha pasaytirganini ma’lum qildi. Shuningdek, joriy operatsiyalar hisobi defitsiti YAIMga nisbatan 9,5 foizgacha o‘sishi, inflyatsiya ko‘rsatkichi 12 foiz darajasida saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.
Toshkent viloyatining Bo‘stonlik tumanidagi «Sijjak» dam olish maskani yana sotuvga qo‘yildi. Xaridor oromgohda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishi kerak.
O‘zbekistonda oq qog‘oz narxi o‘rtacha 2 barobarga oshdi. Bu Rossiya zavodlaridagi oqartirgich importi bilan bog‘liq cheklovlar tufayli qog‘oz narxining oshishi fonida sodir bo‘lmoqda. O‘zbekistonda qog‘oz va karton importining deyarli yarmi Rossiya korxonalariga to‘g‘ri keladi.
Jomboy tumanida fuqaro davlat zaxirasidagi 80 sotix yerni tanishlari orqali boshqa fuqaroga rasmiylashtirib berishiga ishontirgani va buning evaziga 22 ming dollar talab qilgani aytilmoqda. U oldindan 11 ming dollarni olganida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi korxonasi «Hayraton — Mozori-Sharif» temir yo‘l liniyasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Afg‘onistonda operatsion shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish hamda boshqaruvni hukumat xizmatlari ancha arzon bo‘lishini kutayotgan mahalliy kompaniyalarga topshirish rejalashtirilmoqda.
Prezidentga Buxoro ayeroportida DXSH asosida yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini qurish loyihasi taqdim etildi. Investitsiya hajmi 136 mln dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Loyihani 2022−2024 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bir qator pulli yo‘llar, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilmoqda. Xususiy kompaniyalar Toshkent va boshqa shaharlarning xalqaro aeroportlari va infratuzilmasini modernizatsiya qilishga ham jalb etiladi.
«Ipoteka-bank»ning 75 foiz davlat ulushini sotib olishni rejalashtirgan Vengriyaning OTP Bank banki O‘zbekistondan bitimni kechiktirishni so‘radi. Kechikishga Ukrainadagi urush sabab qilib keltirildi.
Farg‘ona vodiysida hududdagi uchala viloyat uchun yagona xalqaro aeroport qurilishi mumkin. Prezidentga ko‘rsatilgan loyihalar taqdimotida bu haqda so‘z boradi.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish darajasini 3,6% gacha sekinlashtiradi, inqirozgacha bu ko‘rsatkich 6% ga baholangan edi. Ayni paytda xomashyo eksportidan olinadigan daromadlar va xususiylashtirishdan tushumlarning nisbatan yuqoriroq bo‘lishi pul o‘tkazmalariga qaram bo‘lgan uy xo‘jaliklarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadlaridagi yuqori ijtimoiy soha xarajatlarini qoplaydi, pul o‘tkazmalari qisqarishi va mehnat migrantlarining uylariga qaytishi ortidan mamlakatda kambag‘allik darajasi keskin o‘sishining oldini oladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi pasayishda davom etib, 11 329,38 so‘mga teng bo‘ldi. Rubl kursi pasaydi, yevro kursida esa o‘sish kuzatildi.
«O‘zbekipaksanoat», «O‘zcharmsanoat» va boshqa uyushmalar tomonidan qo‘llanilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari mazkur tarmoqlarning barcha subyektlariga ham tatbiq etiladi. Mazkur imtiyozlar 2017−2019 yillarda berilgan bo‘lib, ularning muddati 2023 yil 1 yanvarda tugaydi. «Gazeta.uz» ushbu imtiyozlar va sohalar ro‘yxatini e’lon qiladi.
Qozog‘iston ichki bozorda taqchillik yuzaga kelmasligi uchun 15 apreldan 15 iyungacha bug‘doy va un eksportiga cheklovlar joriy etmoqda.
Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ipoteka va ta’lim krediti uchun ajratiladigan resurs mablag‘lari bo‘yicha amaldagi foiz stavkalari 2022 yil yakuniga qadar saqlanib qoladi. Bu haqda prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Prezidentning tadbirkorlik muhitini yaxshilash to‘g‘risidagi farmoni bilan bir qator kompaniya va tashkilotlarga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinmoqda. Jumladan, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha «Hududgazta’minot», haydovchilar va haydovchilikka nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha davlat tibbiyot muassasalarining monopoliyasiga barham berilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting