2021 yildagi moliyaviy hisobotlar tahliliga ko‘ra, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» eng ko‘p sof foyda (10 639,8 mlrd so‘m) olgan va eng ko‘p dividend (9,5 trln so‘m) to‘lagan korxona deb topildi. «O‘ztransgaz» esa eng ko‘p zarar (2,5 trln so‘m) ko‘rgan tashkilot bo‘ldi. Davlat ishtirokidagi 20 ta zarar ko‘rib ishlagan tashkilotlar orasida ikkita futbol jamoasi ham bor.
Moliya vazirligi O‘zbekistondagi 10 ta eng yirik soliq to‘lovchi tashkilot bo‘yicha prognoz ma’lumotlarini e’lon qildi. Unda Navoiy (20,2%) va Olmaliq (11%) kon-metallurgiya kombinati eng yuqori o‘rinlarni egalladi.
O‘zbekistonda maynerlar uchun majburiy ro‘yxatdan o‘tish, elektr energiyasiga oshirilgan tariflar va boshqa talablar joriy etilmoqda. Faqatgina kompaniyalar mayning bilan shug‘ullanishi mumkin. To‘lov vositasi sifatida kriptovalyutadan foydalanish taqiqlanadi.
Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov YeI kengashining unga nisbatan sanksiyalar qo‘llash haqidagi qarorini bekor qilishni talab qilib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi.
Aprel oyida tovarlar va xizmatlar narxlari 1,47%ga qimmatlashdi. Yillik inflyatsiya biroz pasayib, 10,4%ga tushdi. Oziq-ovqat narxlari oldingi yillarga nisbatan sekinroq, sanoat tovarlari esa tezroq o‘sgan.
Rublning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 4,76 so‘mga ko‘tarilib, 157,52 so‘mga teng bo‘ldi. Rublning ushbu kursi o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichi hisoblanadi. Dollar rasmiy kursi ketma-ket oltinchi kun pasayib, 11 161,96 so‘mni tashkil qildi. Yevro kursi esa ko‘tarildi.
2022-yilning birinchi choragida O‘zbekiston aholisining real daromadlari o‘sishi 3,3 foizgacha sekinlashdi. Ushbu ko‘rsatkich 2021-yilda 7,7 foizga teng bo‘lgandi. Aholining daromadlar tarkibida pul o‘tkazmalarining ulushi kamaydi. Shu bilan birga, aholi jon boshiga umumiy daromad 3,2 mln so‘mgacha ko‘tarildi.
Senat raisi Tanzila Narbayevaning fikricha, tijorat banklarida amalga oshirilayotgan korrupsion holatlar islohotlarga soya solmoqda. Shuningdek, u bitta bankda jinoyat sodir qilgan bank mas’ulining boshqa bir bankka borib ishga joylashishi noto‘g‘ri ekanligini aytib o‘tdi.
Prezident farmoni bilan 1 maydan boshlab pensiya va nafaqalar 12%ga oshiriladi. Shuningdek, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan hamda boquvchisini yo‘qotganlar uchun oylik nafaqa miqdori 500 ming so‘m etib belgilandi.
O‘zbekiston Rossiya oltinini tashqi bozorlarda almashtirishni rejalashtirmayapti, deya ta’kidladi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev RBKga. 2021 yilda bu davlatlar qimmatbaho metallar eksporti bo‘yicha jahon yetakchilari qatoridan joy oldi.
Markaziy bank o‘z vaqtida qaytarilmayotgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafillarning hisob raqamidan yechib olinayotgani yuzasidan izoh berdi. MB kafil bo‘layotgan fuqarolarni o‘zi va qarz oluvchining kelajakda yo‘liqishi mumkin bo‘lgan moliyaviy risklarni to‘g‘ri tahlil qilishga chaqirdi.
O‘zbekiston Moliya vazirligi tadbirkorlarga moliyaviy hisobotlarni topshirishda yengilliklar berishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, yillik hisobotlarni keyingi yilning 1 apreligacha, choraklik hisobotlarni esa hisobot davridan keyin 40 kun ichida taqdim etishga ruxsat berilishi mumkin.
Prezident farmoni bilan Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi etib qayta tashkil etildi. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish agentlikning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.
Rossiyaning Fix Price diskaunterlar tarmog‘i yil boshidan buyon O‘zbekistondagi 12 do‘konini yopdi, yana 30 tasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
So‘nggi besh yil ichida ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 2,5 barobar oshdi, biroq mamlakatdagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan farq 16,8 foizdan 26,5 foizgacha ko‘tarildi. Sog‘liqni saqlash sohasida esa tafovut asta-sekin qisqardi, ammo 2022 yil yanvar-mart oylarida u besh yil avvalgi ko‘rsatkichga qaytdi.
Bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshkani olib kirish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi 2022 yil oxirigacha uzaytirilishi rejalashtirilmoqda, — deya ma’lum qildi deputat Doniyor G‘aniyev. Banan, ananas va boshqa sitrus mevalari uchun import bojlari imtiyozlari ham uzaytirilishi mumkin.
Jahon banki tadqiqotlari O‘zbekistonda ishga qabul qilish jarayonida har ikki jins vakillariga nisbatan birdek kuchli diskriminatsiya mavjudligini ko‘rsatdi. Ish beruvchilar ish qidirayotganlarning jinsi, yoshi va tashqi ko‘rinishiga oid afzalliklarga urg‘u bergan holda, kamsituvchi xarakterga ega bo‘lgan reklama e’lonlarini joylashtiradilar. Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, mehnat bozorida gender tengsizligi bilan bog‘liq stereotiplar juda kuchli.
“Уральские авиалинии” O‘zbekiston va MDHning yana uchta davlatiga oktabr oyi oxirigacha barcha reyslar bekor qilinishini ma’lum qildi. Kompaniya bu qarorni “Yevropa davlatlarining havo hududini yopishi” bilan izohladi.
Qorako‘lchilik mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun soliq va bojxona imtiyozlari 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirildi.
Andijon viloyatida aholini parrandachilikka keng jalb etish dasturi amalga oshirilmoqda. Davlat OAVlari har 100 ta tovuqdan 80 tasi tuxum tug‘ib, 2 mln so‘m (tuxum narxi 1500 so‘m bo‘lsa) sof foyda keltirishi mumkinligi haqida xabar bermoqda. Biroq ayrim aholi vakillari tovuqlar 30 donadan ko‘p tuxum qo‘ymayotgani, ba’zilari o‘lib ketayotgani va tuxum 700 so‘mdan sotilayotgani, shuning uchun ham zarar ko‘rayotganini aytishmoqda. Andijon hokimligi ushbu holatlar bo‘yicha munosabat bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting