O‘zbekistonda 3-mart kuni ish faoliyatidagi AGTKSHlar soni kamaydi. Elektr ta’minoti cheklovlari 960 MVtga yetdi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, benzin va dizel yoqilg‘isi talabga mos hajmda yetkazib berilmoqda.
Prezident qarori bilan Shovot tumanida 3,1 gektar yerda “O‘zbekiston-Turkmaniston” savdo zonasi tashkil qilinadi. Unda faqat 2 mamlakat mahsulotlari sotiladi. Mahsulotlarni kiritishda bojxona to‘lovi to‘lanmaydi. Turkmaniston orqali keluvchi chet elliklar vizasiz, pasport bilan 15 kun hududda bo‘lishi mumkin.
Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li Daniyar Kamilovning kompaniyasi Chinoz neftni qayta ishlash zavodi egasiga aylandi. Avvalroq UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i “O‘zbekneftgaz”dan ushbu kompaniya tarkibiga o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston hukumati Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida 11 davlat bilan muzokaralarni yakunladi, ulardan 9 tasi bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokollarni imzoladi.
O‘zbekistonda fevralda so‘nggi sakkiz yildagi eng past — 0,3 foizlik inflyatsiya qayd etildi, yillik inflyatsiya 8,35 foizgacha sekinlashdi. Statistika agentligiga ko‘ra, deyarli barcha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi arzonlashdi, benzin o‘rtacha 1,1 foizga qimmatladi, maishiy texnika narxlari oshdi.
O‘zbekistonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ko‘magida Yashil vodorod xabi tashkil etiladi. Loyiha doirasida Delaver universiteti bilan birgalikda TDTU magistratura bosqichida yashil vodorod bo‘yicha yangi o‘quv dasturi joriy etiladi.
Daniyar Kamilovga (prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li) tegishli kompaniya UNG Petro kompaniyasi — “O‘zbekneftgaz”ning 78 ta AYOQSHlaridan iborat tarmoq egasiga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev va Fransiyaning Voltalia kompaniyasi bosh direktori To‘proqqal’a tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishini boshladi. Yiliga 254 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, bu esa viloyatdagi elektr energiyasining 11 foizini qoplaydi.
Xorazmda tadbirkorlarga imtiyozlar belgilanmoqda. Xususan, davlat mulki va yerini xususiylashtirishda 5 yilga bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Sanoat binolari qurilib, tadbirkorlarga topshiriladi. Sotilgan ko‘chmas mulk uchun to‘lov 3 oyda amalga oshirilganda 25 foiz chegirma beriladi.
Xorazmda yuk elektromobillari, akkumulyatorlar uchun nikel sulfat, arxitektura oynalari, shisha idishlar, qurilish materiallari, lak-bo‘yoqlar va mato ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Umumiy qiymati 660 mln dollardan ziyod loyihalar Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.
O‘zbekiston Markaziy banki 1-iyuldan boshlab jismoniy shaxslarga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirmoqda. Qarz oluvchilarning kredit riskini baholash uchun yangi indikator joriy etilmoqda.
Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun aylanmadan yagona soliq yoki QQSning pasaytirilgan va hisobga olinmaydigan stavkasini joriy etish taklif qilinmoqda. Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov umumiy ovqatlanish korxonalariga QQS bo‘yicha yagona soliq solish tartibi joriy etishni taklif qildi.
Prezident Energetika vaziri va viloyatlar hokimlarining muqobil energetika sohasidagi 2024-yilgi rejalaridan norozi bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev 2−3 oyda 14 ta quyosh va shamol elektr stansiyasini ishga tushirishni tezlashtirish va 2 ta gidroto‘plash stansiyasi loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Prezident imzolagan qonun bilan mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mgacha oshirildi. Shuningdek, kreditni undirish bo‘yicha sud qarori chiqarilganda foiz va neustoyka hisoblash to‘xtatiladi.
27-fevral kuni O‘zbekistonda elektr energiyasini yetkazib berishdagi cheklovlar 700 MVtgacha oshirildi. Bundan avvali kunlari cheklovlar 600 MVtdan oshmagandi. Metan yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun gaz yetkazib berish kamaygan, benzin yetkazib berish esa ko‘paygan.
Markaziy bank 2023-yil 11 oyi davomida 11,4 mlrd dollarga yetgan valyutani sotib olish va sotish o‘rtasidagi farq oshib borayotgan bir paytda valyuta bozoridagi savdolar haqidagi ma’lumotlarni qisman yashirishni boshladi. Regulyator oltin-valyuta zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni ham kechiktirmoqda.
Prezident Toshkent shahri Yangihayot tumanida 664,5 gektar maydonda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etish loyihasini tasdiqladi. Uning boshqalardan farqi shundaki, egallab turgan maydonidan kelib chiqib, ishtirokchilar uchun mahsulot ishlab chiqarishda alohida shartlar belgilanadi.
Davlat soliq qo‘mitasi 227−1-modda kuchga kirganidan buyon 1500 dan ortiq tadbirkorga nisbatan 694 mlrd so‘m jarima qo‘llanganini ma’lum qildi. Shundan 39 mlrd so‘mi undirilgan. Endilikda ushbu jarimalarning 98 foizi hisobdan chiqariladi.
Prezident Soliq kodeksining 227−1-moddasida nazarda tutilgan fiskal huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini 50 baravarga — aylanmaning 100 foizidan 2 foizigacha kamaytirishni tasdiqladi. Shuningdek, biznesga bu modda qo‘llanilishi natijasida yuzaga kelgan qarzlarning 98 foizi hisobdan chiqariladi.
2023-yilning yanvar-sentabr oylarida Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga 450 mln yevrolik yuqori ustuvorlikka ega tovarlar yetib borgan. Tovarlarning chorak qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri YeIdan, qolgani esa O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, BAA kabi davlatlar orqali Rossiyaga yetib borgan, deb yozmoqda Bloomberg.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting