Saneg neft-gaz kompaniyasi Italiyaning moy va moylash materiallari ishlab chiqaruvchi CGC Lubricants Italy kompaniyasini sotib oldi. Bitim Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi moylar uchun formulalar, texnologiyalar va Yevropa xavfsizlik sertifikatlarini olish sohalarida tajriba almashishni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonda havoning keskin sovishi janubiy hududlarda yig‘ib olinadigan erta piyoz hosili, shuningdek, karam va sabzilarning hosiliga ta’sir qilishi mumkin, deya ta’kidlamoqda EastFruit ekspertlari. Bundan tashqari, donli mevalar va yong‘oqlar hosilining bir qismi ham xavf ostida qolishi ehtimoli bor.
Qonunchilik palatasi iqtisodiy sanksiyalar bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat bilan banklarga iqtisodiy sanksiyalar xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda, mijozlarga hisobvaraqlar ochish va operatsiyani amalga oshirishni rad etish huquqi berilmoqda.
Buxoro viloyatida qurilayotgan 2 ta shamol elektr stansiyasiga 73 turbina o‘rnatib bo‘lindi. Ularning balandligi 100 m, parraklarining har biri 84 metr. Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi loyiha doirasida yana 85 ta turbina o‘rnatadi. Energetika vazirligi turbinalarning suratlarini taqdim qildi.
Go‘sht, sut va tuxum yetishtirishni ko‘paytirishga 315 mln dollar ajratiladi, mablag‘ chorva kompleksini tashkil etish, qoramol olish va omuxta-yem chiqarish uchun beriladi. Prezident belaruslik hamkorlar bilan 200 mln dollarlik sut va ozuqa ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Markaziy bank yanvar oyi davomida bitta bankni me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilmagani uchun jarimaga tortdi, 3 ta bankni esa chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirdi.
O‘zLiDeP Minerva city loyihasidan qaytarilgan 100 gektar maydon to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa investorga berilishiga qarshi ekanini va yer maydonlari faqat ochiq auksionlar orqali sotilishi tarafdori ekanini bildirdi. Avvalroq Yangihayot tumani hokimi hududga pul tikmoqchi bo‘lgan xitoylik investor borligini aytgandi.
Toshkentda ikkilamchi uy bozorida o‘rtacha narx yil davomida 29,8 foizga o‘sib, 1 kv. m uchun 1212 dollarni tashkil etdi, deb xabar berdi MB. Poytaxtda 1 sotix yer narxi 362 mln so‘mgacha qimmatlashdi. Ko‘chmas mulk va ijara narxlari o‘rtasidagi farq tufayli uy-joyning o‘zini oqlash muddati 8,2 yilga yetdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi 227−1 modda bo‘yicha tadbirkorlarga qo‘llangan jarimalar miqdorining 98 foizi hisobdan chiqarilishini ma’lum qildi. Avvalroq palata bu modda bo‘yicha 400 mlrd so‘mlik jarimani hisobdan chiqarishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini ishlab chiqqani xabar qilingandi.
“O‘zbekneftgaz” rahbari Bahodirjon Sidiqov kompaniya bir hafta ichida hisob-kitoblar qilib, dizel yonilg‘isining birjaga qo‘yiladigan narxlarini 15 foizga kamaytirish choralarini ko‘rishini ma’lum qildi. Shuningdek, yonilg‘i o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash uchun yangicha tartib o‘rnatiladi.
2024-yilda g‘allachilikda ham paxtachilikdagi kabi imtiyozli kreditlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerlarga ajratish tizimi joriy etiladi, dedi prezident. Shuningdek, u xorijdan paxta urug‘ini olib kelish, o‘g‘it tannarxini 15 foizga arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident meva-sabzavot yetishtirish va eksportini oshirish maqsadida aholiga yana 60 ming gektar yer tarqatilishini ma’lum qildi. Bunday yer maydonlari hamda tomorqalarga sanoat, kooperatsiyani keng olib kirish va mahsulot yetishtirish uchun 1 trln so‘m kredit resursi ajratiladi.
Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga yoqilg‘isiz isitiladigan, ixcham issiqxonalarni barpo qilish tajribasini qo‘llab-quvvatlab, tayyor holda topshirish sharti bilan 10 sotixli 200 tagacha ixcham issiqxona qurish vazifasini qo‘ydi.
Toshkent iqtisodiyot universiteti tarkibiga Moliya hamda Fiskal institutlari qo‘shilmoqda. Bu ikki OTMda tahsil olayotgan talabalar birlashtirilgan universitetda o‘qishni davom ettiradi. Yangi oliygohda kuzatuv kengashi, Transformatsiya markazi va universitetni rivojlantirish jamg‘armasi bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev klasterlarning fermerlar oldidagi qarzdorligi hali to‘liq to‘lanmaganini ma’lum qildi. Shuningdek, 2024-yil paxtasini sotish bo‘yicha fyuchers shartnomasi tuzgan fermerlarning ma’lum qismi kreditlarni haligacha olmagani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev 70 ta tumanda mineral o‘g‘it saqlash omborlarini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, fevral-aprel oylarida birjaga chiqadigan mineral o‘g‘it kunlik hajmini 6 ming tonnadan 9 ming tonnaga oshirishga ko‘rsatma berildi.
O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillar soni 4 mln 20 mingtani tashkil etdi. Bir yil davomida ko‘rsatkich salkam 400 mingtaga ko‘paygan. Aholiga tegishli jami avtotransport vositalaridan 93 foizi yengil avtomobillar hisoblanadi.
Toshkent xalqaro aeroportida terminalni kengaytirish ishlari sabab kuzatuvchilarning jo‘nab ketish zaliga kirishi cheklandi. Yo‘lovchilarni tushirish/olish uchun terminal oldida estakada o‘rnini bosuvchi alohida yo‘lak ajratildi. Estakada esa binoning bir qismiga aylanadi.
Senat pensiyaning minimal miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilovchi qonunni ma’qulladi. Hujjat bilan pensiyalar miqdorini yil davomida iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olib oshirib borish tartibi ham belgilanmoqda.
Xitoy Rossiyani quvib o‘tib, O‘zbekistonning asosiy savdo sherigiga aylandi, shunga qaramay, ikki davlat ham savdodagi ulushini oshirdi. Rossiya va Xitoydan import ko‘paydi, biroq ushbu bozorlarga O‘zbekiston mahsulotlari kamroq yetkazib berilmoqda. Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi ham pasaygan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting