Qoraqalpog‘istondagi gaz to‘ldirish shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish belgilangan reja asosida — soat 06:00 dan 15:00 gacha amalga oshiriladigan bo‘ldi.
S&P “O‘zbekneftgaz” kredit reytingini past natijalar, yuqori qarz yuki va Uzbekistan GTL to‘liq quvvat bilan ishlamayotgani sababli nisbatan riskli bo‘lgan “B+” darajasiga tushirdi. Majburiyatlarning buzilishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli kamaygani sababli prognoz “salbiy”ga o‘zgargan.
Yandex Go xizmati O‘zbekistonga to‘laydigan QQS sabab taksoparklar uchun komissiya miqdorini oshirganini tasdiqladi. Shu bilan birga, xizmat vakillarining ta’kidlashicha, taksoparklar o‘z komissiyasining kamaytirishini kutish mumkin. Ayrim taksoparklar buni tasdiqladi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish nazarda tutilgan qonun loyihasi kiritildi. Loyiha Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi va tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari bilan birgalikda takomiliga yetkazilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun 100 mln dollar qarz ajratdi. Mablag‘lar, jumladan, korxonalarning iqtisodiy zarbalarga chidamliligini oshirishga yo‘naltiriladi.
Uzbekistan Airways Farg‘ona aeroportida rekonstruksiya ishlari munosabati bilan bu shaharga deyarli 2 oy davomida barcha reyslar bekor qilinganini bildirdi. Uzbekistan Airports`ga ko‘ra, aeroport yopilmayapti va odatdagidek ishlamoqda. Boshqa hech bir aviakompaniya reyslar bo‘yicha o‘zgarishlar haqida xabar bermadi.
Soliq qo‘mitasi yakka tartibdagi tadbirkorlarning hisobvaraqlaridan ortiqcha yig‘ib olingan ijtimoiy soliq summalari ma’lumotlar bazasini avtomatlashtirishda yuzaga kelgan texnik xato bilan bog‘liq bo‘lganini ma’lum qildi.
Beeline kompaniyasi “boshqa binoga ko‘chib o‘tish munosabati bilan” Amir Temur maydoni yonidagi bosh ofis binosini sotmoqchi ekanini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda 2023-yilning o‘tgan davrida 58,2 mlrd so‘mlik elektrni o‘g‘irlash orqali mayning faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha 26 ta holat aniqlandi. Buning uchun 29 kishi o‘g‘rilikda ayblanib, protsessual tartibda ushlangan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan O‘zbekistonda “yashil” sanoatlashtirish bo‘yicha xususiy sektor salohiyatini oshirish hamda iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuv loyihasini amalga oshirish yuzasidan qiymati 9 mln yevrolik (grant mablag‘i) kelishuv imzoladi.
Noyabr oyi yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda 1,1 foizlik inflyatsiya qayd etildi, yillik inflyatsiya 8,8 foizdan pasaydi — bu so‘nggi 7 yildagi eng past ko‘rsatkich. O‘tgan oyda tuxum va shakar narxi oshgan, mol go‘shti, un va sariyog‘ esa arzonlashgan. Benzin va propan narxi oshib bormoqda, poyezd chiptalari ham qimmatladi.
S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi suveren kredit reytingini barqaror prognoz bilan “BB-” darajasida tasdiqladi. Agentlik 2023-yil oxirigacha O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishini 5,6 foiz darajasida prognoz qilmoqda.
4-dekabrdan Andijon viloyatidagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida gaz jadvalga muvofiq — soat 06:00 dan 15:00 gacha berila boshladi. Gaz bilan, birinchi navbatda, turar joy binolari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar va ijtimoiy soha obyektlari ta’minlanadi.
2024-yil yanvaridan UzAuto Motors Gentra/Lacetti avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi. Gentra uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning quvvati yangi modellarga yo‘naltiriladi, deya ta’kidladi kompaniya.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) O‘zbekistonda elektron tijorat bozori hamda lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish sohasida regulyatorga aylanadi. Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va kapital harakati bilan bog‘liq pul o‘tkazmalari banklar tomonidan bloklanishi mumkin.
Humo to‘lov tizimining Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilishi xususiylashtirish bilan bog‘liq emas, deya ma’lum qildi agentlik. Ta’kidlanishicha, Markaziy bank balansida banklararo protsessing markazining mavjudligi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston prezidenti BAAning yetakchi korxonalari delegatsiyasi bilan uchrashuv yakunida Masdar kompaniyasi bilan strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi, shuningdek, kompaniya rahbariga “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Markaziy bank rahbariyati va Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bank xodimlarining sanksiyalarga rioya qilishi bo‘yicha salohiyatini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Markaziy bank o‘g‘irlik va firibgarlikning oldini olish uchun shubhali operatsiyalar vaqtida bank kartalari va hisobvaraqlarni bloklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatma berishi mumkin bo‘ladi. Banklar va to‘lov tashkilotlari firibgarlikka qarshi tizimlarni joriy etadi va yirik o‘tkazmalarni nazorat qiladi.
2024-yil 1-iyuldan boshlab to‘lov tizimi operatorlari va tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tuziladi va faoliyat yuritadi. Ular uchun ustav kapitalining eng kam miqdori ham oshiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting