Payshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Pokistonga jo‘nab ketdi. Tashrif davomida Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizma sohalari yuzasidan fikr almashiladi. Qolaversa, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy maslalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqot chog‘ida geosiyosiy vaziyatning hozirgi keskinlashuvi sharoitida savdo-iqtisodiy aloqalar holatini atroflicha muhokama qildi. Shuningdek, prezidentlar yangi tahdid va xavflarni bartaraf etish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Hafta yakunida O‘zbekistonga Turkmanistondan iliq havo, so‘ngra Kavkaz hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. 4−5-mart kunlari shamol tezligi 25−30 m/s gacha kuchayishi va chang to‘zoni kuzatilishi mumkin. Yakshanba kuni esa yomg‘ir yog‘adi.
Uy-joy fondi inspeksiyasi Toshkent viloyati «Issiqlik manbai» ishlab chiqarish boshqarmasida 6,5 mlrd so‘mlik kamomad va noqonuniy o‘zlashtirish holatlarini aniqladi. Bundan tashqari, boshqarma manbaidagi qozonxonaning kadastr hujjatlari yo‘qligi, 7 ta qozonxona esa boshqa shaxsga berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
3-martdan boshlab Uzauto Motors Chevrolet Traverse va Tahoe avtomobillarining yangi modellarini xarid qilish bo‘yicha arizalarni qabul qilishni boshladi. Traverse narxlari 469,2 mln so‘mdan boshlansa, Tahoe narxlari 597,6 mln so‘mdan boshlanadi.
DXX Chinoz tumanida «moliyaviy piramida» tashkil qilganlikda gumonlab, bir nafar fuqaroni hibsga oldi. U jami 12 kishidan 94 ming AQSh dollari, 394 mln so‘mlik 4 ta avtomobil va 54 bosh chorva molini olganligi aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘g‘atildi.
Prezident qarori bilan Abdullo Aslonov, Shaxrillo Maxmudov va Murad Ismailov sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich Londonning «Chelsi» jamoasini sotishga qaror qildi. Kelishuvdan tushadigan barcha mablag‘lar Ukrainadagi urushda jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlaydigan xayriya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Hozirda klubga asosiy da’vogar sifatida shveysariyalik millarder Xansyorg Viss e’tirof etilmoqda.
Umumiy hisobda 1859 nafar O‘zbekiston fuqarosi Polsha orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi. Yana 1100 o‘zbekistonlik Polsha hududida qolmoqda.
Prezident qarori bilan qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonining har bir gektariga subsidiya beriladi. Bunda paxta maydonlari uchun 8 mln so‘m — Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 12 mln so‘m, sabzavot va poliz ekinlari uchun 1,5 mln so‘mdan 2,5 mln so‘mgacha, mevali ekinlar uchun 6 mln so‘m, uzum maydonlari uchun esa 8 mln so‘mdan ajratiladi. Buning uchun respublika budjetidan joriy yilda 1 trln 182,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Rossiya Ukrainadagi maxsus operatsiya boshidan beri 498 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini va 1597 nafari jarohatlanganini ma’lum qildi. Shuningdek, Rossiya tomoni Ukrainaning yo‘qotishlari 2870 nafar odamdan ko‘proqligini ta’kidlamoqda. Ukraina rasmiylari boshqa raqamlarni taqdim qilishgan.
BMT Bosh Assambleyasi «Ukrainaga qarshi tajovuz» rezolyutsiyasini qabul qilib, Rossiyadan o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan zudlik bilan olib chiqib ketishni talab qildi. Uni 141 davlat yoqlab, 5 davlat qarshi, 35 davlat betaraf ovoz berdi. Rezolyutsiyada, shuningdek, «Belarus ishtirokidan» afsus bildirilgan.
Ukrainadagi vaziyat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni buyurgan Shavkat Mirziyoyev, Ukrainadan o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilinishi davom etayotgani, o‘zbek paxtasi bolalar mehnatidan holi bo‘lganini qayd etgan XMT, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni ma’qullagan deputatlar, qayta tashkil etilgan Mahalla vazirligi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 2 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi o‘rinbosari — Kontrterror boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi. Tomonlar «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi doirasida ko‘p tomonlama tadbirlar o‘tkazish, yoshlarni ekstremizm va terrorizmning salbiy ta’siridan himoya qilish, «qaynoq nuqtalar»dan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish sohasida tajriba almashish hamda kadrlar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
SES avgust oyidan buyon 89 mingdan ortiq ishchi-xodimlar koronavirusga qarshi vaksina olmaganini aniqladi. Ularning 45 mingdan ortig‘i vaqtincha ishdan chetlashtirilgan.
Ukrainadagi elchixona faol harbiy harakatlar borayotgan Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridan o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilishda qiyinchiliklar duch keldi. Fuqarolar harbiy harakatlar to‘liq tugaganidan keyin evakuatsiya qilinadi. Hozircha ularga bunkerlarda qolish tavsiya etildi.
Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining aytishicha, O‘zbekiston elchixonasini Kiyevdan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti, chunki hozirda diplomatik vakolatxona faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi mamlakat fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilish hisoblanadi.
Yevroittifoqning rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovga nisbatan joriy etgan sanksiyalari USM xoldingi aktivlariga dahl qilmaydi, deya ma’lumot berdi kompaniya.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3−4 mart kunlari Pokistonga davlat tashrifini amalga oshiradi. Ikkitomonlama muzokaralarda strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Mudofaa vazirligi O‘zbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatga yollash boshlangani haqidagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi. «O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mamlakatdan tashqaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi», — deyiladi bayonotda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting