«Ukraina vaqt o‘tib, YeIga a’zo bo‘lishi kerak, bu mamlakat — bizlarning bittamiz, biz uni Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz», — dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen. U Ukraina Yevropa qadriyatlarini tushunishini va tinch demokratik sharoitda yashashni istashini ta’kidladi. Germaniya kansleri Bundestag qarshisida chiqish qilar ekan, Ukrainaga amalga oshirilgan bosqin uchun butun boshli rus xalqi emas, balki Vladimir Putinning shaxsan o‘zi javobgarligini aytdi.
Ukraina va Belarus chegarasida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Ukraina delegatsiyasi muzokara uchun belgilangan hududga Gomel orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l bilan emas, balki aylanma hudud — Polsha orqali kelgan. Muhokamalarning asosiy mavzusi — o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va Ukraina hududidan qo‘shinlarni olib chiqib ketish ekanligi aytilmoqda.
Andijonda uch nafar shaxs Toshkentdagi tanishlari orqali fuqaroni Milliy gvardiya tizimiga ishga, boshqa bir fuqaroni esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 32 ming dollar olganida ushlangani aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hafta boshida kuchsiz yomg‘irlar, o‘rtasida esa juda iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Janubda va cho‘l hududlarida havo harorati +25…+27 darajagacha ko‘tariladi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi «maxsus harbiy operatsiyalari» oqibatida mamlakat sportda ham ko‘plab sanksiyalarga uchradi. UEFA Chempionlar Ligasi finalini Sankt-Peterburgda emas, Parijda o‘tkazishga qaror qildi. FIFA ham Rossiya hududida hech qanday xalqaro musobaqa o‘tkazilmasligini ma’lum qildi, endi mamlakat vakillari Rossiya bayrog‘i yoki madhiyasidan foydalana olmaydi. Bundan tashqari, Vladimir Putin Xalqaro dzyudo federatsiyasining «faxriy prezidenti va elchisi» maqomidan mahrum etildi. Sochida o‘tishi kutilayotgan «Formula-1» gran-prisi esa bekor qilindi.
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 9,5 foizdan 20 foizga oshirishga qaror qildi. Markaziy bank bayonotida qayd etilishicha, bu moliyaviy va narxlar barqarorligini saqlash, fuqarolar jamg‘armalarini qadrsizlanishdan himoya qilishga yordam beradi. Mamlakat Moliya vazirligi eksportchilarga valyuta tushumining 80 foizini sotish majburiyatini yukladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumanidagi 283-maktab o‘quvchilariga qizil galstuk taqdirilgan holat «pionerlikka qaytish» deb tariflanayotgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xalq ta’limi vazirligi maktabning ochilish marosimida ota-onalar bilan kelishilgan holda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga erkaklarning qizil rangli bo‘yinbog‘i taqilganini ma’lum qilib, «bunga siyosiy tus bermaslikni» so‘radi.
Toshkent viloyatida yashovchi kam ta’minlangan oilalar ayollari floristika bo‘yicha bepul kursda ta’lim olishdi. Ayollar guldasta va kompozitsiyalarni yasash, sovg‘alar tayyorlash, xonaki gullarni parvarishlash sirlarini o‘rgandilar. Kurs tashkilotchilarining ta’kidlashicha, bu ko‘nikmalar ayollarga ish topishda va hayotlarini o‘z qo‘llariga olishda amaliy yordam beradi.
Kiyev yaqinidagi Gostomel aeroportida turgan dunyodagi eng katta An-225 «Orzu» samolyoti Rossiya harbiylari tomonidan yo‘q qilindi. Uni restavratsiya qilish uchun 3 mlrd dollar va 5 yildan ziyodroq vaqt kerakligi ma’lum qilindi.
Yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Qashqadaryodan tashqari 11 ta hududda jami 106 kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldi. Kun davomida ikki bemor vafot etdi, 15 kishida esa pnevmoniya aniqlandi.
Poytaxt hokimining qarori loyihasiga ko‘ra, shahardagi avtobus bekatlarini namunaviy dizayn asosida qayta qurish rejalashtirilmoqda. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus pandus, 4G Wi-Fi, elektron tablo, kuzatuv kamerasi, chiqindi qutisi va LED ekran o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bekatlarni tadbirkorlarga vaqtincha foydalanishga berish ko‘zda tutilgan. Shu kabi takliflar 2020 yildan beri kiritiladi.
O‘zbekiston TIV Ukrainadagi o‘zbekistonliklarni Polsha orqali evakuatsiya qilish uchun birinchi reysni 28 fevralda amalga oshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 600 nafardan ortiq fuqarolar Polsha chegarasiga yetkazilgan, ularning 110 nafarga yaqini chegarani kesib o‘tgan.
Vladimir Putin Rossiya mudofaa vaziri va Bosh shtab boshlig‘iga armiyaning tiyib turuvchi kuchlarni «harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga» o‘tkazishni buyurdi. Ushbu strategik kuchlar Rossiya armiyasining asosi bo‘lib, unda tajovuzkorlarga qarshi yadro qurolidan foydalanish mumkinligi ham nazarda tutilgan.
Vladimir Zelenskiy BMT Xalqaro sudiga Rossiya ustidan shikoyat kiritganini e’lon qildi. Ukraina rahbari Xalqaro suddan Rossiyaga harbiy harakatlarni to‘xtatishni buyurishni so‘rab, sud jarayonlari kelasi hafta boshlanishiga umid bildirgan.
O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi mamlakatdan evakuatsiya qilinayotgan o‘zbekistonliklar Polsha chegarasidan o‘tishiga uzoq vaqt ketayotganligini ma’lum qildi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan fuqarolardan hech bo‘lmaganda ularning qog‘oz nusxasi yoki mobil telefondagi skaneri bo‘lishi so‘ralgan. Moldovada bo‘lgan o‘zbekistonliklarga yordam berish uchun shtab tashkil etilmoqda.
Rossiya Markaziy banki mamlakat ichida moliyaviy xabarlarni almashish regulyatorning “СПФС” tizimi orqali amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bunga sabab Rossiyaning bir necha banklari xalqaro banklararo axborot almashuv tizimi -SWIFT'dan uzib qo‘yilayotgani bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, regulyator Rossiya bank tizimining barqaror ishlashi uchun yetarli kapital va likvidlikka egaligini xabar qildi.
Yevropa va AQSh Rossiyaga nisbatan yangi “qattiq moliyaviy sanksiyalar” qo‘llashga kelishib oldi. Unga ko‘ra, Rossiyaning sanksiya ostidagi banklari SWIFT tizimidan uzib qo‘yiladi. Shuningdek, Rossiya hukumatiga aloqador shaxslarning xorijdagi aktivlari muzlatiladi.
Shanba kuni O‘zbekistonda 125 kishida kovid qayd etildi. Kun davomida 3 nafar bemor vafot etdi, 19 kishida esa pnevmoniya aniqlandi.
Toshkentda Spark metroning «Shahriston» bekatidan chiqib ketayotgan piyodani urib yuborib, yer osti yo‘lagiga tushib ketdi.
Ukrainada 90 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarolaridan iborat birinchi evakuatsiya guruhi Polsha chegarasiga qarab yo‘lga chiqdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting