12 ta tuman hokimlari ko‘chat ekishni boshlamagani uchun ogohlantirish olishi, Sobiq profilaktika inspektori Quva tuman IIB rahbariyati ustidan IIVga shikoyat qilishi, viloyatlarda moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburan mahallada “hokim yordamchisi” lavozimiga o‘tkazilayotgani — “Gazeta.uz"ning 10 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Respublika bo‘ylab barcha mahallalarda «hokim yordamchisi» lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburlab o‘tkazilayotgani aytilmoqda. Murojaatchilarning so‘zlariga qaraganda, ular ushbu lavozimga o‘tishni rad etsa, «prezidentga xiyonat» qilayotganlikda ayblanib, ishdan bo‘shatilishi bilan qo‘rqitilmoqda. Suhbatga kelmaganlar esa ichki ishlar organlari tomonidan majburan olib ketilayotgani ma’lum qilindi. Avvalroq, saylovoldi tashviqoti davrida Shavkat Mirziyoyev «hokim yordamchisi» lavozimiga yoshlar orasidan nomzodlar tanlab olinishini aytgandi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuxrat Vafayev Germaniyadagi anjumanda «O‘zbekistonning ambitsiyalari xom ashyo manbasi bo‘lib qolishdan ko‘ra kengroq» ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat global yetkazib berish zanjirlarida yuzaga kelgan bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun ishlab chiqarish va qayta ishlashning bir qismini o‘ziga olishi mumkin.
Germaniyada bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekistonda mahalliylashtirish va o‘zbek konteyner kranlarining sifati masalasi ko‘tarildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev faqat ichki bozorga yo‘naltirilgan mahalliylashtirish haqida gapirishdan ma’no yo‘q ekanligini tan oldi. «Biz bunga o‘zimizning achchiq tajribamizdan ham, o‘sha paytda import o‘rnini bosish bilan shug‘ullangan boshqa Lotin Amerikasi davlatlarining tajribasidan ham amin bo‘ldik», — dedi u.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 35,21 so‘mga ko‘tarilib, 10 715,30 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Noyabr oyida sabzining narxi 2021 yil iyun oyi bilan taqqoslaganda 4−5 barobargacha arzonlashdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligining prognozlariga ko‘ra, narxlar 2022 yil bahori — kutiladigan yangi hosilga qadar shu darajada saqlanib qoladi.
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimining Captiva xizmat mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda tuman rahbari mashinada bo‘lmagan. May oyida 25 nafar tuman deputatidan 24 nafari 311 mln so‘mga avtomobil sotib olishni ma’qullagan. Kengashning faqat bir vakili ushbu xaridga qarshi chiqqan va shu pulni muxtojlarga tarqatishni taklif qilgan.
Sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonov Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari ustidan shikoyat qilib, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga videomurojaat yo‘lladi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari profilaktika inspektorlaridan har kuni 55 ming so‘mlik «o‘rta fond» undirayotgani, kunlik majburiy reja joriy qilgani va xodimlarni haqoratlab, shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatayotgani aytilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» dasturi bo‘yicha ko‘chat ekish ishlari haligacha boshlanmagani uchun Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Tomdi, Do‘stlik, Arnasoy, Forish, Yangiariq, Sherobod, Termiz, Muzrabot, G‘uzor, Kitob tumanlari hokimlari qat’iy ogohlantirilganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev Moliya vazirligiga 2022 yilda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini (1hls.uz) yanada ommalashtirish uchun qo‘shimcha 60 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur platformadan foydalanuvchilar bugungi kunda 600 ming nafarga yetdi, ularga piyoda yurgani uchun 18 mlrd so‘m to‘lab berildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ o‘z tarixida ilk bor London fond birjasida 700 mln AQSh dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalarini 7 yil muddatga 4,75% stavkada muvaffaqiyatli joylashtirdi. Xalqaro obligatsiyalar 120 dan ortiq Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Yevropa xamda Osiyo mamlakatlari investorlari orasida taqsimlanganligi aytilmoqda.
Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura ish vaqtida vafot etgan xodimi bo‘yicha Mehnat vazirligi va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga tegishli tartibda xabar bermaganligini ma’lum qildi. Oldinroq marhum xodimning otasi qonunda belgilangan nafaqa pullari to‘lab berilmagani sababli Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qilgandi. Biroq, FIB Mirobod tuman sudi da’vo arizasini rad qilgan.
O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi jarayonlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyor, dedi bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Glazgoda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sammitida so‘zlagan nutqida.
2025 yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi nutqida. 2020 yilda xalq ta’limi tizimida 13407 nafar oliy toifali o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatayotgan edi, bu umumiy o‘qituvchilar sonining 2,8 foizdan kamini tashkil etadi. E’lon qilingan ko‘rsatkichga erishish uchun ularning ish haqini qariyb 3,5 barobarga oshirish kerak.
Singapur o‘z xohishi bilan COVID-19`ga qarshi emlanishdan bosh tortganlarga virusni davolash bilan bog‘lik tibbiy to‘lovlarni to‘lashni to‘xtatadi. Mamlakatda hozirda emlanmagan odamlar intensiv statsionar yordamga muhtoj bo‘lganlarning aksariyatini tashkil qilmoqda.
O‘zbekistonda suv sathining pastligi tufayli gidroelektr stansiyalari unumdorligi 23 foizga kamaydi, bu esa mamlakatning ayrim hududlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlarga olib keldi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.
O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun «Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari» treningi o‘tkazilmoqda. Unda, jumladan, qamoqxonalarda qiynoqlarning oldini olish ko‘nikmalari ham o‘rgatiladi.
Epidemiologik vaziyat yomonlashganligi sababli COVID-19 ga qarshi kurash tadbirlari uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori qayta ko‘rib chiqildi va ko‘zda tutilgan 3 trln so‘mdan 4,3 trln so‘mga yetkazildi. Qo‘shimcha mablag‘lar respublika budjetidan ajratib kelinmoqda.
O‘zgidromet 4 noyabr kuni havodagi changning eng yuqori konsentratsiyasi Toshkent (33 marta), Chirchiq (26), Guliston va Olmaliq (20), Bekobod (18) va Buxoro (14) shaharlarida kuzatilganini ma’lum qildi. Boshqa hududlarda esa bu ko‘rsatkich 2 dan 8 martagacha bo‘lgan.
Dunyo bo‘ylab COVID-19 ga chalinganlar sonining 250 mlndan oshgani, polshaliklarning Belarus chegarasidagi vaziyat tufayli amerikaliklarga murojaat qilgani, Portugaliyada yangi qonunga ko‘ra ish beruvchilar xodimlar bilan ishdan tashqari vaqtda gaplashishi taqiqlangani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting