BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish O‘zbekiston prezidentiga yo‘llagan maktubida suv toshqinidan jabrlangan O‘zbekiston xalqi va qo‘shni Qozog‘iston xalqiga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, Gutterish global miqyosda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha u e’lon qilgan da’vatni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovda koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
NASA O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlarining Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishidan oldingi va keyingi holatlarning sun’iy yo‘ldoshdan olingan rasmlarini e’lon qildi.
Alisher Usmonov jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 5 mln dollar suv toshqini natijasida evakuatsiya qilingan Turkiston viloyati Maqtaaral tumanidagi 30 mingdan ortiq kishiga bo‘lib beriladi. Evakuatsiya qilingan 5202 ta oilaning hujjatlari to‘liq to‘plangandan so‘ng, ularga belgilangan 422 ming tenge (1000 AQSH dollari) beriladi.
Toshkent shahrida 12 nafar, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida 4 nafar, Namanganda 2 nafar koronavirus bemori tuzaldi. Mamlakatda umumiy tuzalganlar soni 2010 kishiga yetdi.
Toshkentdagi Farhod avtomobil ehtiyot qismlar bozorida koronavirusga gumon qilingan fuqaroda COVID-19 infeksiyasi aniqlanmadi. Hozirda bozorda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda va ularning yakuniga ko‘ra bozor ishga tushishi rejalashtirilgan.
Bosh prokuratura va IIV o‘g‘rilikda gumon qilingan quvasoylikning IIB xodimlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni rad etib, uning tirikligi va hozirda davolanayotganini ma’lum qildi.
13 maydan Samarqandda karantin choralari kuchaytiriladi. Avtomobilda stikersiz harakatlanish cheklanadi, faoliyatiga ruxsat berilgan tadbirkorlik sub’ektlari har bir mijoz haroratini o‘lchab, ularga bepul yangi niqob va qo‘lqop tarqatishi shart.
Surxondaryo viloyatida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan Lacetti motoroller bilan to‘qnashdi. “Muravey” haydovchisi voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi.
Prezident qaroriga binoan, O‘zbekistonda hududlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining muayyan turlarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. Eksperiment tariqasida 2020−2022 yillar davomida Jizzax viloyatining jami 116,3 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining videokonferensiya shaklidagi uchrashvida ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Konferensiyada COVID-19 koronavirus pandemiyasi sharoitidagi hamkorlikning holati, istiqbollari va Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat muhokama qilinadi.
Koronavirus bemorlari soni 23 nafarga ortib, jami 2509 kishini tashkil etmoqda. Respublikada infeksiyadan 511 kishi davolanmoqda, ulardan 6 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda. Ayni paytda 42 mingdan ortiq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.
Senat Sardoba suv omboridagi texnogen ofat bo‘yicha hukumatga parlament so‘rovi yubormaydi. Senat raisi Tanzila Norboyeva jinoyat ishi ochilgani va ushbu masala shaxsan prezident nazoratida ekanini ta’kidladi.
Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi “Qanotchi” restorani karantin talablariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik yo‘li bilan faoliyat yuritgan deya bayonot berdi va ushbu ish Ma’muriy sudga kiritilganini ma’lum qildi. Oldinroq, Toshkent shahar IIBB hamda poytaxt hokimligi ushbu restoranning faoliyati “sinov” tariqasida amalga oshirilganligi haqida xabar berishgan edi.
11 may kuni O‘zbekistonda 68 ta yangi COVID-19 holati qayd etildi, 107 kishi ushbu infeksiyadan sog‘aydi.
Pensionerlarga bank xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida xizmat ko‘rsatadigan banklarni tanlash imkoniyati beriladi. Markaziy bank pensiya mablag‘larini yagona bank orqali pensionerlarga yetkazish tizimining samarasiz ekanligi va bu amaliyotdan voz kechish lozimligi bo‘yicha xulosaga kelgan.
Toshkent viloyati hokimligi viloyatda koronavirus infeksiyasiga qarshi olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Jumladan, “Bilayn” kompaniyasining 91 nafar ishchisi Yuqori Chirchiq karantin poligoniga joylashtirilgani ma’lum qilindi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yerni noqonuniy tortib olgan mansabdor shaxslar uchun javobgarlik kiritilmoqda. Qoidabuzarlik takror sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Senatorlar MJTK va JKga tuzatishlar kiritilishini ma’qulladi.
Prezident topshirig‘i bilan Dubay, Minsk, Seul va Dehliga charter reyslar tashkil etildi. 8−10 may kunlari O‘zbekistonga 800 nafardan ziyod fuqaro qaytarildi. Frankfurtdan reys amalga oshirilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda tashkil etiladigan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi mustaqil huquqni muhofaza qilish organi maqomida bo‘ladi. U parlament a’zolari, prezident adminstratsiyasi, hukumat a’zolari va boshqa mansabdor shaxslar ishini ham o‘rganadi. “Maishiy korrupsiyadan elitar korrupsiyani o‘rganish darajasiga chiqiladi”, — deya ma’lum qildi bosh prokuror.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting