2024/2025 o‘quv yili uchun 186 871 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Xususan, 41 153 nafari davlat granti, 145 718 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdi. Grantda o‘rtacha o‘tish balli — 121,7, kontraktda esa 94,7 bo‘ldi.
Prezidentga Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilishi reja qilingan investitsiya loyihalari taqdim etildi. Saudiya Arabistoni bilan Nukus shahrida issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash, Ispaniya bilan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish hamda Germaniya bilan misni qayta ishlash loyihalari rejalashtirilmoqda.
Mirzaobod tumanidagi xususiy bog‘chada 2 yoshli bola vafot etdi. Bolaning o‘limiga nafas yo‘llari ovqat bilan berkilib qolgani oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.
2−4-sentabr kunlari Muxtor Auezov nomidagi Qozoq milliy drama teatri Toshkentdagi Davlat musiqali komediya teatrida (operetta) chiqish qiladi. 6-sentabrdan 8-sentabrgacha esa ular Nukusdagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida gastrol safarlari bilan ishtirok etadi.
Prezident Qoraqalpog‘istonda Xitoy va Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilishiga start berdi. Shuningdek, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyati boshlab berildi.
Toshkentda o‘zini “O‘zbekfilm” mas’uli deya tanishtirgan shaxs mahkuma ayol hayotiga bag‘ishlangan serial suratga olish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 20 ming dollar olganda ushlandi. Toshkent viloyatida esa chet tili bo‘yicha soxta sertifikat olib bermoqchi bo‘lgan konsalting firma rahbari $3500 ustida qo‘lga olindi.
Samarqand tumanidagi Mironqul-Ohalik tog‘ida adashib qolgan 18 yoshli yigit qutqarildi. U tog‘ning 1000 metr balandligidan soat 01:30 da topilgan.
Dushanbadan harorat asta-sekin ko‘tariladi, lekin nisbatan qulay bo‘ladi. Kunduzi havo +30…+35, ba’zi joylarda +37 darajagacha isiydi. Ayrim hududlarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Dushanba kuni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyuradi. Safar davomida sanoat korxonalari, IT va ijtimoiy soha obyektlarini ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan. 20-avgust kuni davlat rahbari Nukusda tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazadi.
Mustaqillik bayrami va “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali munosabati bilan 25-avgust-3-sentabr kunlari Samarqand-Toshkent-Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha “Afrosiyob” elektropoyezdi harakati yo‘lga qo‘yiladi.
Qozog‘iston SSV mamlakatga maymunchechak kirib kelishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilganini ma’lum qildi. Xususan, aeroportlar va chegara o‘tish joylarida nazorat choralari kuchaytirildi. Vazirlik endemik mamlakatlarga boruvchi fuqarolarga tavsiyalar berdi.
BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal 19−30-avgust oralig‘ida O‘zbekistonda bo‘ladi. U Toshkent, Jizzax, Samarqand va Buxoroga tashrifi davomida uy-joy arzonligi va yaroqliligini o‘rganadi. U talabalar turar joylari va boshpanasiz qolganlarning manzillariga ham boradi.
Fransiyaning mashhur aktyorlaridan biri Alen Delon 88 yoshida vafot etdi.
Andijon shahri sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. U 2017-yilda shahardagi ta’lim muassasalari rahbarlarini haqoratlagani uchun jarimaga tortilgan, 2019-yilda esa ishdan olingandi.
Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulga bordi. Tashrifda savdo aylanmasini 3 mlrd dollarga yetkazish, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish muhokama qilindi. Afg‘onistonlik tadbirkorlarni O‘zbekistonda faol ishlashi borasida kelishuv imzolandi.
“O‘zsuvta’minot” ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzdor iste’molchilarga kredit bermaslik taklifi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. O‘zbekistondagi 5 mln xonadonning 50 foizga yaqinida qarzdorlik mavjud.
SES boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Ikromov O‘zbekistonga maymunchechakning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, virusologiya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan, joylarga test sistemalari tarqatilmoqda.
Madaniyat vaziri Toshkent davlat sirkini xususiy boshqaruvga berish va hayvonlarsiz ham tomosha ko‘rsata oladigan mexanizmni ishlab chiqish kerakligini aytdi. “Davlat uchun sirkdagi bitta hayvonni boqish bir insonni boqishdan qimmatga tushmoqda”, — degan Ozodbek Nazarbekov sirkka oid rejalarni sanadi.
18-avgustdan OTMning bakalavriat bosqichi kirish testlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlarning apellatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi. Jarayon 10 kun davom etadi, shikoyatlarni ko‘rib chiqish esa 22-avgustdan boshlanadi.
Tarmoqlarda abonentlarning “o‘tgan yillar uchun elektrdan qarzi borligi” haqida shikoyatlar kelib tushdi, bu esa ularning ta’minotdan uzilishiga sabab bo‘ldi. “HET”ning xabar berishicha, bu eski tizimdan yangisiga arxiv ma’lumotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq. Kompaniya vaziyatga oydinlik kiritmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting