O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari telefon orqali muloqotda hamkorlikni kengaytirish, strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirishni ko‘rib chiqdi. Kremlga ko‘ra, “xalqaro va mintaqaviy kun tartibi masalalari Rossiyaning BRIKSga amaldagi raisligini hisobga olgan holda muhokama qilindi”.
Senatorlar “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Zo‘ravonlik shakllariga g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya va bullingni ham kiritish, shuningdek, bolalarni himoyalash tartibini joriy etish va tarbiya jarayonida jismoniy jazolashni taqiqlash taklif etilmoqda.
Senat Vazirlar Mahkamasi faoliyatini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot, budjet, moliya, soliq, ijtimoiy soha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida 16 yoshli yigit o‘z opasini “yigitlar bilan munosabatda bo‘lgani” uchun o‘ldirdi. U qo‘lga olinib, holat yuzasidan jinoiy ish ochildi.
Senatorlar 100 dan ortiq hujjatni, jumladan, 9 ta qonunni o‘zida jamlagan Tadbirkorlik kodeksini ma’qulladi. U tadbirkorlikni uchta toifaga bo‘ladi, davlat tomonidan tartibga solishning chegara va shakllarini, yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullana olmaydigan faoliyat turlarini va boshqalarni belgilaydi.
Mart oyida Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanidagi sayilda gaz balloni portlab, 1 kishi vafot etgan, 14 kishi esa jarohat olgandi. Sud bu ishda ballon egasi, sayilga baliq sotish uchun borgan 22 yoshli yigitni aybdor deb topdi. Unga nisbatan 2,5 yil qamoq va 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi.
Markaziy Osiyoning beshta davlatida 0−17 yoshdagi 60 mingga yaqin bola, buning salbiy ta’siriga qaramay, internat muassasalarida qolmoqda. YUNISEF 2030-yilga qadar barcha yirik internat turidagi muassasalarni yopishga qaratilgan yettita tavsiyani e’lon qildi.
Qovun va tarvuzlar yetarli darajada pishmagan yoki yetishtirilishida kimyoviy o‘g‘itlardan ko‘p foydalanilgan bo‘lsa, bu salomatlikka jiddiy xavf tug‘diradi, deydi SSV. Vazirlik bu mahsulotlarni to‘g‘ri tanlash va ulardan zaharlanmaslik uchun nima qilish lozimligi bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Toshkent shahrida Monza, Cobalt, Spark va skuter ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Hodisada hech kim jarohat olmadi. Avtomobillar texnik shikastlandi.
AQSh Adliya vazirligi Google’ni majburan bir necha qismlarga bo‘lish hamda Android operatsion tizimi va Chrome brauzeridan mahrum qilish variantini ko‘rib chiqmoqda. Avvalroq sud kompaniyani qidiruv tizimlari bozorida monopolist deb topgandi.
Tailand konstitutsiyaviy sudi bosh vazir Settha Thavisinni axloq qoidalarini buzgani sababli lavozimidan chetlatish uchun ovoz berdi. U o‘z idorasiga o‘tmishda korrupsiya ishi bo‘yicha sudlangan advokatni tayinlagan.
Toshkentdagi “L-Parkentskiy-1” elektr tarmog‘i va “Lafarga” podstansiyasida nosozlik yuzaga keldi. Buning oqibatida ikkita tumandagi 3 mingdan ortiq iste’molchi elektr ta’minotidan uzildi. Hudud aholisi 4−5 soatdan buyon chiroq yonmayotganidan shikoyat qilmoqda. Energetika vazirligi noqulaylik uchun uzr so‘radi.
Namanganda aholi tinchligini buzib, bezorilik qilayotgan fuqaro holatning oldini olishga kelgan ikki nafar IIB xodimini pichoq va yog‘och bilan jarohatladi. U qo‘lga olindi, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Asakadagi 37-maktabda o‘qituvchilar og‘ir qurilish ishlariga jalb qilingani, ish jarayonida o‘qituvchilardan biri jarohatlangani xabar qilingandi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchilar dars soatlari qisqarib ketishidan qo‘rqib, majburiy mehnatga rozi bo‘lgan. Maktab direktori 35 mln so‘m jarimaga tortildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimi qayta ko‘rib chiqiladi. Har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi. Shuningdek, bu hokim yordamchilarining asosiy vazifasiga aylanadi. Ehtiyojmandlarni ishga olgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi.
Buxoro viloyatida 160 ta davlat muassasasida 5 ming nafar rahbar xodim ishlaydi, ularning ish haqi uchun har yili budjetdan 455 mlrd so‘m (har bir xodimga o‘rtacha 7,58 mln so‘m) ajratiladi, dedi prezidenti. Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimiga ular uchun KPI belgilashni topshirdi.
SSV yangi o‘quv yili oldidan maktab sumkalarini tanlashda nimalarga e’tiborli bo‘lish va ulardan qanday foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi. “Noto‘g‘ri tanlangan va foydalanilgan ryukzaklar umurtqa pog‘onasi va mushaklar uchun ortiqcha yuklamani keltirib chiqaradi, bu skolioz rivojlanishi xavfini oshiradi”.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning otasi, hakamlik va nazoratchilik faoliyati bilan o‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shgan Sayfiddin Ermatov 71 yoshida vafot etdi. U 1982-yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi ham bo‘lgan.
Senatning navbatdagi yalpi majlisi 15-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Unda huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid tasvirlarni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirish ham ko‘rib chiqiladi. Yuqori palata mazkur hujjatni haligacha ko‘rib chiqmagandi.
Prezident faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirishga oid farmon imzoladi. 2025-yildan kredit tashkilotlari faktoring shartnomalari bo‘yicha sotib olingan pul talabnomalarini qayta sota (refaktoring) oladi, mijoz kontragenti norezident bo‘lsa, operatsiyalarni xorijiy valyutada qilishga ruxsat etiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting