Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning hayotiga suiqasd uyushtirildi — unga hukumat majlisidan chiqqan payti o‘q uzildi. Siyosatchining ahvoli og‘ir, hujumchi qo‘lga olindi.
Prezident qarori bilan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida ulgurji va chakana savdo uchun to‘lov sifatida AQSh dollari, yevro, Rossiya rubli va yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat berildi.
Prezident Coca Cola kompaniyasi raisi va bosh direktori Jeyms Kuinsini qabul qildi. Investitsiyalar hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Chorshanba kuni kompaniya mamlakatdagi to‘rtinchi zavodini ochdi. Beshinchisi kelasi yili ochilishi kutilmoqda.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi noturar joyda xandaq qazilishi oqibatida qo‘shni uy qulab tushdi. Keltirilgan zarar yoki jabrlanish holatlari haqida ma’lumot berilmadi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekiston bilan 2024-yilgi maslahatlashuv yakunlari bo‘yicha bayonotni e’lon qildi. Missiya, jumladan, mamlakatga manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish va daromadlarni deklaratsiyalashning samarali tizimini joriy qilishni tezlashtirishni tavsiya qildi.
Aprel oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan biroz tezlashib, 13,7 foizni (+1 foiz) tashkil etdi. Respondentlar orasida dorilar va tibbiy xizmatlar narxi keskin oshganini qayd etganlar soni sezilarli darajada ko‘paydi.
Sariosiyo tumanidagi mahallaga kelib qolgan ayiq otib o‘ldirildi. Ekologiya vazirligi hayvon IIB xodimiga jarohat yetkazgani, maktabga kirib, o‘quvchilar hayotiga xavf solgani uchun “tezkor chora ko‘rish talab qilinganini” bildirdi.
O‘zbekiston aholisining yillik inflyatsion kutilmasi kommunal xizmatlar narxlari ko‘tarilishidan so‘ng keskin oshdi, deyiladi Markaziy bankning martda o‘tkazgan so‘rovi natijasida. Korxonalar ham bu omilni qayd etgan, ammo ular valyuta kursi o‘zgarishining inflyatsiyaga ta’siridan ko‘proq tashvishlanmoqda.
Venesuela zamonaviy tarixda barcha muzliklarini yo‘qotgan birinchi davlatlardan biri bo‘ldi. Iqlim o‘zgarishi tufayli uning oxirgi muzligi — La Korona kutilganidan tezroq erib, muz maydoniga aylanib qoldi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Grand Chess Tour`ning birinchi bosqichi — Superbet Rapid & Blitz Poland 2024 turnirida oltinchi o‘rinni egalladi va 11 ming dollar mukofot puli oldi. G‘olib Magnus Karlsen bo‘ldi.
Oltiariq tumanida “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimi a’zosi qo‘lga olindi. U Rossiyadan qaytib, Telegram`dagi turli guruhlarda aqidaparastlik g‘oyalarini tarqatib kelgan. Bag‘dod tumani sudi uni 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida vizasiz rejim joriy etiladi. Shuningdek, Afg‘oniston va Pokiston fuqarolariga hudud ichida do‘kon va binolar sotib olishga ruxsat berildi. Savdoda so‘m bilan birga dollar, rubl, yevro va yuan valyutalarini qabul qilishga ruxsat beriladi.
O‘zbekistonning 9 ta viloyatidagi tog‘li joylarda 16−22-may kunlari sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida hududlarni suv bosishi ehtimoli bor.
Birinchi chorakda ikkilamchi uy-joy narxlari o‘sishi sekinlashdi, lekin birlamchi bozorda yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi, deya xabar berdi Markaziy bank. Mamlakat bo‘ylab ijara narxi (dollarda) biroz oshdi (+1,4 foiz), Toshkentda esa 9,2 foizga pasaydi. Poytaxtda yer narxi sotixiga 364 mln so‘mga yetdi.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, Tojikiston Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga may oyi oxirigacha qo‘shilishi kutilmoqda.
Rishton tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi kompressor agregatlariga noqonuniy ulanib, 2,7 mln kVt soat elektr energiyasini ishlatgani ma’lum bo‘ldi. Bu 3,6 mlrd so‘mga teng. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Oltiariq tumanida 200 AQSh dollari evaziga qalbaki haydovchilik guvohnomasi yasab bergan shaxslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishlab chiquvchilari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazmoqda.
Urganch shahrida 17 yoshli yigit 5-qavatdan avtomashina ustiga quladi. Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizildi. Hodisa sabablari aniqlanmoqda.
Bobur Xudjamov Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari — investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting