Prezident Toshkent shahridagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1-sonli “Muruvvat” internat uyiga tashrif buyurdi. Bu yerda 299 nafar bola vasiylikka olingan, 334 nafar xodim ishlaydi. Shavkat Mirziyoyev bolalar bilan suhbatlashib, ularning hayotda o‘rin topishiga sharoit va ko‘mak ko‘rsatilishiga ishontirdi.
Logoped Dilorom Jabborovaning duduqlangan bolani so‘kinish va qo‘rqitish usulida davolashga uringan holati o‘rganilib, usul “ilmiy asoslanmagan va pedagogika qoidalariga zid” deb topildi. Shuningdek, u aldash va odamlar ishonchini suiiste’mol qilishda ayblanib, firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish ochildi.
Yunusobod tumanida BMW haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, ag‘darilib ketdi. Haydovchi va yo‘lovchi shifoxonaga yotqizildi.
“Gap yo‘q. Maslahat” hajviy ko‘rsatuvi boshlovchisi Olim Hojisharipov xastalik sabab 58 yoshida vafot etdi.
Bo‘ka tumanida ayol qaramog‘iga topshirib ketilgan jiyanini dars tayyorlamagani uchun o‘lasi qilib kaltakladi. U jarohati sabab uch kun o‘tib shifoxonada vafot etdi. Ayol qamoqqa olingan. Qizning ota-onasi Rossiyada ekani aniqlandi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Zayniddin Nizomxo‘jayev tavalludining 70 yilligi munosabati bilan “Xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Rossiyalik jurnalist va sport sharhlovchisi Vasiliy Utkin 52 yoshida vafot etdi. O‘limining dastlabki sababi sifatida o‘pka emboliyasi — o‘pka arteriyasida hosil bo‘lgan tromb ko‘rsatilmoqda.
AQSh hukumati saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi asbest mineralidan foydalanish to‘liq taqiqlanishini e’lon qildi. Har yili mamlakatda 40 mingga yaqin odam asbest bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etadi.
Daniyar Kamilovning Petroleum Technology Group kompaniyasiga tegishli 80 ta “O‘zbekneftgaz” yoqilg‘i quyish shoxobchalarining narxi kamida 100 million dollarni tashkil qilishi mumkin (yer narxidan tashqari). Davaktiv va “O‘zbekneftgaz” haligacha kelishuv tafsilotlarini oshkor qilmadi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi “Dilbuloq” mahallasida bo‘lib, mahalla “yettiligi” va aholi tomonidan tashkil etilgan korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, fuqarolarni yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Foto.
AQShda asli o‘zbekistonlik erkak avval sobiq xotinini, so‘ng o‘zini otib tashladi. Ular Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilari bo‘lgan. Sobiq turmush o‘rtoqlardan 10 va 12 yoshli ikki farzandi qoldi.
Toshkent 2023-yilda dunyoning havosi eng iflos poytaxtlari reytingida 22-o‘rinni egalladi. IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda PM2,5`ning o‘rtacha yillik darajasi JSST tavsiyalaridan 5−7 baravar yuqori bo‘lgan.
O‘zbekiston davlat banklarini xususiylashtirish yana kechiktirilishi mumkin, dedi Fitch Ratings direktori o‘rinbosari Pavel Kaptel. Ularning sotuvdan oldingi tayyorgarlik ishlari hamon davom etmoqda. Davlat aksiyalarini o‘z vaqtida sotish xalqaro moliya tashkilotlarining banklar kapitaliga kirishiga ham bog‘liq.
Buxoro viloyatida mansabdor shaxslar bolalarni avtobusda tashish va hamrohlik qilishni tashkil etish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan, deb xabar qildi Bosh prokuratura. Holat yuzasidan “Mansabga sovuqqonlik bilan qarash” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. YTHda ikki o‘quvchi va haydovchi halok bo‘lgandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston transchegaraviy suv sarfini o‘lchash uchun bir-biriga hisoblagich o‘rnatadi. Tomonlar ma’lumotlarni onlayn tarzda almashib boradi. Avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida ham xuddi shu maqsadda gidropostlar o‘rnatilgan edi.
Buxoro viloyati Kogon tumanida yuk mashinasi va avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan yana bir o‘quvchi vafot etdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari shifoxonaga borib, o‘quvchilar bilan uchrashdi.
Dronlarni noqonuniy olib kirish va ulardan foydalanish uchun qo‘llangan jazolarni yengillashtiruvchi qonun joriy jazoning nomutanosibligini tan oladi. Fuqarolar va sayyohlarning e’tirozlari asosli deb hisoblanadi. Endi birinchi qoidabuzarlik uchun ozodlikdan mahrum qilish emas, jarima jazosi qo‘llanadi.
BMT G‘azo sektorining shimoliy hududlarida yaqin ikki oy ichida ommaviy ocharchilik boshlanishini bashorat qilmoqda. BMT rahbari buni “mutlaq texnogen falokat” deb atadi va Isroil hukumatini anklav aholisiga insonparvarlik yordamidan to‘liq foydalanish imkoniyatini berishga chaqirdi.
Qozog‘istonda neft mahsulotlarini avtomobil transportida olib chiqishga qo‘yilgan taqiq yana olti oyga uzaytiriladi. So‘nggi cheklov 2022-yil iyul oyida joriy qilingandi.
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari 21-martdan bahorgi ta’tilga chiqadi. IV o‘quv chorak darslari 28-mart kunidan boshlanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting