Koson tumanida 4 nafar mast erkak mashinada yo‘ldan o‘tib ketayotgan YPX xodimlarini haqoratlab videoga oldi va uni Telegram`da tarqatdi. Sud hukmi bilan ularning har biriga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Prezident yuk tashish uchun qo‘shimcha yig‘imlar, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi va boshqa masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun transport vazirini ogohlantirdi. Davlat rahbari ayrim elchilar va savdo maslahatchilarini ham tanqid qildi.
Prezident mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda 25 turdagi oziq-ovqatni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni boshlash topshirig‘ini berdi. Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi.
Madaniy meros obyektlari, vokzallar, jamoat transporti va poyezdlarda harakatlanish imkoniyati cheklangan kishilar uchun lift, pandus va tutqichlar o‘rnatiladi. 2027-yilgacha ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning sayohat xarajatlarining 50 foizini davlat qoplaydi. Mehmonxonalar uchun ham subsidiyalar beriladi.
Shavkat Mirziyoyev bosh vazirga Nukus, Jizzax, Bekobod shaharlari, Sharof Rashidov, Dehqonobod, Uchqo‘rg‘on, Urganch tumanlarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘sish bo‘lmagani munosabati bilan ushbu 7 ta hudud hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirdi.
Prezident Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Murat Mirzayevni lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berdi. Davlat rahbari tashkilot faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolganini tanqid qildi.
Prezident Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga eksportni kreditlashga va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishini ta’minlay olmayotganini ta’kidladi. Imtiyozli shartlarda ajratilgan har 1 dollarga o‘rtacha 5 dollarlik eksport to‘g‘ri kelmoqda.
2024-yil yakunigacha O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o‘zbek tili kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlarda “O‘zbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasi ishga tushiriladi.
Prezident ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga mutasaddilar yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli ekani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari bor.
O‘zbekistonda chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda. Hozirda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti chegarada 4 ta idora — bojxona, karantin, SES va veterinariya organlari tomonidan nazorat qilinadi.
Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Uchtepa tumanida er-xotin va ularning 3 nafar qizi uyidan hushsiz holda topildi. Oilaning 3 a’zosi vafot etdi, 2 nafari jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. Bosh prokuratura holatga nima sabab bo‘lganini o‘rganmoqda.
Xalqaro standartlarni joriy qilish sohasini tartibga solmasa, adliya vaziri Akbar Toshqulov lavozimidan ozod etilib, Texnik tartibga solish agentligi rahbari etib tayinlanishi haqida ogohlantirildi. Agentlik to‘liq isloh qilinib, Hukumat tarkibiga o‘tkazilishi belgilandi.
O‘zbekistonda 2023-yilda 1,69 mln dona avtotransport vositasi sotildi, bu 2022-yilga nisbatan 18 foizga ko‘p. Elektromobillar savdosi 4,3 borabarga oshib, 25,7 mingta elektrokarni tashkil etdi. Elektromobillarning 71 foizi poytaxtda sotildi.
O‘zbekistonda 2024-yildan har ikki yilda bir marta mukofot jamg‘armasi 2 mln dollar bo‘lgan xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligi o‘tkaziladi. Shuningdek, “Zomin”, “Chimyon” va “Amirsoy”da boj olinmaydigan (“duty free”) yirik savdo komplekslari quriladi.
O‘z tizimidagi kamchilik va sustkashlik bo‘lgani uchun investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorovni lavozimidan ozod qilindi.
Abdulla Aripovga eksport hajmlari kamaygani uchun Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi.
Prezident raisligidagi videoselektorda investitsiyalar sohasida chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, kompleks uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
Yog‘ingarchilik hamda havo haroratining keskin o‘zgarishi sababli 19−21-yanvar kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi mavjud.
Payshanba tongidagi qalin tuman Toshkent aeroporti faoliyatini cheklab qo‘ydi. Bir qancha reyslar Samarqand, Farg‘ona, Namangandagi muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi. Uzbekistan Airways aviakompaniyasi parvozlar kechikib amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting