Toshkent-Termiz-Sariosiyo-Toshkent yo‘nalishida Let L-410 havo kemasi bilan ilk sinov parvozi amalga oshirildi. Doimiy parvozlar yo‘lovchi terminali qurilib, zaruriy infratuzilma yaratilgandan so‘ng ATR-72, Let L-410 va undan kichik samolyotlarda yo‘lga qo‘yiladi.
AQSh prezidenti Jo Bayden saylovoldi tashviqotidagi OAV tomonidan keskin deya ta’riflangan nutqida ehtimoliy raqibi Donald Trampni Amerika demokratiyasiga tahdid deb atadi. Tramp bunga javoban Baydenning nutqini “ta’sirli, qo‘rquv uyg‘otuvchi targ‘ibot tadbiri” deya baholadi.
O‘zbekistonning xalqaro qidiruvga berilgan 8 nafar fuqarosi Turkiyada qo‘lga olindi. Ular uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar kontrabandasi, firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.
Yaponiya hukumati 1-yanvar kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida kamida 126 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Yana 500 dan ortiq odam jarohatlangan, 200 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan. Buzilgan yo‘llar va noqulay ob-havo tufayli qutqarish ishlari qiyin kechmoqda.
O‘zbekiston Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi. Spirtli ichimliklar, alkogol va tamaki mahsulotlari, benzin, qurilish materiallariga aksiz solig‘i stavkalari o‘zgarmoqda. Ichimliklar uchun aksiz solig‘i, shuningdek, yangi yig‘imlar joriy etilmoqda. Soliqlar bo‘yicha o‘zgarishlar — “Gazeta.uz” sharhida.
So‘nggi haftalarda ko‘plab mamlakatlarda COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘paygani sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti odamlarni yana niqob taqish va vaksina olishga chaqirdi.
O‘zbekistonda dekabr oyi me’yorlardan 1,5−2 darajaga issiq bo‘ldi. Noyabr oyi esa kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy bo‘ldi. Shu bilan birga, 13-dekabr kuni Toshkentda oxirgi 30 yildagi eng past harorat qayd etildi.
Yo‘l harakati qoidalari buzilganini qayd etish vositalarini o‘rnatgan tadbirkorlarga ekologik huquqbuzarliklarni ham qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar berish huquqi berildi. Bunda tadbirkor jarima sifatida undirilgan mablag‘ning 20 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.
Endi qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan qarzi bor shaxs, elektr energiyasi uchun pul to‘lolmaydi. Bunday tartib dastlab Toshkent, Nukus va viloyatlar markazlarida, keyin esa butun respublika bo‘ylab amalga oshiriladi.
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev qisqa muddatli ta’tilda bo‘lgani sababli uning o‘rnini yoshlar yetakchisi Dilmurod Rahimjonov vaqtincha egalladi. Hokimlik buni “yoshlarga motivatsiya berish” deya izohladi. Bunday amaliyot 2020-yilda Andijon viloyatida ham kuzatilgan.
Toshkentdagi savdo do‘konlarining birida bepul kiyim-kechak tarqatilishi sabab tartibsizlik yuzaga keldi. Poytaxt IIBB holat bo‘yicha hech kim jarohatlanmagani va jamoat tartibi saqlanganini bildirdi. Ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzgani uchun do‘kon rahbari 5,1 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Markaziy bank qo‘mitasi 2023-yil dekabr oyida amaldagi qonunchilik talablariga rioya etmagani uchun 3 ta bankning ayrim operatsiyalarni amalga oshirishiga cheklov o‘rnatdi va 2 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi.
O‘zbekiston Italiya bilan ushlab berish, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam va mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qildi.
Toshkentda ACWA Power kompaniyasi bilan pilot loyiha doirasida vodorod gazida harakatlanuvchi avtobuslarni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
“Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimiga aloqadorligi uchun to‘qqiz yil qidiruvda bo‘lgan fuqaro 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U mart oyida Turkiya politsiyasi tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi.
O‘zbekiston oktabrda kuzatilgani kabi noyabr oyida ham dunyoda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi. Mamlakatning qimmatbaho metallni sotish hajmi 11 tonnani tashkil etdi, bu ikkinchi o‘rindagi Qozog‘istonning ko‘rsatkichlaridan deyarli 4 baravar ko‘p.
Markaziy bank o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik tadbirkorlik subyektlariga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda tavakkalchilik darajasini 100 foizdan 75 foizgacha tushirishni reja qilmoqda.
Shanba kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi boshlanadi. 7-yanvar kuni Farg‘ona vodiysidan boshqa hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Kunduzi harorat +9…+14 daraja bo‘ladi.
2023-yilda “O‘zmilliybank” AJ ko‘plab ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirib, hududlarning xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishda ishtirok etdi.
BMTga ko‘ra, 2024-yilda global iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 2,4% gacha sekinlashadi. Hisobotda aytilishicha, to‘siqlar sirasiga yuqori foiz stavkalari, konfliktlarning kuchayishi, sust xalqaro savdo va iqlim falokatlari kabilar kiradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting