24-dekabr kuni Toshkentning Amir Temur va Alisher Navoiy ko‘chalarida o‘rnatilgan beshta kamera avtobus yo‘lagida to‘xtagan 175 nafar haydovchiga jarima soldi.
Zangiota tumanida 13 yoshli qizga nisbatan o‘gay onasi tomonidan zo‘ravonlik qilingani aniqlandi. Ayolning ruhiy holatiga huquqiy baho berish uchun ekspertiza tayinlandi.
Prezident Fanlar akademiyasining 16 nafar yangi haqiqiy a’zosini tasdiqladi. Ular orasida qator ilmiy muassasalar rahbarlari va xodimlari bor. Bungacha FAning haqiqiy a’zolari ro‘yxati 2017 va 1995-yillarda to‘ldirilgandi.
Oilaga tayyorgarlik mavzulari maktab o‘quv dasturiga biologiya va tarbiya fanlari doirasida kiritiladi. Ona tili va chet tili fanlarida o‘quvchilarga “oila muqaddasligini ochib beradigan” mavzular o‘qitiladi. Oiladagi zo‘ravonlikni qoralovchi va muvaffaqiyatli xotin-qizlarga atalgan kino va reklamalar ishlanadi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2030-yilga borib davlat idoralari rahbariyatining kamida 30 foizi ayollardan iborat bo‘lishi kerak. Shuningdek, kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi ayol tadbirkorlarning ijara haqi qisman qoplanadi, xotin-qizlar tomonidan yetishtiriladigan mahsulotlar bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuziladi.
Foydali qazilmalar qazib oluvchi kompaniyalar uchun navbatdagi imtiyozni joriy etish reja qilinmoqda. Kelasi 2 yilda metall va uglevodorodlar qazib olishni boshlaydiganlar renta solig‘idan umrbod ozod etilishi mumkin. Deputat Doniyor G‘aniyev bunga qarshi chiqsa-da, hamkasblari normani baribir qabul qildi.
Toshkentda avtobuslar 30-dekabrdan 2-yanvarga qadar yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida, 6-yanvar — shanba kuni esa ish kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida harakatlanadi.
Buxoroning Vobkent, Olot, Qorako‘l va Jondor ko‘mir omborlarida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 806,4 tonna ko‘mir noqonuniy sotib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
Bo‘stonliq tumani sudi 31 yoshli sobiq profilaktika inspektorini voyaga yetmagan qizning nomusiga tegishda aybdor deb topib, unga 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jinoyat uchun shart-sharoit yaratib bergan 3 kishiga nisbatan ish ochish masalasi bo‘yicha prokurorga xabar yuborildi.
Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahriga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari MDH mamlakatlari rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Zo‘ravonlikka uchragan jabrlanuvchining talabiga ko‘ra sud tomonidan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlarning soddalashtirilgan tartibda, yarashish uchun muhlat tayinlamasdan hal qiluv qarori chiqarishi mumkin. Mazkur qonun loyihasini tayyorlash Vazirlar Mahkamasi va Oliy sudga topshirildi.
Bosh prokuratura Nurobod tumanidagi korxona elektrga noqonuniy ulanib, kripto-aktiv va mayning faoliyati bilan shug‘ullanganini aniqladi. MCHJ 2,5 mlrd so‘mlik elektrdan o‘g‘rincha foydalangan.
Bolalar ombudsmani Qashqadaryoda 7 oy davomida jinsiy qullikda saqlangan 14 yoshli qiz bilan uchrashdi. Hozirda qizning ahvoli barqaror ekani, psixolog u bilan muntazam ishlayotgani ta’kidlandi. Jarayon ustidan kuzatuv davom ettiriladi.
Toshkentda tovlamachilik va giyohvand moddalari bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilinib, yana to‘qqiz kishi hibsga olindi. Ichki ishlar bosh boshqarmasi ularning ismi va suratlarini e’lon qildi.
UzAuto Motors kiberhujumlarga uchragan va ishlamay qolgan kontraktatsiya tizimini qayta ishga tushirdi. Onlayn kontraktatsiya 25-dekabr kuni soat 14:00 da yana ochiladi va faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda 26−27 va 29-dekabr kunlari yomg‘ir yog‘ishi, shimolda qorga aylanishi kutilmoqda. Harorat kechalari +2…+7, kunduzi +8…+13 daraja (29-dekabrda +5…+10) iliqqacha pasayadi. Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.
Prezident farmoni bilan 1-fevraldan Samarqand shahar, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarida Oila sudyalari tashkil etiladi.
Toshkentdagi bir qator bozorlar hududida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil qilindi. Dam olish kunlari hududda madaniy dasturlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilmoqda. Manzillar.
Mudofaa vazirligi taklifi bilan 11-sinfda o‘qiydigan o‘g‘il bolalar uchun “Yosh vatanparvar” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi kutilmoqda. Nishon harbiy OTMlarga kirishda qo‘shimcha 3 ball beradi.
MHTI ekspertlariga ko‘ra, 2022−2023-yillarda jahon bozoridagi neft narxi O‘zbekistondagi benzin narxlariga 1 oylik kechikish (lag) bilan ta’sir qildi. Shuningdek, talab yuqori bo‘lgan Ai-80 va Ai-92 markali benzinlarning ulgurji narxlari jahon bozoridagi neft narxiga sezuvchan ekani aniqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting