Sentabr oyida O‘zbekiston Xitoyga 41,6 mln dollarlik gaz yetkazib berdi — bu apreldan beri yetkazib berishning minimal hajmi bo‘ldi. Yil boshidan buyon Xitoyga gaz eksporti 412,2 mln dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli 1,9 barobar kam.
Prezident qarori bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga portlash xavfi yuqori kimyoviy moddalarni saqlash talablarini nazorat qilish vazifasi yuklandi.
Adliya katta maslahatchisi Azamat Mirzayev Navoiy viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Sobiq viloyat prokurori Baxtiyor Ahmedov Bosh prokuratura boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘ldi.
DXX Andijonda gumonlanuvchiga yordam berish evaziga $5 ming olgan tergovchi va bunga ko‘rsatma bergan prokuror o‘rinbosarini ushlaganini ma’lum qildi. Samarqandda esa prokuror yordamchisi ayblanuvchini qamoqdan chiqarish uchun 3 ming dollar so‘ragani aytilmoqda.
2024-yilda davlat budjetidan Madaniyat vazirligiga 1,1 trln so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda. Vazirlik xarajatlari orasida davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish, Toshkent xalqaro kinofestivalini o‘tkazish kabi bandlar mavjud.
O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq ulgurji iste’molchi va 648 mingta xonadon elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHNAT)ga ulanmagan. Prezident kamchiliklarni bartaraf etish va elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
IHT davlatlari transport vazirlari yig‘ilishi yakuni bo‘yicha “O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — Turkiya” multimodal koridorini rivojlantirish to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. U Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlaridan YeI mamlakatlariga raqobatbardosh tariflarda yuk tashishni tashkil etishni nazarda tutadi.
1-dekabrdan boshlab O‘zbekistonda davlat sport ta’lim muassasalariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish uchun ariza beruvchilar Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun ariza beruvchidan yig‘im undirilmaydi.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish “Tolibon” taqiqidan keyin 95 foizgacha kamaydi. Ko‘plab afg‘on fermerlari bug‘doy yetishtirishga o‘tgan.
IHT sammiti munosabati bilan Toshkentda 8−10-noyabr kunlari ayrim avtobus yo‘nalishlariga o‘zgartirishlar kiritiladi, qator yo‘nalishlarda interval va qatnov vaqti ortib ketish mumkin (ro‘yxat). Uzbekistan Airports yo‘lovchilardan aeroportga olib boruvchi aylanma yo‘llar bilan tanishib chiqishni so‘radi.
Toshkent xalqaro aeroporti yaqinidagi ko‘prikning birinchi bosqich qurilish-montaj ishlari yakuni bo‘yicha sinov o‘tkazildi. Unda 35 tonnalik 4 ta avtotreylerga 40 tonnalik 4 ta harbiy tanklar yuklanib, yo‘l o‘tkazgichga umumiy 300 tonna yuklama berildi. Ko‘prik yuklamaga bardosh berib, mustahkamligi isbotlandi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti kunlarida Toshkentning markaziy ko‘chalari butunlay emas, balki faqat delegatsiyalar o‘tish vaqtida yopiladi, deya ma’lum qildi “Toshshahartransxizmat” “Gazeta.uz”ga. Jamoat transporti uchun aylanma yo‘l sxemalari tayyorlanmoqda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekistondagi to‘rtta sug‘urta kompaniyasining litsenziyasini bekor qildi, ulardan uchtasi oxirgi besh kun ichida litsenziyasidan mahrum bo‘ldi.
Qozog‘istonda tuman va viloyat ahamiyatiga ega shaharlar hokimlarining sinov tariqasidagi ilk saylovi yakunlari sarhisob qilindi. Amaldagi hokimlar va ularning o‘rinbosarlari qariyb barcha joyda g‘alaba qozonishdi, deb yozmoqda mahalliy OAV.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Silk Avia`ning Uzbekistan Airways tarkibiga o‘tishiga izoh berar ekan, Uzbekistan Airports aviatsiya bilan shug‘ullanmasligi kerak bo‘lgani, buni barcha ekspertlar ta’kidlaganini aytdi. Avvalroq u hududiy aviatsiya ishga tushganini “uzoq kutilgan loyiha” deb atagandi.
Oktabrda Toshkentda avtobuslar yo‘lovchilarga 25 mln martadan ortiq xizmat ko‘rsatdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 83 foiz yoki qariyb 9,4 mln nafarga ko‘p demakdir. Shu bilan birga, yo‘nalishlarga chiqarilgan avtobuslar soni ham oshgan.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekistonning “Gazli” va “Xo‘jaobod” yerosti gaz omborlari 98 foizga to‘lgan. Ob-havo iliq bo‘lgani sababli ulardan gaz olish hozircha boshlanmagan. Energetika vaziri avvalroq kunlik gaz olish quvvati 18−20 mln kubometrdan 30 mln gacha oshirilishini ta’kidlagan edi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishda quyosh, shamol va gidroenergetika ulushini oshirish rejalariga qaramay, O‘zbekiston “gazdan voz kechmaydi”, dedi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Unga ko‘ra, mamlakat gazdan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarishni deyarli 2 baravar oshirishni rejalashtirmoqda.
Italiya prezidenti Serjio Mattarella 9−11-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Rim uchun Toshkent bilan hamkorlik O‘zbekistonning Yevropa va Uzoq Sharq, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi strategik mavqeyi sabab alohida ahamiyatlidir, deya qayd etadi Agenzia Nova agentligi.
7-oktabrdan beri G‘azo sektoridagi janglarda BMT Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligining (UNRWA) 88 nafar xodimi halok bo‘ldi. “Oradan 30 kun o‘tdi. Yetar. Bu hoziroq to‘xtatilishi kerak”, — deyiladi tashkilot bayonotida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting