Shveysariyada o‘tgan Xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonliklar 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Sovrindorlar umumta’lim, ixtisoslashtirilgan va Prezident maktabi o‘quvchilari hisoblanadi.
Prezident Yangi Toshkent qurilishi bo‘yicha direksiya va muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishini ma’qulladi. Birinchisiga qurilish vaziri o‘rinbosari, ikkinchisiga bosh vazir rahbarlik qiladi. Direksiya shaharni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqadi, investorlar bilan shartnoma tuzadi va boshqa ishlarni bajaradi.
Bahram Sultonov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi etib tayinlandi.
1-avgustdan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, 20-avgustdan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflari oshiriladi.
Tijorat banklari 26-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 555−11 615 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 655−11 670 so‘m.
Polsha O‘zbekistonga jami 4,5 mln dollarlik o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qiluvchi apparatlarni beg‘araz yordam sifatida taqdim etdi. Ular Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi tibbiyot muassasalarida foydalaniladi.
Taniqli fotojurnalist Yuriy Korsunsev og‘ir xastalikdan so‘ng olamdan o‘tdi. U ko‘plab nashrlar, jumladan, bir necha yil davomida “Gazeta.uz” va Afisha.uz bilan hamkorlik qilgan.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gan bir oy davomida omma oldida ko‘rinish bermagani ortidan lavozimidan chetlatildi. Van I XXR Tashqi ishlar vazirligining yangi rahbari bo‘ldi.
Urush hududlariga ishga bormaslikka chaqirilgan Rossiyadagi o‘zbekistonliklar, guruch narxiga oid xabarlar, qizamiq kasalligiga chalinayotgan bemorlar, Fransiyaning “Lans” klubiga o‘tgan futbolchi Abduqodir Husanov, bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud jarayoni va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Jinoyat kodeksining 5 ta moddasi bilan ayblanayotgan bloger Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. 25-iyul kuni bo‘lib o‘tgan ilk ochiq sud majlisida OAV vakillari ishtirok etdi. Ishda 14 nafar jabrlanuvchi mavjudligi va ularga jami 903 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
May oyida Damas haydovchisi svetoforning qizil chirog‘iga o‘tib ketib, ikki o‘quvchi qizni urib yuborgan, ulardan biri 9 kundan keyin shifoxonada vafot etgan edi. Sud haydovchiga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish hamda 2 yil transport boshqarish huquqini cheklash jazosini tayinladi.
So‘nggi haftalarda Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoni qamrab olgan haddan tashqari issiqlik to‘lqinlari issiqxona gazlari emissiyasi natijasida yuzaga kelgan global isish tufayli paydo bo‘lgan, deyiladi World Weather Attribution tadqiqotida.
Sanepidqo‘mita xorijdan kelgan qizamiq bilan og‘riganlar bilan aloqada bo‘lgan fuqarolarda qizamiq kasalligi aniqlanayotganini ma’lum qildi. 2023-yil boshidan buyon 306 kishidan qizamiq shubhasi bilan qon namunalari olinib, ulardan 164 nafarida kasallik qayd etilganini ma’lum qildi.
Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyasi qurilishi doirasida balandligi 100 metr, parraklari 84 metr bo‘lgan ilk turbina o‘rnatildi. Bu qurilmadan yana 157 ta o‘rnatilishi kerak. Stansiyalarning ilk quvvatlari 2024-yilda ishga tushiriladi.
Model va dizayner Madina Maxmudova (Rixdinas) Toshkent metropoliteni vagonida kiyimlar namoyishini o‘tkazib, videosini tarmoqqa joyladi. Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi video metropoliten bilan kelishilmay olingani uchun modellar bilan tushuntirish ishlari olib bordi.
Hukumat qarori bilan endi sport pasporti davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali vakolatli organ tomonidan beriladi. Cport pasportining amal qilish muddati — 5 yil.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Luqmon Bo‘rixon 58 yoshida vafot etdi.
Davlat ekologiya qo‘mitasining sobiq boshlig‘i, Ekopartiyaning sobiq rahbari, 2021-yilgi saylovda prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan Narzullo Oblomurodov Toshkent moliya instituti prorektori etib tayinlandi. Oliygohga, shuningdek, Alimnazar Islamkulov ham prorektor bo‘ldi.
Jasur Salixov yangi tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)ga rektor etib tayinlandi. U bunga qadar Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti prorektori lavozimida faoliyat yuritgan.
Namangan shahrida Shimoliy Farg‘ona kanaliga tushib ketgan Damas mashinasini qutqarish paytida ichida 5 nafar bola bo‘lgan yana bir Damas kanalga tushib ketdi. Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi, bir nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting