2023/2024 o‘quv yilidan maktablarda bilimni baholashning yangi tartibi joriy etiladi: o‘qituvchi o‘quvchilar o‘tilgan mavzularni amaliyotda qo‘llashi, ularning tanqidiy fikrlashi va materialni tahlil qilishini baholaydi. Boshlang‘ich sinflarda Informatika, o‘rta sinflarda esa moliyaviy savodxonlik o‘rgatiladi.
31-may kuni tongda Sho‘rchi tumanidagi 2 qavatli aralash mollar savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Uning oqibatida binoning 2-qavati yonib zararlandi. Yong‘in sababi aniqlanmoqda.
Yunusobod tumanida erkak O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ikki laylak va ikkita lochinni sotmoqchi bo‘ldi. Qushlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilib, erkak 3,3 million so‘m jarimaga tortildi.
O‘zbekistonda jarrohlik amaliyoti bilan ko‘z to‘r pardasini ko‘chirib o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu orqali to‘r parda bilan bog‘liq kasalliklar tufayli ko‘rish qobiliyati yo‘qotgan bemorlarni davolash mumkin bo‘ladi.
2024-yildan bola tug‘ilganidan so‘ng doimiy yashash manziliga biriktirilgan maktabda onlayn hisobga qo‘yish tizimi joriy qilinadi. Maktablarning har o‘quv yili uchun qabul rejasi my.maktab.uz platformasida shakllantiriladi. Shuningdek, direktorlar ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlanadigan bo‘ladi.
2024-yil 1-iyundan bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilar maktab o‘qituvchilarinikiga teng miqdorda oylik oladi. Shuningdek, davlatga qarashli bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berish tartibi o‘zgaradi.
Prezident maktablariga 2023/2024 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 10-iyundan 30-iyunga qadar onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda profilaktik hisobda turgan shaxslar doirasini qisqartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat bilan 368,6 ming nafardan ziyod shaxsga nisbatan profilaktik hisob bekor qilinishi mumkin.
Prezident Antikorrupsiya agentligiga Energetika vazirligi bilan 1-sentabrgacha yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqishni topshirdi. DXX, IIV va BP huzuridagi departament elektr va boshqa tarmoqlarga noqonuniy ulanishlarga qarshi kurashadi.
Tijorat banklari 31-may kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 350 — 11 400 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 410 — 11 465 so‘m.
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov homilador ayollarga davlat tomonidan dori-darmon uchun yetarli mablag‘ ajratilayotgan bo‘lsa-da, ularga ro‘yxat yozib berilayotganini va tug‘ilishlarning aksariyati kesarcha kesish yo‘li bilan bo‘layotganini tanqid qildi.
25-may kuni Qo‘shtepa tumanida maktab bitiruvchisi Katta Farg‘ona kanalida cho‘kib ketdi. Uning jasadi oradan 5 kun o‘tsa ham topilmagan. Qutqaruv otryadi voqea joyida qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Koba san’at majmuasi mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi ekani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, ta’sischi o‘zgartirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vazirlikka kelgusida qonunlarga qat’iy rioya qilish borasida taqdimnoma kiritdi.
Argentinada o‘tayotgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi JCH O‘zbekiston uchun nihoyasiga yetdi. Nimchorak finalda ular so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborib, Isroilga mag‘lub bo‘ldi.
O‘zLiDeP Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqladi. Saylovoldi dasturida sanoat sohasidagi “megaloyihalar”, Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil etish, avtomobil ishlab chiqarishni 1 mln dan ortiq donaga yetkazish va boshqalar haqida gapirdi.
Ekopartiyadan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod, juma tabrigini tarqatishga Musulmonlar idorasining munosabati, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish haqida gapirgan energetika vaziri, minglab ishlab chiqargan bo‘lsada, sotuvda yo‘q Cobalt, Lacetti, Damas va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
30-mayga o‘tar kechasi Kiyev oy boshidan buyon 17-marta ommaviy havo hujumiga uchradi. Bir kishi halok bo‘ldi, yana 13 kishi yaralandi. O‘sha kuni ertalab Moskvaga ham uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi uyushtirildi, bir nechta binolar zarar ko‘rdi.
12-iyunga qadar Japan Digital University`da kuzgi semestrga qabul davom etadi. Abituriyentlar muhandis-dasturchi, kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishilari bo‘yicha hujjat topshirishlari mumkin.
Indoneziyaning Batik Air aviakompaniyasi oktabr oyi oxiridan boshlab Kuala-Lumpur-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar haftasiga uch martagacha amalga oshiriladi.
Toshkent viloyatida uchta xonadonda yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda 450 kvadrat metr maydonda tom va ichki jihozlar yonib zararlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting