Xorazm viloyatining Urganch shahri va tumanlarida erta tongda chang aralash kuchli shamol kuzatildi. Ayrim tumanlarning elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi.
Yangi hafta boshidan yana yomg‘ir, kartadan kartaga pul o‘tkazmalari soliqqa tortilmasligi, AQSh sanksiyalari ostida qolgan O‘zbekiston fuqarolari va kompaniyalar, Agrar universitetning 21 yoshli talabasi vafot etgani, chigirtkalarga qarshi transchegaraviy kurash va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida
Erkak 2019-yilning yozida 13 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda. Voqeadan so‘ng qiz bu haqda ota-onasiga aytishga jur’at eta olmagan. Keyinroq ular bundan xabardor bo‘lgach, huquq-tartibot idoralariga qayta-qayta ariza bilan murojaat qilgan. Jinoyat ishi 2023-yilning 4-apreliga kelibgina ochilgan.
Indoneziyada terrorizmda ayblanib qo‘lga olingan uch nafar o‘zbekistonlik tergov izolyatoridan qochib ketdi. Qochish chog‘ida ulardan biri daryoda cho‘kib ketdi, bir qo‘riqchi halok bo‘ldi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘sha kuniyoq ikki qochoqni qo‘lga oldi.
Kartadan kartaga (p2p) pul o‘tkazmalari uchun soliq joriy etilgani haqida xabarlar Soliq qo‘mitasi tomonidan rad etildi.
AQSh Alisher Usmonovning USM xoldingi va unga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ular orasida “Ohangaronsement”, Ucell ulushiga ega bo‘lgan Digital Invest va O‘zbekistondagi markalash tizimining operatori va boshqalar bor. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari ham sanksiyalar ostida qolgan.
Yangiyo‘l shahridagi sport klubida Agrar universitetning 21 yoshli talabasi sog‘lig‘i yomonlashib qolgani oqibatida vafot etdi. Uning o‘limiga o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston o‘zining biologik xilma-xillik bo‘yicha milliy siyosatini BMTning Taraqqiyot dasturi ko‘magida Kunming-Monreal global bioxilma-xillik loyihasiga ko‘ra muvofiqlashtiradi.
O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Tojikistonning “Chigirtkalarga qarshi kurash ekspeditsiyasi” muassasasi FAO ko‘magida 70 ming gektar maydonda transchegaraviy tadqiqot ishlarini amalga oshirdi.
Buxoro viloyati Shofirkon tumaniga Alisher Fayzilloyev hokim etib tayinlandi. U Davlat soliq qo‘mitasi moliya-iqtisod boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi. Sobiq hokim boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.
O‘zbekiston hududiga sovuq havo massalari kirib kelishi sababli 16−17-aprel kunlari respublika shimolida havo harorati kechasi 0 darajagacha tushadi. Kunduzi butun respublika bo‘ylab yomg‘ir va do‘l yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, havo harorati +15 darajadan oshmaydi.
“Madaniyat va ma’rifat” telekanali nomini “Karvon”ga o‘zgartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi jamoatchilik tanqidiga uchragandi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov telekanal nomida o‘zgarish bo‘lmasligi, mavjud loyihalar saqlab qolinishi, moddiy-texnik baza masalasiga yechim topilishini ma’lum qildi.
Malayziyaning 3 ta kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, sanoat sohasi hamda yetkazib berishda foydalanish uchun dronlar ishlab chiqarish masalalarini ko‘rib chiqmoqda.
DXX 30 ming dollar evaziga fuqaroni AQShga noqonuniy yuborishga kelishib, shundan 5000 dollarni olishda gumon qilingan shaxsni ushladi. Boshqa holatda ham bir nechta fuqaro ayni shu summani olganlikda ayblanib qo‘lga olindi.
27-aprel kuni Toshkentda gibrid formatdagi ikkinchi inklyuziv biznes-forum o‘tkaziladi. Unda biznes va tadbirkorlikda inklyuziv mehnat amaliyotini muvaffaqiyatli joriy etish, to‘siqlarsiz mehnat muhitining odamlar, kompaniya va jamiyat muvaffaqiyatiga ta’siri hamda boshqa mavzular muhokama qilinadi.
Bektemir tumanida yo‘l chetida to‘xtab turgan mashina bilan to‘qnashib, boshqaruvni yo‘qotgan Spark piyodani urib ketdi. 40 yoshli piyoda tan jarohati olib shifoxonada vafot etdi.
Malayziyaning Gemilang Coachwork Sdn. Bhd kompaniyasi “Samavto” MCHJ bilan korxona ehtiyojlari uchun alyuminiy kuzovlar yetkazib berish va O‘zbekistonda birgalikda elektrobuslar ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi.
Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga dala chetlarini o‘zlashtirish, ularda mahsulotlar yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarning ishonchli xaridini tashkil qilish vazifasi yuklatildi. Fermerlarga zovur suvlarida o‘rdak boqish va asalari uyasi tashkil qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Regulation.gov.uz portalida talabalarning 2-kursdan boshlab ishlashiga ruxsat berish to‘g‘risida qaror loyihasi joylashtirildi. Unga ko‘ra, talabalar OTM rahbari bergan sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashi mumkin bo‘ladi. Qaror loyihasiga 27-aprelgacha taklif kiritish mumkin.
Toshkentda yoz fasliga rejalashtirilgan Respublika bolalar kutubxonasining ochilishi kuzga qoldirildi. Bu murakkab restavratsiya ishlari bilan bog‘liq. Bundan tashqari, “jamoat maydonining munosib namunasi” bo‘lishi va’da qilingan kutubxona oldida ham obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting