O‘zbekiston prezidenti AI-80 benzinini 2023 yil 1 martiga qadar aksiz solig‘idan ozod qilishni nazarda tutgan qarorni imzoladi. Hujjatda «O‘zneftgazinspeksiya» va «O‘zenergoinspeksiya»ga biznes ombudsman bilan kelishmasdan tadbirkorlar faoliyatini tekshirishga ruxsat berilmoqda.
13 dekabr, soat 00:00 dan boshlab, «O‘zbekneftgaz»ga qarashli UNG Petro shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 5700 so‘mgacha tushadi. Bu Ai-80 benzinini olib kirish va sotishga bo‘lgan aksiz solig‘ining bekor qilinishi bilan bog‘liq.
Toshkent viloyati Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, BP huzuridagi departamentning Mirzo-Ulug‘bek tuman bo‘limi, IIBB va DXX xodimlari bilan hamkorlikda ikki holatda jami 126,5 mln so‘mlik pirotexnika vositalari aniqlandi. Hozirda holatlar bo‘yicha surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda.
Boyovut tumanida hokimi yordamchisi o‘zi ta’sischilik qilgan 3 ta tadbirkorlik subyektidan biriga 12 holatda fuqarolarning 371,5 mln so‘m kredit mablag‘larini o‘tkazgan va ular maqsadsiz yo‘naltirilgan. Hozirda unga va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh vazir Abdulla Aripov barcha turdagi davlat tashkilotlari va hokimliklarga budjet va undan tashqari mablag‘lar hisobidan Yangi yil bayrami munosabati bilan korporativ yig‘ilishlarni tashkil etish, bayram dasturxonini yozish hamda mushakbozlik uyushtirishni taqiqladi.
Xalqaro reytinglarning 500 talik ro‘yxatiga kirgan OTMni tugatgan kadrlarga 12 mln so‘mgacha, ilmiy daraja olganlarga esa 22,5 mln so‘mgacha ustama beriladi. Ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasidagi shartnoma asosida har oy to‘lanadi.
Yangi yil bayrami munosabati bilan yo‘lovchilarni tashishni tashkil qilish maqsadida 18−20−23−25−27−30 dekabr va 3−6−8−10−13−15 yanvar kunlari Toshkent — Urganch — Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha 12 ta poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
12 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti OTP Bank bank boshqaruvi raisi Shandor Chanini qabul qildi. Davlat rahbari «Ipoteka-bank»ni xususiylashtirish bo‘yicha bitimi muvaffaqiyatli yakuni va Yevropaning yetakchi bank-moliya instituti O‘zbekiston bozoriga kirib kelgani bilan bank boshqaruvi raisini tabrikladi.
Termiz tumanida ikki fuqaro Uchqizil kanalidan taqiqlangan ov quroli — elektr qarmoq bilan baliq tutgani aniqlandi. Oqibatda hayvonot dunyosiga 45 mln so‘m zarar yetkazildi. Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudida ko‘rib chiqiladi.
Dushanba kuni erta tongda Shayxontohur tumanidagi «Ilhom» teatrining 1-qavatidagi ko‘rgazmalar zalida yong‘in chiqdi. Spektakllar kamida ikki haftaga qoldirildi.
12 dekabr kuni Vengriya va O‘zbekiston vakillari ishtirokida «Ipoteka-bank»ni xususiylashtirish shartlari bitimi bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini imzolandi. Bitimning moliyaviy yakuni 2023 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Andijonda tadbirkor tegishli hujjatlarsiz aholi uchun tortilgan tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib, yashirin ohak sexi ochgan. Bu vaqtda u 1 mln 642 ming kub tabiiy gazni noqonuniy sarflangan, bu 2 mingta xonadonning bir oylik gaziga teng.
Senat raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining yillik yig‘ilishida qatnashdi. Majlisda qo‘shni davlatlar ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi hamkorlikni rivojlantirish borasida qator hujjatlar qabul qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning aytishicha, 2022 yil qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun haqiqiy sinov yili bo‘ldi. Biroq shunday og‘ir yilda ham barcha tarmoqlarda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi. 22 mln tonnadan ortiq meva-sabzavot, 2,7 mln tonna go‘sht, 3,5 mln tonna paxta olishga erishildi, dedi u.
Nukus voqealari bo‘yicha komissiya Bosh prokuraturani jamoatchilik qiziqayotgan ma’lumotlarni ochiqlashga chaqirdi. Gap aynan huquq-tartibot organlari ortiqcha kuchlarni ishlatgani, inson huquqlari buzilgani, qolaversa, necha kishi hibsda qolayotgani va qanchasi ma’muriy javobgarlikka tortilgani haqida ketmoqda.
O‘zbekistonda hafta yakunigacha havo asta-sekin iliydi. Harorat kechasi 0 daraja, kunduzi +7…+10, ba’zi joylarda +14 darajagacha isiydi. Respublika bo‘ylab ba’zi joylarga tuman tushishi kutilmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Jizzaxda masjidlardan elektr energiya uchun ortiqcha mablag‘ undirilganini aniqladi. «Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» 2019−2021 yillar mobaynida 58 million 289 ming so‘m noto‘g‘ri hisoblagan.
Qarshi tumanida 77 yoshli fuqaro kelini va nabirasi bilan yashash xonadonida is gazidan zaharlanib vafot etdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sudyalar oliy kengashining 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Surxondaryo, Toshkent, Sirdaryo, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan 12 nafar sudyaning ish joyi o‘zgartirildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 12−14 dekabr kunlari AQShga tashrif buyuradi. Strategik sheriklik muloqotining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etadi, Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokara o‘tkaziladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting