Yanvar-noyabr oylarida xorijiy davlatlardan 508 ming nafar, birgina Rossiyaning o‘zidan esa 317 mingdan ortiq migrant Vatanga qaytib kelgan. Mehnat vazirligi vakiliga ko‘ra, migrantlar qishni O‘zbekistonda o‘tkazib, bahorda yana qaytib ketadi, bu doimiy kuzatiladigan holat.
Markaziy bank 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy valyutadagi pul massasi 0,4 trln so‘mga ko‘payib, 125,1 trln so‘mga yetganini ma’lum qildi. Muomaladagi naqd pullar qoldig‘i esa 2,4 trln so‘mga qisqarib, 41,3 trln so‘mni tashkil etmoqda.
Angor tumanida Lada Samara haydovchisi mast holda yo‘lda yotgan piyodani bosib ketdi. 46 yoshli fuqaro voqea joyida vafot etdi.
ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi faollik 11 oy davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda o‘rtacha narxlar 15,8 foizga, xususan, poytaxtda 22,7 foizga ko‘tarildi. Shu bilan birga, uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat barqarorlashayotgani qayd etildi.
Hozirda 2 mln nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migrantlari xorij davlatlarida ishlamoqda, deya ma’lum qildi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatov. Ularning 1,5 mln nafari Rossiyada, deyarli 200 ming ortiq migrant esa norasmiy faoliyat yuritmoqda.
Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari biroz oshdi. Respondentlar tomonidan valyuta kursining qadrsizlanishi, yoqilg‘i va energiya resurslari, shuningdek, import qilinadigan xom ashyo va butlovchi qismlar narxining qimmatlashuvi narxlarni oshiruvchi omillar sifatida qayd etildi.
Seshanba kuni respublikada yana 101 kishi kovidga chalindi (oldingi kun 58 kishi kasallik yuqtirgandi). Pandemiya boshlangan 2020 yilning mart oyidan beri rasman koronavirusga chalinganlar soni 248 mingdan ortdi.
Samarqand shahri, Oqdaryo, Toyloq, Jomboy va Samarqand tumanlaridagi ayrim maktab o‘quvchilari qishki ta’tildan ertaroq qaytadi. Ular sentabrda o‘tkazilgan SHHT sammiti sababli qoldirgan darslar o‘rnini qishki ta’til kunlarining oxirgi 5 kuni hisobidan to‘ldiradi.
O‘zbekistonda efirga uzatiladigan xorijiy telekanallar ro‘yxati 50 tadan 192 taga kengaytirildi. AOKA bunday qaror fuqarolarning turli manbalardan to‘liq va xolis axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qabul qilinganini ma’lum qildi.
Tijorat banklari 14 dekabr kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 250 — 11 310 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 340 so‘m.
Nukus voqealari bo‘yicha sudda fuqaroviy da’vogarlar va jabrlanuvchilar so‘zlashda davom etmoqda. Bu haftada Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiylari, IIV xodimlari va boshqalar so‘zlamoqda. Bir necha sudlanuvchi kechirim so‘ragach, ayrim harbiy xizmatchilar suddan ularni kechirishni so‘rashdi.
Argentina terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining birinchi finalchisiga aylanmoqda. «Albiselesta» Xorvatiya bilan bo‘lib o‘tgan yarim final uchrashuvida 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘z hisobiga bitta gol va bitta assist yozdirib qo‘ygan Lionel Messi ushbu bahsning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.
Bloger Olimjon Haydarov mitinglar tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzganlik, yolg‘on axborot tarqatganlikda ayblanib, 21 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. U yaqinda Farg‘onadagi zavod ishchilarining norozilik namoyishi aks etgan videoni e’lon qilgandi, shundan so‘ng 7 ishchi hibsga olingandi.
Muzlagan yo‘laklar haqida gapirgan prezident, Toshkentga olib kelinadigan 1000 ta avtobus, 28 dekabrdan qishki ta’til, Meksikada hibsga olingan 7 nafar o‘zbekistonlik, «svet» o‘chirilishi bo‘yicha jadval, yana daraxtkushlik, is gazidan vafot etganlar ortayotgani va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
O‘zbekiston prezidenti bosh vazirga mart oyigacha Toshkentga 1000 ta avtobus olib kelish bo‘yicha topshiriq berdi. Avvalroq buncha miqdordagi avtobuslarni 2025 yil oxirigacha sotib olish rejalashtirilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumaniga tashrifi davomida kutilmaganda mahallaga tashrif buyurib, kirish eshiklari holatiga nazar tashladi, aholi xonadonlarida bo‘ldi. U mutasaddilarning issiqlik masalasini hal qilayotganiga ishontirdi, sovuq tez orada o‘tib ketishini aytib, yo‘laklar muzlaganini tanqid qildi.
Shavkat Mirziyoyev poytaxtda jamoat transportidan foydalanadigan 1,3 mln yo‘lovchi uchun avtobuslar yetishmayotganini tanqid qildi. Prezident eng og‘ir yo‘nalishlarga qisqa muddatda qo‘shimcha avtobuslar qo‘yish hamda haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Toshkent metropolitenining yer usti halqa liniyasida texnik ishlar bajarilishi sabab poyezdlar 16 dekabrdan soat 23:00 gacha harakatlanadi.
Toshkent ko‘chalarida elektr energiyasini tejash maqsadida joriy qilingan cheklovlar olinadi. 13 dekabr soat 17:00 dan mavjud ko‘cha chiroqlari, illyuminatsiya chiroqlari 100 foiz yoqiladi.
Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining ma’lum qilishicha, yil davomida 67 nafar jurnalist hamda OAV vakillari o‘z vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi. Federatsiya bosh kotibi BMT Bosh Assambleyasida «Jurnalistlarning xavfsizligi va mustaqilligi bo‘yicha» konvensiya qabul qilish vaqti kelganini aytmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting