Moliya vaziri Timur Ishmetov «2022 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha muhokamada budjet taqchilligi 3%dan 4%ga oshirilishini ma’lum qildi. Avvalroq hukumat limitga moslasha olmayotgani uchun deputatlardan budjet taqchilligining cheklangan miqdorini oshirishni so‘ragandi.
Toshkentda tramvay yo‘llarini quradigan Fransiya kompaniyasi, yoqib yuborilgan 34,2 ming quti tamaki, yana daraxtkushlik, «TTZ»dan «Mashinasozlar» metrosigacha ekspress avtobus, 800 mln yevroga 17 ta samolyot sotib olinishi, $40 mlrddan oshgan tashqi savdo aylanmasi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Hukumat qarori bilan Strategik rivojlanish agentligi rahbarining barcha o‘rinbosarlari, xususan, Rustamxon Azizov, Aziz Gafurov va Aleksey Sim o‘z lavozimidan ozod etildi. Ushbu agentlik sentabr oyida prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi sifatida qayta tashkil etilgan edi.
23 noyabr kuni E guruhidan joy olgan Germaniya — Yaponiya bahsida 1:2 hisobi qayd etildi. Yaponiya «kambek» amalga oshirdi va irodali g‘alabaga erishdi. F guruhidagi Marokash — Xorvatiya bahsida esa hisob ochilmadi — 0:0.
Yevroparlament Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi tinch aholiga nisbatan vahshiyliklari uchun Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan oldi. Shuningdek, deputatlar Yevropa kengashini Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi va «Qodirovchilar» polkini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishga chaqirdi.
Ikki qizni Indoneziyaga fohishalik qilish uchun yuborishni rejalashtirgan ikki fuqaro 5 yilu 1 oydan qamoq jazosiga hukm qilindi.
Andijon viloyati Jalaquduq tumanida oyoqlari kombaynning yanchuvchi qismiga kirib ketgan 35 yoshli erkak shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi Toshkentda tramvay yo‘llarini quradi. Loyiha qiymati 167,4 mln yevroga baholanmoqda. Liniyalardan biri “Do‘stlik” metro stansiyasidan boshlab, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab o‘tishi mumkin.
Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 40,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Jumladan, eksport hajmi qariyb $15,5 mlrdga (+23,8%), import esa $24,6 mlrdga (+21,2% ga) yetdi. Hisobot davrida — $9,1 mlrd qiymatida passiv saldo qayd etildi.
O‘zbekistonga AQShdan 131 tonna oziq-ovqat yordamining yillik partiyasi yetkazildi. Kundalik kaloriya va oqsil miqdorini oshirishga mo‘ljallangan sabzavot va dukkakli o‘simliklardan iborat ozuqaviy aralashma silga chalingan bemorlarni davolash muassasalari hamda «Saxovat» va «Muruvvat» uylariga tarqatiladi.
Fransiya O‘zbekistonga umumiy qiymati salkam 800 mln yevroga teng 12 ta Airbus A320neo va A321neo samolyotlari, shuningdek, 5 ta ATR 72−600 samolyotlarini yetkazib beradi. Bundan tashqari, ikkita Airbus H145 vertolyotini xarid qilish rejalashtirilgan.
Markaziy bank 2023−2025-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy va muqobal ssenariylarini taqdim etdi. Regulyator asosiy e’tibor iqtisodiyotda narxlar barqarorligiga erishishga qaratilishini ta’kidlab, pul-kredit siyosatida inflyatsion targetlash jarayoni davom etishini qayd etdi.
Yakkasaroy tumanida 2003 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Nexia-3 34 yoshli piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchi kasalxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etdi.
Namangan viloyati Pop tumanida ona va uning voyaga yetmagan farzandi hamda mehmonga kelgan qaynona is gazidan zaharlanib vafot etdi. Noyabr oyining o‘zida is gazidan 9 kishi halok bo‘ldi.
NASA`ning Orion kosmik kemasi Oyga uchib borib, Yerning sun’iy yo‘ldoshi atrofidan aylanib o‘tdi. Mazkur Artemis I missiyasi odamlarni Oyga olib chiqish, unda uzoq muddat qolish va Marsga keyingi parvozlarni amalga oshirish loyihasining boshlanishi bo‘ladi. Keyingi parvozda uni odamlar boshqarib borishi mumkin.
Chorshanba kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qurilishi tugallanmagan IT-park binosining 21-qavatida penoplast qoldiqlari yonib ketib, 5 kv.m maydonni zararladi. FVB yong‘inni 10 daqiqada o‘chirdi. Voqeadan hech kim jarohat olmadi. Hozir uning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanyapti.
Ko‘chmas mulk bozori tahlili yil boshidan buyon sotish hajmining 9,2 foizga o‘sganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida uy-joylarning o‘rtacha narxi qariyb 20 foizga oshdi. Ekspertlarning fikricha, uy-joy ijarasiga bo‘lgan talabning ortishi oktabr oyida savdo hajmining biroz pasayishiga xizmat qildi.
Toshkentdagi «Do‘stlik» bog‘i yaqinida Vinera Tower kompaniyasi qurilish uchun hududdagi 6 tup daraxtni ruxsatnomasiz boshqa joyga ko‘chirib, ularni nobud qilgani ma’lum bo‘ldi. Bunda tabiatga 218,3 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi. Kompaniya oldin ham daraxt kesgani uchun 430,5 mln so‘m jarima to‘lagan.
Oqqo‘rg‘onda tadbirkor kreditga olingan 100 ta qoramolni sotib, 2,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Toshkent shahrida esa korxona rahbari bank krediti evaziga olingan metall mahsulotlarni 2,1 mlrd so‘mga sotib, hujjatlarni soxtalashtirgani ma’lum bo‘ldi. Gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
23 noyabr, chorshanba kunidan boshlab «TTZ» — «Mashinasozlar» metrosi yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobuslar ish boshladi. Avtobuslar faqat 4 ta bekatda — «TTZ» bozori, «Buyuk Ipak yo‘li» metrosi, Shifokorlar malakasini oshirish instituti, «Ashxobod» bog‘i bekatlarida to‘xtaydi. Yo‘l haqi 2500 so‘mni tashkil etadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting