O‘zbekistonda xotin-qizlarning aksariyati farzandlar soni 3−4 nafar bo‘lishini ma’qul ko‘radi. Har yettinchi xotin-qizlar (15,3%) 2 nafar farzand bitta oila uchun yetarli deb hisoblaydi. Bunday javob ko‘proq oliy ma’lumotli ayollarda qayd etildi.
O‘qituvchilarni bir xil kiyintirish tashabbusi hokimlikning o‘zidan chiqqan, biroq bu forma majburiy emas, dedi poytaxt hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova. Bepul tarqatiladigan forma uchun 1,5 mlrd so‘m mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismidan ajratilgan.
Shavkat Mirziyoyev 1 noyabrda Germaniya tashqi ishlar vazirini qabul qiladi. Uchrashuvda 2 tomonlama munosabatlar muhokama qilinadi. 3 noyabr kuni BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri bilan uchrashuv rejalashtirilgan. Shuningdek, ichtisodiyot va odil sudlov masalalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
1 noyabrdan o‘zbek-qozoq chegarasidagi «Navoiy — Qoplonbek» avtoyo‘l o‘tkazish punkti 19 oyga yopiladi. Punktda modernizatsiya qilish va texnik jihozlash ishlari amalga oshiriladi.
77 yoshli Lula da Silva saylovda Jair Bolsonaroni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi va uchinchi bor Braziliya prezidenti etib saylandi. U 2017 yilda korrupsiyada ayblanib qamalgandi, biroq oradan 1,5 yil o‘tib Oliy sud uni ozodlikka chiqargan.
Prezidentdan «Sahrodan muzlikkacha» turizm magistralini qurish doirasida Shahrisabz va Samarqand shaharlarini bog‘laydigan, Chiroqchi tumanidan o‘tuvchi 30 kmlik yo‘lni ta’mirlash bo‘yicha amaliy yordam so‘raldi. Davlat rahbari rozilik bildirib, busiz sayyohlar Qashqadaryoga kela olmasligini ta’kidladi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, adabiyotshunos olim Shuhrat Sirojiddinov Chingiz Aytmatov nomidagi mukofotni qo‘lga kiritdi. Mukofot Qirg‘iziston Jogorku Keneshi taklifi bilan 2012 yil noyabr oyida ta’sis etilgan.
Prezident Administratsiyasi rahbari issiqxonalarni gazdan uzib qo‘ygan mutasaddilar harakatini «davlat xavfsizligiga tahdid», deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gazning atigi 1,5 foizi tejalgan, lekin eksport va ish o‘rinlari «o‘ldirilgan». U «gaz o‘g‘rilaydigan» AGTKSHlar bilan shug‘ullanishni topshirdi.
Noyabr oyi respublika shimoliga nam bulutli massivlar kirib kelishi hisobiga yog‘ingarchiliklar bilan boshlanishi kutilmoqda. Hafta davomida respublikaning turli viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi. Harorat ham o‘zgarib turadi. Kunduzi o‘rtacha +12…+17 daraja atrofida bo‘lishi mumkin. Tuman tushishi ehtimoli bor.
Hindistonning Morbi shahridagi ko‘prik olti oylik ta’mirdan so‘ng ochilganidan bir necha kun o‘tib qulab tushdi. Hodisa oqibatida kamida 132 kishi halok bo‘ldi, 100 ga yaqin insonlar kasalxonaga yotqizildi. Voqea sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat qo‘mitasi tuzildi.
Toshkentda haqiqatan havoning iflosligi, nafas olib bo‘lmasligini sezdim, dedi Nobel mukofoti sovrindori Raye Kvon Chung «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda. Professorning fikricha, jamoat transportini ko‘paytirish, avtomobilda shahar ichiga kirmaslik zarur. Aks holda vaziyat bundan ham yomonlashadi.
DXX tomonidan Paxtachi tumanidagi fuqaroga 474,7 gramm quyma oltinni 287 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar hibsga olindi. Ekpertiza xulosasiga ko‘ra, rangli metallning 469,5 grammi «999,9» probali sof oltin bo‘lgan. Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Markaziy bank 31 oktabr kungi dollarning rasmiy kursini 11 180,48 so‘m etib belgiladi. Tijorat banklari ham dollarning sotish va sotib olish bo‘yicha yangi qiymatini e’lon qildi.
O‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha Fisher nomidagi jahon chempionatining bronza medali uchun kechgan bahsda to‘rtinchi o‘rinni egalladi. U Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
IIVning jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga qo‘shimchalar kiritish borasidagi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Hujjat bilan, mahkumlarniing elektron davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun internetdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
“Nasaf” uch karra O‘zbekiston Kubogi sohibiga aylandi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Navbahor” bilan tenglashib oldi. Ushbu jamoalar ayni vaqtda O‘zbekiston Superligasida ham chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Fisher shaxmati bo‘yicha jahon chempionatining yarim finalida amerikalik Xikaru Nakamuraga imkoniyatni boy berdi. Endilikda o‘zbekistonlik shaxmatchi turnirda uchinchi o‘rin uchun Magnus Karlsenga qarshi bahs olib boradi.
Rossiya Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish kelishuvidagi ishtirokini to‘xtatgani, ukrainalik harbiylar britaniyalik mutaxassislar ishtirokida «don yo‘lagi»ni qo‘riqlayotgan Rossiya kemalariga hujum qilganini ma’lum qildi. Britaniya Mudofaa vazirligi bu iddaoni yolg‘on deb atadi.
Toshkent viloyatida qiymati 26 mln so‘mdan ortiq 100 va 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni muomalaga chiqarishda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi. Ularning pullarni Bo‘stonliqdagi ijaraga olgan dala hovlisida tayyorlagani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkentdagi Ahmad Donish ko‘chasi rekonstruksiyadan keyin piyodalar uchun noqulay va xavfli bo‘lib qoldi. Natijada aravachali ota-onalar va qariyalar qatnov qismidan kesib o‘tishga majbur bo‘lyapti. Va’da qilingan tirbandliklar ham yo‘qolmagan. «Gazeta.uz» fuqarolarning o‘zgarishlar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting