Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoq davlatlari parlamentlarining ayol rahbarlari sammiti yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Sammit COVID-19 pandemiyasi oqibatlari, gender tenglik hamda xotin-qizlar huquqlarini parlamentar darajada belgilash maqsadida o‘tkazildi.
Shimoliy Koreya yadro quroli to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, «dushman kuchlar» tomonidan hujum tahdidi yuzaga kelganda, ulardan preventiv foydalanishga ruxsat berdi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In KXDRning yadroviy maqomi endi «qaytarib bo‘lmaydigan» ekanligini aytdi.
Strategik rivojlanish agentligi negizida prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi. Agentlik alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish takliflarini ishlab chiqadi va uning bajarilishini nazorat qiladi. Uning bosh direktori va o‘rinbosarlari prezident tomonidan tayinlanadi.
Nukusda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Senat a’zoligiga saylandi.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov davlat-xususiy sheriklikda yotoqxonalar qurish nima sababdan oqsagani haqida gapirdi. Vazir tadbirkorlar yotoqxona qurishdan manfaat yo‘qligini va qurmasliklarini aytganini qayd etdi. Hozir esa talablar o‘zgarib, yotoqxonalar qurilayotganini ta’kidladi.
Vladimir Norov tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi. U 27 apreldan buyon tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Asia Alliance Group mulkchilik tarkibidagi o‘zgarishlar natijasida Kamo Tumasovning ustav kapitalidagi ulushi 85 foizni tashkil etdi.
Prezident farmoni bilan ta’sirchan soliq mexanizmi natijasida hosil bo‘lgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha ️mavjud soliq qarzi hisobdan chiqariladi. Shuningdek, soliq qarzini undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlarini tugatish belgilandi.
O‘zbekiston va BAAning Mubadala va TAQA kompaniyasi o‘rtasida «Talimarjon IES»ni boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Investitsiyalarning umumiy hajmi $1 mlrd bo‘lib, shundan $700 mln jalb etilgan kreditlarni to‘lashga yo‘naltiriladi.
Stroymart do‘konlar tarmog‘i ikki yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda o‘zbek estradasi yulduzlari va blogerlari ishtirok etishdi. Hamda tadbirda Skyworth EV6 elektromobilning g‘olibi aniqlandi.
Dam olish kunlari Volga bo‘yi hududlaridan salqin va biroz nam havo massalari kirib keladi, harorat +23…+28 darajagacha tushadi. Yakshanba kuni kuzgi salqin qayd etiladi, ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Surxondaryo viloyati va Farg‘ona vodiysida shamol tezligi 20−23 m/s ga yetishi mumkin.
DXX Farg‘onadan Toshkentga kelayotgan fuqaro mashinasida psixotrop dori vositalari borligini aniqladi. Gumonlanuvchi «Regapen» va «Tropikamid» tabletkalarini voyaga yetmagan qizi orqali olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston Markaziy banki 9 sentabr kungi o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini 10 977,60 so‘m etib belgiladi. Shunga ko‘ra, tijorat banklari ham o‘zlarining takliflarini o‘zgartirdi.
O‘zbekistondagi OTMlarda ta’lim olayotgan 211 ming nafar talabaning turar-joyga ehtiyoji bor, shundan faqat 91 ming talaba yotoqxonaga joylashishi mumkin. «Turar-joyga ehtiyoji bor talabalarning 47 foizi yotoqxonalar bilan ta’minlangan», — dedi Abduqodir Toshqulov.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalar ijara subsidiyasining shartnomasiz varianti ustida ish olib borilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, ijara subsidiyasini kimlarga berishni talabalar guruhda o‘zi hal qiladi. Ilmiy kengash tasdiqlagach, subsidiya talabalarning plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.
Shavkat Mirziyoyev qirol Karl III`ga yo‘llagan hamdardlik maktubida Yelizaveta II`ni 70 yildan ortiq vaqt davomida «mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishining ramzi bo‘lib kelgan buyuk davlat arbobi edi» deb atadi.
Andijonning Paxtaobod tumanidagi 38 maktabda o‘quvchilarning yo‘lakda oyoq kiyimsiz yurgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat XTB bayonotiga ko‘ra, ushbu holatning ta’lim sifatiga umuman ta’siri yo‘q. Voqea sabab maktab direktori va o‘rinbosariga intizomiy chora qo‘llandi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi Samarqand tumanidagi korxona «Darg‘om» kanaliga 1 tonna neft mahsulotlarini oqizib yuborganini aniqladi. Buning ortidan 1,2 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovi undirilishi, qolaversa, korxona faoliyati to‘xtatilishi mumkin. Hujjatlar tayyorlanib, sudga yuboriladi.
32 yil ichida ilk marta BMTTDning Inson taraqqiyoti indeksi 2 yildan beri ko‘p mamlakatlarda inqirozlar tufayli pasayib bormoqda. O‘zbekistonda esa ushbu indeks o‘sishni qayd etmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakat yangi global muammolarni hal qilishga tayyor turishi kerak, deb hisoblaydi BMTTD.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar Open budget platformasida ayrim loyihalarning qisqa muddat ichida minglab ovozlar to‘playotgani yuzasidan e’tirozlar bildirmoqda. Moliya vazirligi holatga munosabat bildirib, ovozlar qayta tekshirib chiqilishini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting