Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev shaxmat olimpiadasi g‘olibi Nodirbek Yakubbayevning otasi, soliq xizmati xodimi Murodbek Iskandarovga navbatdagi unvonni topshirdi. Shuningdek, chempionning ota-onasiga «Xumson» sanatoriysiga yo‘llanma hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari berilgan.
Magistraturada to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt summasini Davlat budjetidan qoplab berish tartibi tasdiqlandi. Buning uchun talabgorlar 15 sentabrga qadar o‘zlari ta’lim oladigan muassasa rektori nomiga ariza bilan murojaat etishlari talab qilinadi.
15 avgust kuni Jizzax viloyatida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan «Dala oshxonasi» va «Qurolsoz usta» musobaqalari boshlandi. Unda dunyoning 37 davlatidan jami 257 jamoa qatnashmoqda. O‘yinlar Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan.
Toshkent aeroportida Interpolning O‘zbekistondagi byurosi xodimlari xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqaroni turkiyalik hamkasblariga topshirdi. U muhrlarga qasddan zarar yetkazish va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun qidiruvda bo‘lgan.
Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilayotgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari yana 10 ta oltin, 4 ta kumush va 8 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ikki kurashda 446 kg tosh ko‘targan og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev o‘yinlarning mutlaq chempioniga aylandi.
O‘zbekiston va Shveysariya 16 avgust kuni Gulnora Karimovaning aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitimni imzoladi. $131 mlnga (taxminan 1,4 trln so‘m) teng aktivlar O‘zbekistonga BMTning «Uzbekistan Vision 2030» ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytarilishi kutilmoqda.
Andijonning Buloqboshi tumanidagi “Xalq banki” xodimlari tomonidan bankomatga joylanishi kerak bo‘lgan 111 mln so‘m o‘zlashtirilganligi aniqlandi. Tekshiruv davomida yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan.
Prokuratura Qarshidagi charm zavodi yaqinida sodir bo‘lgan voqeani o‘rganmoqda. Bu yerda aholi kasalliklarni keltirib chiqarayotgan hid va havoning ifloslanishidan shikoyat qilib yig‘ilishgandi. Fuqarolardan biri zavod rahbariyati tahdid qilganini aytib, o‘zini yoqib yubordi.
Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov: «Afg‘onistonlik qo‘mondonlar va harbiy xizmatchilar qochib ketgan paytda O‘zbekiston va Tojikiston hududida qolgan harbiy vertolyot va samolyotlar Ukrainaga o‘tib qolmasligi biz uchun muhim», deya bayonot berdi.
O‘zbekistonliklar mustaqillikning 31 yilligini nishonlash arafasida ish haftasidan qat’iy nazar ketma-ket 4 kun — 1 sentabrdan 4 sentabrga qadar dam olishadi. Shunga ko‘ra, barcha ta’lim tashkilotlarida o‘qish jarayonlari 5 sentabr — dushanba kunidan boshlanadi.
Toshkent viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan Salom Samadov Qashqadaryo viloyati prokurori etib tayinlandi. U avval ham mazkur lavozimda faoliyat olib borgan.
Prezident «Imom Buxoriy» ordenini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Mazkur orden bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish hamda targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan fuqarolar mukofotlanadi.
Quvasoyda bir gurux ayollar 938 kg temir buyumlar evaziga «gashish» moddasini sotgan vaqtda ushlangan. Gumonlanuvchilarning jinoyat sodir etganligi tasdiqlansa, 20 yilgacha qamalishi mumkin.
Badiiy akademiya Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi asoschisi Igor Savitskiy haykalini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qildi. 4 avgust kuni Savitskiy tavalludining 107 yilligi nishonlanayotgan vaqtda jamoatchilik e’tibori haligacha muzey asoschisiga haykal o‘rnatilmaganiga qaratildi.
O‘zgidromet 18−20 avgust kunlari yettita viloyatda shamol tezligi 17 m/s dan 27 m/s gacha kuchayishi, buning oqibatida ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishidan ogohlantirdi. Shanba kuniga kelib, havo xarorati 27 darajagacha tushib ketadi.
Toshkent metropolitenining yer usti halqa liniyasida poyezdlar harakati 5 sentabrgacha soat 23:00 gacha amalga oshiriladi.
Iyul oyida so‘mning real almashuv kursi fevraldan beri birinchi marta 2,1 foizga oshdi. Markaziy bank buni hamkor davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi bilan izohladi. Savdo-hamkor davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
Bosh prokuratura Qashqadaryo va Samarqand viloyatidagi ikkita arxeologiya yodgorligiga ziyon yetkazilgani haqida xabar berdi. Zarar 1,8 mlrn so‘mni tashkil etadi.
O‘zbekiston sportchilari Islom birdamligi o‘yinlarida turli sport yo‘nalishlarida yana 50 ta medalni — 19 ta oltin, 14 ta kumush va 17 ta bronza qo‘lga kiritdi. Og‘ir atletikachilar Sarvar Zafarjonov va Tursunoy Jabborova eng yaxshi natija ko‘rsatib, musobaqaning mutlaq chempioni bo‘ldi.
Ekvadorda dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik dzyudochilar 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting