Xorazmdagi “Urganch — Xonqa — Hazorasp — Toshsoqa — Amudaryo — A380” avtoyo‘li rekonstruksiyasi uchun 294 mln dollar mablag‘ sarflanadi. Loyihani moliyalashtirish uchun YeTTBning 238 mln dollar miqdoridagi krediti jalb etildi. Shuningdek, yo‘l bo‘ylab 30 ming tup daraxt ekish rejalashtirilmoqda.
“O‘zbekkosmos” agentligi CanSat mini sun’iy yo‘ldosh sinov parvozlarini tashkil etdi, unda 100 dan ortiq maktab o‘quvchisi ishtirok etdi. Modullar dron yordamida 500 metrgacha balandlikka ko‘tarildi, u yerda balandlik, harorat va bosim haqidagi ma’lumotlar qayd qilindi.
Qarshi aeroportida bojxonachilar 116 dona qadimiy tangani Rossiyaga olib ketmoqchi bo‘lgan fuqaroni qo‘lga oldi. Qimmatbaho buyumlar Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyiga topshirildi.
DXX raisining buyrug‘i bilan muhim axborot infratuzilmasi obyektlarini toifalash va ularning yagona reyestrini shakllantirish tartibi tasdiqlandi.
“O‘zmilliybank” AJning NBU Invest Group kompaniyasi va Turkiyaning Pala Golden Jewellery kompaniyasi o‘rtasida Buxoro shahrida zamonaviy zargarlik markazini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yunusobod tumanida qiymati 199 mln so‘mlik 10 ming quti antibiotikni noqonuniy sotishga urinishning oldi olindi. Gumonlanuvchilar xorijda ishlab chiqarilgan dorilarni sifatini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotishga uringan.
AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda Samarqanddagi Sherdor madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshiradi. 500 ming dollarlik loyihaga mahalliy hunarmandlar va xorijlik mutaxassislar taklif etiladi.
O‘zbekiston Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)dan “yashil” sanoatlashtirishda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida yana 3 mln yevro miqdorida grant oladi.
Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “Ipak yo‘li” temiryo‘l sayohati turi yo‘lga qo‘yiladi. “Olmaota — Turkiston — Toshkent — Olmaota” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys 2024-yil 16-noyabr kuni yo‘lga chiqadi. 4 kunlik tur sayyohlarga Buyuk Ipak yo‘li izlari bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradi.
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 saralashi doirasida Qatarga qarshi safarda o‘ynaydi. Terma jamoa yordamchi murabbiyi yutqazmaslikni yaxshi natija deb hisoblash mumkinligini aytdi. Qatar bosh murabbiyi esa o‘z futbolchilaridan “200 foiz kuch berib, O‘zbekistonga o‘z uslubini o‘tkazishni” so‘radi.
Samarqandda avtobus haydovchisi maktab yaqinida yo‘ldan o‘tayotgan 3-sinf o‘quvchisini urib yubordi. Bola voqea joyida halok bo‘ldi. Suratda yo‘lni ajratib turuvchi chiziqda maktab o‘quvchisining maketi o‘rnatilganini ko‘rish mumkin. “Gazeta.uz” bunday maketlar xavfni kamaytirishi o‘rniga oshirishi haqida ko‘p yozgan.
Oktabr oyida O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi o‘tgan oyga nisbatan 6 foizga kamaydi (95,4 ming dona). Sotuvlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan (-43,3 foiz). Oy davomida ikkilamchi bozorda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar kam avtomobil sotildi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari sport bilan shug‘ullanishni istagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shug‘ullanish uchun yo‘llanma berishni boshlaydi. Shuningdek, adaptiv sport turlari ommalashtiriladi va rivojlantiriladi.
Sirdaryo viloyatida YTH sodir etgan haydovchiga dastlabki tekshiruv materiallarini uning foydasiga hal qilish va avtomobilni jarima maydonchadan qaytarib olishga ko‘maklashishni aytib, 400 dollar so‘ragan YHXB katta inspektori 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
1-noyabrdan O‘zbekistonga olib kelinadigan avtomobillar bojxonada emas, balki Piskentdagi poligonda texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Jarayon ko‘p vaqt talab etadi, sertifikat narxi esa 3,5 barobarga oshdi (keyinchalik narx biroz pasaytirildi). “Gazeta.uz” texnik ko‘rik o‘tkazuvchi UzTest bilan suhbat qildi.
Samarqand viloyatida maktab o‘quvchisini o‘g‘irlash va zo‘rlashda gumonlanuvchilar 9 nafar bo‘lib, ularning orasida prokuratura xodimi ham bor. Ularning 8 nafari qo‘lga olingan, deb xabar qildi Bosh prokuratura.
School 21 da 50 dan ortiq maktab hamkorlari, jumladan, IT kompaniyalari va universitetlarni birlashtirgan ta’lim mahsulotlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden Oq uydagi Oval kabinetda saylangan prezident Donald Tramp bilan uchrashdi. Bayden, avval ham aytilganidek, hokimiyatni topshirish silliq kechishiga ishontirdi.
Inflyatsiyaning o‘sishi rivojlangan mamlakatlar aholisining noroziligini keltirib chiqarib, hukumatga bo‘lgan ishonchga putur yetkazmoqda. Saylovchilarning iqtisodiy vaziyatdan hafsalasi pir bo‘lishi Trampning AQShdagi g‘alabasi hamda Britaniya va Yaponiya hukmron partiyalarining mag‘lubiyatiga olib keldi, deb yozadi FT.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Vlado Radmanovich Qatar bilan o‘yinoldi matbuot anjumanida bittagina aniq zarba, bitta dribling yoki birgina xato uchrashuv natijasini hal qilib qo‘yishi mumkinligini ta’kidladi. “Yutqazmaslik yaxshi natija bo‘ladi, deb hisoblash mumkin”, — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting