Prezident O‘zbekiston hamda Qatar davlati hukumatlari o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. Hujjat aviaqatnovni tashkil etishdan tashqari, aviakompaniyalarga bojxona yig‘imlari va soliq to‘lovlaridan ozod etuvchi imtiyozlarni nazarda tutadi.
Toshkent shahridagi Yangiobod bozorining mas’ul xodimlaridan biri tadbirkorga xaridorlar gavjum joydan noqonuniy tarzda savdo do‘koni olib berishga uringani aytilmoqda. U buning evaziga 10 ming dollar talab qilib, shundan 8,5 ming dollarini olganida ushlangan.
Avstriyada bo‘lib o‘tgan Yevropa ochiq chempionatida uch nafar o‘zbekistonlik yosh dzyudochilar 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Talabani zo‘rlashga uringanlikda gumonlangan TDPU sobiq dekan o‘rinbosari ishi bo‘yicha sud yakuniga yetdi. Sud ayblanuvchi B.Yu.ni qizning nomusiga tekkanlik fakti bo‘yicha oqladi. Biroq, u talabani derazadan itarib yuborganlikda aybli deb topildi va 3 yilga qamaldi.
Prezident yer maydonlarini auksionga qo‘yishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga oxirgi marta “hayfsan” berdi. Ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi.
Oliy ta’lim vaziri endi faqat ikki toifadagi talabalarga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi, qolgan hollarda esa akademik mobillik qo‘llanilishini ta’kidladi. «Talaba turmush qursa va davlat xizmatchisi boshqa ish joyiga o‘tsa, vazirning xati bilan ko‘chirishga ruxsat beriladi», — dedi Abduqodir Toshqulov.
«Agrobank» ning yangi — Agromarkaz va Agrozamin-O‘zimizniki loyihalari — fermerlar va tomorqa yer egalariga mo‘ljallangan.
10 iyundan boshlab O‘zbekistonga kirib keluvchi ham xorijlik, ham mahalliy fuqarolar uchun koronavirus bilan bog‘liq barcha cheklovlar, jumladan, manfiy natijali PZR-test hamda kovidga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat talabi bekor qilindi.
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining «G‘o‘za biotexnologiyasi» laboratoriyasi noodatiy rangda paxta yetishtirish bo‘yicha tajriba o‘tkazmoqda. Tabiiy rangli tola ishlab chiqarish paxtaning eksport salohiyatini oshiradi, deb hisoblaydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida hibsga olindi. U 2017−2019 yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.
Rim shahrida Gran-pri turkumiga kiruvchi turnirda taekvondochi Shuhrat Salayev bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Markaziy Osiyoga tashrifi doirasida BMT bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad O‘zbekistonga ham keladi. Senat va Yoshlar ishlari agentligida muzokaralar, shuningdek, O‘zbekistonning lider ayollari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
8 iyundan boshlab Qozog‘iston chegarani kesib o‘tishda emlanganlik hujjati va PZR testi talabini bekor qildi. Shuningdek, mamlakatning 7 ta viloyatidagi vaqtinchalik yopilgan 12 ta avtomobil chegara o‘tkazish punktlarining ishi qayta tiklanmoqda.
Buyuk Britaniya Konservativ partiyasi deputatlari bosh vazirga ishonchsizlik votumi bildirish bo‘yicha ovoz berdi. Boris Jonsonning tanqidchilari uni karantin paytida bazmlar uyushtirganlikda ayblamoqda. Fraksiya a’zolarining 58,5 foizi bosh vazirni qo‘llab-quvvatladi va u lavozimini saqlab qoldi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhi 21−22-iyun kunlari Jenevada beshinchi bor yig‘ilish o‘tkazadi. Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari — ITSV rahbari Sardor Umurzakov O‘zbekiston tashkilotga tezroq kirishga ustuvor ahamiyat qaratishini ta’kidlagan edi.
Prezident qarori bilan 254 ta sport maktabi va 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi tashkil etildi. 4 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar 6 bosqichda saralanadi va professional sportga salohiyati borlargina ixtisoslashtirilgan sport maktabiga qabul qilinadi. Keyingi yildan maktablarga 35 mlrd so‘m ajratiladi.
Yangiyo‘l tumanida fuqaro Kadastr agentligida ishlovchi tanishlari orqali 40 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaro nomiga noqonuniy tarzda rasmiylashtirib berishga uringanlikda ayblanmoqda. Gumonlanuvchi buning evaziga kelishilgan 29 ming dollardan 10 ming dollarini olganda ushlandi.
Prezident qarori bilan Oliy sport mahorati institutiga qabul 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi. Institut Samarqandda joylashtiriladi, unga yaxshi natijaga erishgan Olimpiya va Paralimpiya kollejlari bitiruvchilari qabul qilinadi. Bitiruvchilarga «trener», «hakam», «seleksioner» mutaxassisliklari beriladi.
Prezident qarori bilan Paralimpiyachilarning matonat maktabi tashkil etildi. Qolaversa, Abdulla Qodiriy ko‘chasida Paralimpiyachilar bog‘i bunyod etiladi. Metroning yangi bekatlaridan biriga «Paralimpiya harakati» nomi beriladi, 2023 yildan Toshkentda «Paralimpiyachilar matonati» xalqaro forumi o‘tkaziladi.
20 may kuni Ohangaronda YPX inspektori jarima maydonchasiga olib ketayotgan «VAZ-2121» haydovchisi o‘zini mashinadan tashlab yubordi. 27 yoshli fuqaro 6 iyun kuni kechasi shifoxonada vafot etdi. Prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting