Buxoro neftni qayta ishlash zavodida O‘zbekistonda ilk bor «Yevro-6» toifasidagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Keks-chizkeyk, limonli va vanilli, bananli hamda shokoladli keks, «zebra» keksi, qaynagan suv qo‘shib tayyorlanadigan shokoladli keks — Zira.uz mazali kekslar retseptlari ro‘yxatini taqdim etadi.
1 iyundan oylik maoshlar oshirilishi, ishdan olingan «O‘zmedimpeks» direktori, 1 sentabrdan o‘quvchilar uchun yagona maktab formasiga o‘tilishi, 2030 yilda YAIM $160 mlrdni tashkil etishiga ishontirayotgan Jamshid Qo‘chqorov, $745 mlnga ko‘paygan O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari, Umar Xayyom haqida film olishni rejalashtirayotgan eronlik rejissyor va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 20 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
1 iyundan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 12 foizga oshiriladi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam va bazaviy hisoblashning yangi miqdorlari belgilanmoqda.
Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 2022−2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasini tasdiqlash kutilmoqda. Unga ko‘ra, fuqarolarni baxtsiz hodisa, ish o‘rinlari qisqarishi va boshqa hollarda daromadsiz qolishdan himoyalash maqsadida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi. Shuningdek, 6 oy davomida uzliksiz ishlagan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasining bir qismini davlat, qolganini esa ish beruvchi to‘lab berishi reja qilinayapti.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yuridik va jismoniy shaxslarga doimiy foydalanish huquqi asosida yer uchastkalarini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi. Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Shanba kunidan Toshkent shahridagi Samarqand darvoza, Ko‘kcha darvoza va Qoratosh ko‘chalarida ta’mirlash ishlari olib boriladi. Hokimiyat bu vaqtda yo‘llar yopilmasligi, balki transport harakati qisman cheklanishini ma’lum qildi.
“Toshshahartransxizmat” yo‘lovchilar endi avtobus va elektrobuslarga old eshikdan chiqib, orqa eshikdan tushishi haqida ma’lum qildi. Bu ularga qulaylik yaratish va transport madaniyatini shakllantirish maqsadida joriy etilgani aytildi.
Turkiyaning «TURKTAV» jamg‘armasi o‘zbekistonlik tadqiqotchilarga Usmonlilar imperiyasining tarixiy arxivlarga kirish imkoniyatini taqdim etdi. Bu orqali o‘zbek olimlari O‘zbekiston tarixiga oid bir qator hujjatlarni tiklashlari mumkin. Jamg‘arma 55 ming qo‘lyozmani raqamlashtirgan bo‘lib, ular qatoridan Turkiston xonliklarining farmonlari, maktublar, Usmonlilar davlati bilan munosabatlariga oid hujjatlar joy olgan.
Hukumat 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini to‘liq joriy etishga qaror qildi. Dastlab, buni 2019 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan edi, ammo jamoatchilik noroziligi tufayli muddat 2024 yilga qoldirilgandi. Kam ta’minlangan oilalarga formani xarid qilishga ko‘maklashiladi.
Sog‘liqni saqlash vaziri «faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani» uchun «O‘zmedimpeks» DUK rahbari Diyorxon Kattaxodjayev hamda vazirlik boshqarmasi mas’ul xodimini ishdan bo‘shatdi.
Mehnat vazirligi xorijda ishlab, O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlarni ko‘rish taklifini bildirdi. Ular qatoridan «50×50» dasturi doirasida 40,5 mln so‘mgacha hamda har bir migrant uchun ish beruvchiga 405 ming so‘mdan subsidiyalar ajratish, 1 gektargacha yerni 30 yilga ijaraga berish, qolaversa, 50 mingdan ortiq migrantni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish o‘rin olgan.
O‘zbekiston hukumati davlat-xususiy sheriklikni iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va yalpi ichki mahsulot o‘sishi omillaridan biri deb hisoblaydi, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. 2026-yilgacha DXSH loyihalariga 14 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jalb etish, 2030-yilga borib esa YaIM hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
1 may holatiga O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 745 mln dollarga ko‘payib, jami 35,9 mlrd dollarni, shu jumladan valyuta qismi 13,5 mlrd dollarni, oltin qismi esa 21,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Unga amaldagi Konstitutsiyani ishlab chiqishda qatnashgan, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov raislik qiladi. Komissiya «jamiyat — islohotlar tashabbuskori» g‘oyasi asosida ish olib boradi.
O‘zgidromet shanba va yakshanba kunlari O‘zbekistonning shimoliy va cho‘l hududlarida shamol tezligi 28 m/s gacha kuchayishidan ogohlantirdi. Kavkaz hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi hisobiga dam olish kunlari deyarli barcha hududlarda yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi, tog‘li hududlarda sel kelishi kutilmoqda.
Xorijdan qaytgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga «mahallabay ishlash» tizimi asosida xizmatlar ko‘rsatish rejalashtirilayapti. Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, mehnat inspektori yordamchisi va mahalla raisi ularning ehtiyojlarini aniqlab, onlayn platformalarni to‘ldiradi. Shunga ko‘ra, ularga ishsizlik nafaqasi, subsidiya va stipendiya beriladi.
Kann xalqaro kinofestivalida O‘zbekiston milliy paviloni ochildi. Mamlakat media mahsulotlarni suratga olish uchun kinokompaniyalar va telekanallarni jalb qilishni ko‘zlayapti. Kelib chiqishi Erondan bo‘lgan kanadalik rejissyor Mustafo Keshvari O‘zbekistonda Umar Xayyom haqida film suratga olishni rejalashtirmoqda.
O‘zA rahbarining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri lavozimiga tayinlandi. 2019 yilda davlat tilini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan departament rahbari lavozimi noyabrdan beri vakant edi.
Prezident huzuridagi taqdimotda geologiya sohasini rivojlantirish, foydali qazilmalar zaxiralari va yerosti suv resurslarini ko‘paytirish, uran, litiy, alyuminiy, magniy va boshqa noyob metallarni qazib olishga investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting