«Bugungi narxlar bilan biz faoliyat samaradorligini oshirish orqali sanoatning ayrim muammolarini hal qilishimiz mumkin. Ammo 25 yildan beri meros bo‘lib qolgan muammolarni hal qila olmaymiz, — deya ta’kidladi energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev. Uning qo‘shimcha qilishicha, shunchaki narxlarni oshirishning o‘zi yetarli emas. Ishlaydigan bozor qoidalari kerak. Shu bilan birga, davlat aholi uchun tarif siyosatini saqlab turishi kerak.
Toshkent shahar IIBB Yunusobod tumanidagi uy oldida 17 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan erkak qo‘lga olingani haqida xabar berdi. U mayda bezorilikda ayblanib, 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olinib, jarimaga tortildi. Jabrlanuvchi ichki ishlar bo‘limi uning arizasini birinchi murojaatda qabul qilmaganidan shikoyat qildi.
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev endi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. Unga qadar mazkur lavozimda Aziz Abduhakimov faoliyat yurtigan.
2020 yildan boshlab 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 kishi turli darajada jarohat olgan. Senatorlar o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar yetarli darajada o‘z samarasini bermayotganini tanqid qildi.
Seshanba kuni Konstitutsiyaviy komissiya rahbari Akmal Saidov Asosiy qonun islohoti zaruratini Karl Marks va Fridrix Engelsning «Kommunistik partiya manifesti»ga tayanib asoslantirishga harakat qildi. «Hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi», — dedi u.
UzAuto Motors kompaniyasi 2021 yilda tuzilgan shartnomalarga muvofiq, 68 ta dilerlik tashkilotlari orqali 5 mingdan ortiq holatda xaridorlarga mashinalarni o‘z vaqtida yetkazib bermagani aniqlandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi kechiktirilgan har bir kun uchun iste’molchilarga penya to‘latish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Time jurnali 2022 yilning eng nufuzli insonlari ro‘xatini e’lon qildi. Ro‘yxatdan Vladimir Putin, Vladimir Zelenskiy, Jo Bayden, Tim Kuk, Opra Uinfri, Rafael Nadal kabi insonlar joy olgan. Putin haqidagi matnni Aleksey Navalniy, Zelenskiy haqida esa Jo Bayden yozgan.
25−27 yanvar kunlari butun O‘zbekistonda kuzatilgan energotizimdagi uzilishlar oqibatida “Toshissiqquvvati” korxonasi aholiga belgilangan normada issiqlik energiyasi yetkazib bermaganligi aniqlandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Toshkent bo‘yicha 4,5 mlrd so‘m, 9 ta hudud bo‘yicha esa 1,222 mlrd so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarishga erishdi.
Rossiya-Ukraina mojarosi fonida rossiyaliklar O‘zbekiston yo‘nalishida bir tomonlama aviachiptalarni ko‘proq xarid qilmoqda. Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, mart-aprel oylarida konsalting, moliya va IT-kompaniyalar vakillari ortga qaytish chiptalarini nisbatan kamroq sotib olgan.
Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari tomonidan O‘zbekiston bilan chegarada 270 metrlik tunnel aniqlandi. Uning yordamida ikki mamlakatga bemalol o‘tish mumkinligi, tunnelni qaziganlikda gumon qilinayotgan shaxs esa ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligi aytilmoqda.
Chirchiqda ikki nafar maktab o‘quvchisi 58 yoshli erkakni sababsiz kaltakladi. Tergov harakatlari boshlangan. IIB vakillari ushbu o‘quvchilar istiqomat qiladigan mahallada bo‘lib, ota-onalar va aholi bilan suhbatlashdi.
Abdulaziz Kamilov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Feysal bin Farxan bin Abdulla bilan muloqot qildi. Saudiya tomoni Kamilovni O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili deb qayd etgan va suhbat chog‘ida so‘nggi mintaqaviy hamda xalqaro o‘zgarishlar muhokama qilingan.
Xovos tumanida Lacetti va Nexia avtomobillarining to‘qnashuvi oqibatida 5 kishi, jumladan, kichik yoshdagi bolalar halok bo‘ldi. Bir kishi jarohatlandi.
Pastdarg‘om tumanida 3 nafar shaxs 4 sotix yer maydonida 610 tup marixuanani, Payariq tumanida esa fuqaro o‘z uyida 103 tup ko‘knori giyohvand o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda maymun chechagi qayd etilmaganini aytgan Nurmat Otabekov, respublikada joriy qilinadigan sportchilarni tayyorlashning yangi tizimi, qornida salfetka qolib ketgan 26 yoshli andijonlik ayol, Oltinko‘l tumaniga hokim bo‘lgan hokim yordamchisi, rekonstruksiya qilinadigan Qarshi aeroporti va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 23 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Bekobodda «VAZ-2104» va «Cobalt» avtomashinalari to‘qnashib, ikki kishi (ulardan biri 2022 yilda tug‘ilgan) vafot etdi, uchtasi kasalxonaga yotqizildi.
O‘zbekistonda biror sport turi bo‘yicha mahalliy olimlar tomonidan na metodika, na dastur ishlab chiqilgan. Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, kardiomashg‘ulotlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmaydi, deya tanqid qildi Shavkat Mirziyoyev sohani rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda. «Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda», — dedi u.
Qarshi xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda: terminalning o‘tkazuvchanlik quvvati ikki baravarga oshiriladi, yangi bagaj tasmalari hamda elektron tarozilar o‘rnatiladi, yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratiladi.
O‘zbekistonda sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Shavkat Mirziyoyev yoshlarni bolalikdanoq sportga jalb qilish borasidagi yondashuvlar o‘zgartirilishini ma’lum qildi. Buxoro tajribasi asosida — yaxshi natijaga erishgan yosh sportchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi va ular maxsus guruhlarda bepul o‘qitiladi, sport maktabi trenerlarining ish haqi 35 foizga oshiriladi.
O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev o‘rindoshlik asosida mamlakatning Vengriyadagi diplomatik vakolatxonasini ham boshqaradi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting