Asaka tumanida tug‘ruqxona shifokorlari 26 yoshli ayolning qornida salfetkani unutib qoldirgani oradan 10 oy o‘tib ma’lum bo‘ldi. Tuman hokimligi salfetka jarrohlik amaliyoti bilan olib tashlangani va bemorning salomatligi bo‘yicha shikoyati yo‘qligini ma’lum qildi. Tarmoqlarda tarqalgan video esa boshqa shifokorlarga o‘rnak bo‘lishi uchun suratga olingani va noma’lum shaxs tomonidan tarqatib yuborilgani aytilmoqda.
Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzakh Petroleum) xorijiy kompaniyasi davlatdan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini 100 mln dollarga sotib oldi. Kompaniya shuningdek, 380 mln dollarga zavodni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish va boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi. Bitim tafsilotlari.
Huquqni himoya qilish organlari Toshkent shahri va viloyatida 290 ming turkman manatini sotishga uringan to‘rt nafar shaxsni qo‘lga oldi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov 14 ta davlatda tarqalgan maymun chechagi infeksiyasi O‘zbekistonda qayd etilmaganini ma’lum qildi. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib ushbu infeksiyaning mamlakatga kirib kelmasligi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Uning ishontirishicha, bunday holatda kasallik ommaviy epidemiya tarzida tarqalib ketmaydi.
Hafta davomida O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo kam bulutli va iliq bo‘ladi. Seshanbadan kunlar yana isiy boshlaydi, harorat +37 darajagacha ko‘tariladi. Juma kuni esa ayrim joylarda qisqa yomg‘ir yog‘adi. Haftaning ikkinchi yarmidan shamol kuchayib, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
Samarqand IIB xodimlari bir nafar qozog‘istonlik va ikki nafar mahalliy turistga nisbatan elektroshoker qo‘llagan holda majburan bo‘limga olib borishdi. Videolarda xodimlar shaharda «Xavfsiz tun» tadbiri olib borilayotgani va soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emasligi hamda ularga «reja» qo‘yilganini ta’kidlashgan. IIV «xodimlar xizmat vazifasi va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilganini» ma’lum qildi.
Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi yordamchisi Maxamadmuso Obidov Oltinko‘l tumani hokimi etib tayinlandi. U oldinroq Milliy bankning Andijon viloyati filiali rahbari ham bo‘lgan.
Samarqand va Namangan viloyatlarida ichki ishlar xodimlari fuqarolarni qasddan aybdor qilishga uringani aytilmoqda, buning isboti esa video lavhalarda aks etgan. Samarqandda ichki ishlar xodimi ayol kishini prokuratura binosidan chiqarishga urinayotganida o‘z qo‘li bilan xizmat kiyimidagi pogonini yulib tashlagan, buning uchun esa sud ayolni aybdor deb topgan. «Ezgulik» jamiyati tergov va sud ishi qonunga zid olib borilganini aytmoqda. Namangandagi holatda esa YPX xodimi haydovchi bilan tortishib, unga boshi bilan zarba bergan, inspektorga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.
May oyi boshida ochilgan Sergeli tumanini Toshkent markazi bilan bog‘lovchi yangi yo‘ldagi ayrim devorlar kuchli shamol oqibatida qulab tushdi. Hokimiyat pudratchi devorlarni mustahkam o‘rnatmagani va u hozirda devorlarni qayta ta’mirlayotganini ma’lum qildi.
Alisher Rayimov Angren shahri hokimi etib tayinlandi.
Dunyoda qochqinlar va ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni rekord darajani qayd etib, 100 mln kishiga yetdi. Bunga sabab — Efiopiya, Burkina-Faso, Myanma, Nigeriya, Afg‘oniston va Kongoda uzoq davom etgan harbiy mojarolardir. 2022 yilda ularning qatoriga Ukrainadagi urush ham qo‘shildi, buning oqibatida 6 mln kishi mamlakatni tark etdi, ichki ko‘chishlar soni esa 8 mlnga yetdi.
O‘zbek-qirg‘iz chegarasida yirik YTH sodir bo‘ldi. Buldozer ortilgan avtotreyler haydovchisi chegara o‘tkazish punktida turgan 12 ta avtomobilga borib urildi. IIV 9 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi 73 ta muassasada 3 oy ichida 11,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, ortiqcha ish haqi va boshqalarga 912,2 mln so‘m sarflangani, 3 ta tashkilotda aniqlangan 259 mln so‘mlik xatoda esa jinoyat alomati mavjudligi aniqlandi. Natijada 4 nafar mansabdor ishdan olindi, 31 nafari intizomiy jazoga, 1 nafari esa jarimaga tortildi.
Prezident farmoni bilan dorivor o‘simliklarni ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi oilaviy tadbirkorlar va kichik biznes subyektlari uchun soliq va kredit imtiyozlari berildi. Besh yilda 36 ming gektarda dorivor o‘simliklarning yangi plantatsiyalari yaratiladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar esa 2025 yilgacha bojxona bojidan ozod qilindi, QQSni kechiktirib to‘lashga ruxsat etilib, tashish xarajatlarining 50 foizgacha qismi qoplanishi belgilandi.
DXX Guliston shahrida ikkita noqonuniy mayning-ferma faoliyatiga chek qo‘ydi, birinchi holatda fuqaro 19 dona mayning qurilmasini o‘rnatgani aniqlandi. Ikkinchi holatda esa toshkentlik fuqaro 148 dona mayning qurilmasi yordamida fevraldan beri 40 ming dollarga teng kriptovalyuta ishlab chiqargani aytilmoqda. Ular elektr energiyadan noqonuniy foydalanib, davlatga 660 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Prezident Jo Bayden AQShning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga Jonatan Henik nomzodini ilgari surdi. 2019 yildan buyon ushbu lavozimni Deniyel Rozenblyum egallab kelmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston qahramoni, farg‘onalik fermer Lola Murotova vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. «Gazeta.uz» ga Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati «xabarlar asossiz» ekanligi va Lola Murotova shifoxonada davolanayotgani, uning ahvoli «stabil og‘ir holatda» ligini ma’lum qildi.
Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘ziga tegishli bo‘lmagan 3,5 sotix yer maydonini 9 ming dollarga sotishga uringan shaxsni qo‘lga oldi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Senatning 26-yalpi majlisi 28 may kuni bo‘lib o‘tadi. Unda senatorlar «Davlat fuqarolik xizmati» va «Davlat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini kompensatsiya to‘lash sharti bilan olib qo‘yish tartibi to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlarni ko‘rib chiqadi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinadi.
Nyu-Yorkdan Toshkentga uchib kelgan yo‘lovchi o‘zi bilan tarkibida kannabis moyi bo‘lgan 18 ta qadoqda saqich, 2 quti konfet va 10 dona shokoladni olib kirishga urindi. Uning yonidan yana 1,2 gr «marixuana» ham topildi. Gumondor moddalardan davolanishda foydalanishini va bu taqiqlanganini bilmasligini aytdi. Bojxona qo‘mitasi «bilmasligi uni javobgarlikdan ozod etmasligini» qayd etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting