Kann xalqaro kinofestivalida O‘zbekiston milliy paviloni ochildi. Mamlakat media mahsulotlarni suratga olish uchun kinokompaniyalar va telekanallarni jalb qilishni ko‘zlayapti. Kelib chiqishi Erondan bo‘lgan kanadalik rejissyor Mustafo Keshvari O‘zbekistonda Umar Xayyom haqida film suratga olishni rejalashtirmoqda.
O‘zA rahbarining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri lavozimiga tayinlandi. 2019 yilda davlat tilini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan departament rahbari lavozimi noyabrdan beri vakant edi.
Prezident huzuridagi taqdimotda geologiya sohasini rivojlantirish, foydali qazilmalar zaxiralari va yerosti suv resurslarini ko‘paytirish, uran, litiy, alyuminiy, magniy va boshqa noyob metallarni qazib olishga investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga muvofiq, tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarining Reintegratsiyasi markazlarini tashkil etish taklif etilmoqda. Markazlar migrantlarga ish topish, o‘z biznesini boshlash, subsudiya va imtiyozli kreditlar olishda ko‘maklashadi.
Ekstremal ob-havo holati — Yerdagi iqlim o‘zgarishining kundalik «yuzidir», deyiladi Jahon meteorologiya tashkilotining yangi hisobotida. Global energiya ishlab chiqarishni zudlik bilan o‘zgartirish orqaligina iqlim halokatining oldini olish mumkin. BMT qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish rejasini taklif qildi.
Deputat Rasul Kusherbayev «O‘zkomnazorat» ga Twitter bloklanishini asoslantirilgan holda tushuntirib berish va tarmoqdan cheklovni olib tashlash choralarini ko‘rish masalasida so‘rov kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi cheklovlarning ijobiy tarafidan salbiy oqibatlari ko‘proq.
O‘zbekistonga olib kelinadigan futbol bo‘yicha Jahon kubogi, mahalliy budjetlar ochiqligi talablarini buzgan poytaxt va 7 ta hudud hokimiyatlari, Navoiyda 1,4 mlrd so‘mga qimmat narxda sotib olingani sport anjomlari, O‘zbekistonda quriladigan 2606 km beton qoplamali ichki yo‘llar, logistika mamlakatda zaif nuqta ekanligini aytgan Turizm va madaniy meros vaziri va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 19 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
6,5 va 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan blogerlar Otabek Sattoriy va Fozilxodja Arifxodjayev Navoiy viloyatidagi koloniyalarda saqlanmoqda. Otabek qurilish mollariga naqsh bosayotgan bo‘lsa, Fozilxodja usta bo‘lib ishlayapti. Bu yerda shuningdek, «Ahmadboy» nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboyev o‘z jazosini o‘tamoqda. Ombudsman va inson huquqlari himoyachilaridan iborat ishchi guruh mahkumlarni saqlash sharoitlari bilan tanishdi.
Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekiston yaqin vaqt ichida tez-tez borib turiladigan mamlakatlardan biriga aylanishi, biroq, hozirda «transport logistikasidek zaif nuqtasi» borligini ta’kidladi. U shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar doirasida ichki turizmni rivojlantirish uchun «Yagona turistik brend» yaratish kerakligini aytdi. Bundan tashqari, SHHT mamlakatlari doirasida turistik kompaniyalar va sayyohlarga keshbek taqdim etish taklifi ilgari surildi.
Markaziy bank belgilaydigan AQSh dollari kursi mart oyi o‘rtalaridan beri ilk bor 11100 so‘mdan pastga tushdi. Oxirgi ikki oyda milliy valyuta barqaror ravishda mustahkamlanib bormoqda.
Paxtaobod tumanida maktab o‘qituvchisining 10-sinf o‘quvchisini urishiga o‘quvchining pedagog ko‘rsatmasiga qo‘pol ravishda javob qaytargani sabab bo‘lgani aniqlandi. Holat Andijon viloyat IIB tomonidan o‘rganilmoqda.
Xitoyning Toshkentdagi elchisi Szyan Yan Xitoy kreditlari mamlakatlarni «qarz tuzog‘iga» tushishiga sabab bo‘layotgani haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi. «G‘arb banklari yoki xalqaro moliya muassasalari qarz bersa — pishloq, Xitoy qarz yoki kredit bersa — tuzoq. Odamlar ba’zida farqiga bormaydilar», — dedi u.
Tashkent Opera Fest 2022 doirasida shaharning turli burchaklarida konsertlar va istalgan inson qatnashishi mumkin bo‘lgan fleshmoblar o‘tkaziladi.
Boks bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik Aziza Yoqubova va Mohira Abdullayeva bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu o‘zbek boks maktabi tarixida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarda qo‘lga kiritilgan ilk medallardir.
Andijon viloyatida 2022 yilning dastlabki uch oyida 10 nafar maktab o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan. Ulardan 5 nafarining hayoti qutqarib qolingan.
Ukraina 20 mln tonnadan ortiq donni sotishi mumkin edi, biroq urush boshlanganidan beri mamlakat dengiz portlari to‘sib qo‘yilgan, deya qayd etdi BMT. Tashkilotning bildirishicha, yetkazib berish qayta tiklanmasa, Janubiy Osiyo va Afrikada oziq-ovqat inqirozini yengish qiyinlashadi, oziq-ovqat narxlari ko‘tarilishda davom etadi.
Germaniyaning tashkilotlar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi SAP kompaniyasiga O‘zbekistonda o‘zining mintaqaviy ofisini ochish taklif etildi.
FIFAning maxsus turnesi doirasida O‘zbekistonga futbol bo‘yicha Jahon kubogi olib kelinadi. 6 iyun kuni o‘tkaziladigan taqdimot doirasida futbol yulduzlari — Kristian Karambyo va Karles Puyolning ishtirok etishi kutilyapti.
Afg‘oniston O‘zbekiston va Tojikistondan elektr energiyasi uchun $100 mlndan ortiq qarzi borligi ochiqlandi. Energetika va suv resurslari vazirligi qarzni to‘lashda ushbu mamlakatlarga pul o‘tkazishdagi qiyinchiliklar to‘sqinlik qilayotganini qayd etdi. O‘zbekiston Energetika vazirligi Afg‘oniston tomoni o‘tgan yil davomida elektr energiyasi uchun qarzni to‘liq to‘laganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda anomal issiq kunlar soni yiliga me’yordagi 15−30 kundan 25−40 kungacha ko‘paydi. Qurg‘oqchilik davri davomiyligi ko‘p yillik o‘rtacha 30−70 kundan 50−80 kungacha ko‘tarildi, deya xabar qildi O‘zgidromet.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting