18 dekabr kuni Istanbulda «O‘zbekiston yoshlari forumi — Turkiya» o‘tkaziladi. Forum ishtirokchilarining loyihalarini yoshlarga doir qabul qilinishi kutilayotgan O‘zbekiston hukumati qarori uchun taklif sifatida kiritish mo‘ljallangan.
Jahon bank O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tishini tezlashtirish maqsadida 400 mln dollar kredit taqdim etadi. Bunda O‘zbekistonga 30 yildan ortiq muddatga past foizli 250 mln dollarlik imtiyozli kredit, shuningdek, qaytarish muddati 12 yildan ortiq bo‘lgan 150 mln dollar miqdoridagi kredit bozor foiz stavkasida taqdim etiladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 18,90 so‘mga pasayib, 10 821,32 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ko‘tarildi, rubl kursi esa pasaydi.
Osiyo taraqqiyot banki ilk bor davlat kafolatisiz O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati korxonasi — Korzinka supermarketlar tarmog‘iga 12 mln dollar miqdorida kredit ajratdi.
Toshkent viloyatida ekologiya sohasiga oid masalalarni ko‘rib chiqishda tizimli ravishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun viloyat Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Qolaversa, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun 14 nafar mas’ulga «xayfsan» berildi.
Markaziy bank 50 ming so‘mlik banknot namunasining old tomonida «Al-Hakim at-Termiziy» maqbarasi tasviri tushirilgani, ammo maqbara nomi «Abu Iso at-Termiziy» deb yozilganligini tan oldi va befarq bo‘lmagan barchaga minnatdorchilik bildirdi. MB ushbu yangi ko‘rinishdagi pullar emissiya qilinmagani, hozirda xatolik bartaraf etilayotganini qo‘shimcha qildi.
Seulda Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida esa Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In strategik sheriklikni chuqurlashtirishga oid qo‘shma bayonotni qabul qildi. Qolaversa, AKT, «aqlli» qishloq xo‘jaligi sohalariga oid memorandumlar, Iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlikda tibbiy uskunalar yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Shanba kuni kunduzgi havo harorati +17 darajagacha pasayadi, yakshanba kuni esa Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massalari kirib kelishi natijasida hududlarda yomg‘ir yog‘adi va havo biroz soviydi.
Xalq ta’limi vazirligi maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’til 28 dekabrdan (seshanba) 10 yanvarga (dushanba) qadar davom etishini ma’lum qildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi norasmiy valyuta operatsiyalarining oldini olish uchun xususiy valyuta shoxobchalarining ishlashiga ruxsat berish taklifini ilgari surdi.
Poytaxtda o‘tgan konferensiyada adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘nggi 5 yilda 14 mingdan ortiq mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatni sodir etganini ma’lum qildi. Shundan eng ko‘pi tuman miqyosidagi amaldorlar hisoblanadi. Vazir shuningdek, bir idorada ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘lsa, o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvi ortidan qonun buzilishini aytib o‘tdi.
AQShning Nyu-York shahrida Svetlana Rashidova — Sharof Rashidovning qizi 70 yoshida vafot etdi.
Juma kunidan «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga qarashli respublikadagi barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida «AI-80» markali benzin narxi 6500 so‘mgacha arzonlashtirildi.
Prezident qarori bilan respublikada gidroenergetikani rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2030 yilda respublikadagi gidroelektr stansiyalari quvvatini 3416 MVtga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, xususiy investorlar quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz hamda 5 MVtgacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona energetika tizimiga ulanmagan holda iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish huquqiga ega bo‘ldi.
Iyul oyida Toshkent viloyati Qibray tumanida bir oilaning to‘rt a’zosi (ota, ikki qizi va o‘g‘il) hamda uyda ishlagan quruvchini o‘ldirgan qotilga umrbod qamoq jazosi tayinlandi. U maxsus tartibli koloniyada jazo o‘taydi.
Osiyo taraqqiyot bankining 162 mln dollarlik loyihasi doirasida Buxoro, Miskin, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi 465 kilometrlik temir yo‘l liniyasi elektrlashtiriladi. «Buxoro-Xiva» liniyasining elektrlashtirilishi yillik yo‘lovchi tashish hajmini 2026 yilga kelib uch yarim barobardan ziyodga oshiradi. Loyiha natijasida yillik yuk tashish hajmi 2026 yilda jami 11,8 million tonnaga yetishi kutilmoqda.
Bosh prokuratura Toshkentda kesib tashlangan daraxtlar uchun to‘langan 1,8 mlrd so‘m miqdoridagi jarima puli Ekologiya qo‘mitasiga o‘tkazib berilmayotgani bo‘yicha izoh berdi. Bunga dastlabki tergov to‘xtatib qo‘yilgani sabab qilib ko‘rsatdi. Ayni damda tergov jarayoni qayta tiklangan.
Shaxriyor Nurulloyev Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori etib tayinlandi. Bungacha u Prezident Administratsiyasida ishlagan.
Og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatida Akbar Jo‘rayev oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon chempioni bo‘ldi. Ruslan Nurudinov esa kumush medalga ega chiqdi. Ikki og‘ir atletikachi chempionatda jami 6ta medal sohibiga aylanishdi.
Denovdagi portlash yuzasidan uch mansabdor hibsga olingani, TikTok uzilishlar bilan ishlay boshlagani, «Qo‘yliq» bozorining bosqichma-bosqich ko‘chirilishi, G‘afur G‘ulom bog‘ini ijaraga olgan investor majburiyatlarini bajarmagani, tuproqshunos Galina Stulinaning Orol dengizi haqidagi intervyusi va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 16 dekabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting