Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Tashrif davomida davlat rahbari BAAning yangi saylangan prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashib, unga prezident Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Xorazm viloyatida odamlarni urib, do‘pposlab kelganlikda gumonlanayotgan 3 nafar shaxs qo‘lga olindi. Gumonlanuvchilarga tegishli avtomashinalardan pichoq va temir bita topilgan.
Moskva birjasi yaqin vaqtda savdo qilinadigan valyutalar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, o‘zbek so‘mi bilan savdolarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinmoqda, deb xabar beradi RBK. Bunday qarorning ko‘rib chiqilishi g‘arb sanksiyalari, dollar savdosi hajmining kamayishi va Rossiyadagi valyuta nazorati bilan bog‘liq. Ushbu mexanizm parallel import uchun ham qo‘llanilishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nab ketdi. Davlat rahbari 13 may kuni vafot etgan BAA prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning ta’ziya marosimida ishtirok etadi. Tashrif davomida mamlakatning yangi prezidenti bilan ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkaziladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni BAA prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.
Namangan viloyatining Norin tumanida o‘z tomorqasida 57 tup ko‘knori yetishtirayotgan fuqaro aniqlandi.
Davlat organ va tashkilotlarida kadr siyosatini yuritishni baholash bo‘yicha 10 ta indikatordan iborat reyting joriy qilinadi va u har 6 oyda e’lon qilib boriladi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi buning yordamida davlat idoralaridagi vakansiyalar to‘ldirilishi va muddatlarga rioya qilinishi, xodimlarning qo‘nimsizlik darajasi hamda ish muhitini baholashni rejalashtirayapti.
BAA Federal Oliy kengashi bir ovozdan shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni amirlik prezidenti etib sayladi. U 13 may kuni vafot etgan shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning ukasi hisoblanadi.
Aprel boshida 8 nafar shri-lankalik Toshkentdan Londonga uchishga uringanida reysdan to‘xtatib qolindi. Ekspertiza ulardagi 2ta Italiya va 6 ta Fransiya pasporti qalbaki ekanligini aniqladi. Xorijlik fuqarolarga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Oksana Chusovitina tasvirlangan graffitiga yetkazilgan zararni to‘g‘rilash so‘ralgan poytaxtdagi murallar muallifi Xasan Maycheyev voqea aslida qanday bo‘lganini so‘zlab berdi. U boshqalarning ishini buzish niyati bo‘lmaganligini aytib, hamkasbidan uzr so‘radi. Shanbaga o‘tar kechasi Inkuzart graffitidagi o‘zining logosini o‘chirib tashladi.
Hukumat qarori bilan soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga jarimaning 20 foizi miqdorida pul mukofotini to‘lash tartibi belgilandi. Fuqarolar terminal mavjud emasligi, naqd va karta orqali to‘lovda tafovut, tovarlarni qalbaki markirovkalash va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish kabi holatlarni aniqlasa Soliq mobil ilovasi orqali xabar berishi mumkin.
Qozog‘istonning Jambil viloyatida avtobus YTHga uchrashi oqibatida jabrlangan 23 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi. Vafot etgan ikki fuqaro jasadi yashash manzillari — Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborildi. Shanba kuni jarohat olganlarning yana biri olamdan o‘tdi.
Uchko‘prik tumani hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. U mazkur lavozimda Sa’dullo Istamovning o‘rnini egalladi.
Qovurilgan gulkaram, gaz pechi hamda pishloqli klyarda pishirilgan gulkaram, tovuq go‘shti bilan tayyorlangan kotletlar, gulkaramli krem sho‘rva — Zira.uz gulkaramdan tayyorlanadigan taomlar retseptlari ro‘yxatini taqdim etadi.
Toshkent viloyatida janjal oqibatida qaynona kelinini pichoqlab qo‘ydi, u kasalxonada vafot etdi. Kelinning uch nafar farzandi bor edi.
O‘zbekistonda internetda o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlarni ko‘paytirish va iqtidorli talabalarni munosib rag‘batlantirishga qaratilgan WikiStipendiya marafoniga start berildi. O‘zbekcha Vikipediyaning eng faol muharrirlari 50 mln so‘mgacha bir martalik stipendiyani qo‘lga kiritishi mumkin. Aprel oyida Vikipediyaning o‘zbekcha sahifalari 14,6 mlndan ortiq marotaba ko‘rilgan.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona faollari bilan suhbatda endi ish boshlagan paytlari viloyatning eksport salohiyatini 50 mln dollarga yetkazish mo‘ljallangani, o‘tgan yili esa bu miqdor 801 mln dollarga yetganini aytdi. «Hozir 1 mlrd dollar eksport to‘g‘risida gaplashyapmiz», — dedi u. Shuningdek, prezident tadbirkorlarga sharoit yaratib, «ularni siylasak, ular xalqni siylaydi», deya ta’kidladi.
Qashqadaryoning G‘uzor tumanida hokim yordamchisi 300 dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. U mahalliy fuqaroga viloyat tez tibbiy yordam markaziga feldsher bo‘lib ishlashga kiritishni va’da qilganligi aytilmoqda. Tuman hokimiyati «hokim yordamchisi avvalgi ish joyidagi imkoniyati tufayli pora olgani, hozirgi lavozimi unga bunday vakolatlar bermasligini» ta’kidladi.
Huquqshunos Kamoliddin Bahavadinov «tonirovka»ga qo‘yilgan talab mantiqsizlikdan boshqa narsa emasligi va unga qo‘yilgan narx «kosmik» darajada qimmatligini tanqid qildi. «Odam yozda o‘zini biroz qulay his qilishi uchun 6 oylik oyligini yemay, ichmay berishi shaxsan men uchun mantiqsizlik. Bu inson huquqlarini ochiqdan-ochiq poymol qilish», — dedi u. Qolaversa, mashina orqa yon oynasiga parda taqishga ruxsat borligi va «tonirovka» mumkin emasligini hech kim tushuntirib bera olmasligini aytdi.
Marhamat tumani hokimining «Polvontosh» mahallasi bo‘yicha sobiq yordamchisi, 38 yoshli fuqaro o‘z xonadonidagi molxonada osilgan holda topildi. Unga nisbatan tazyiq, haqorat va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etilmagani aytilmoqda. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting