O‘zgidromet 27 aprel kuni kuchli yog‘ingarchilik tufayli Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida sel kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Ramazon xayitida 5 kun dam oladigan o‘zbekistonliklar, Antikorrupsiya agentligi devoriga korrupsiyaga atab chizib ketilgan graffiti, o‘zini haqiqiy andijonlik deb bilganlarni har kuni Andijon polkasiga raqsga tushishga chaqirgan hokim, turizm bo‘yicha hokim o‘rinbosarlariga sinov muddati bergan prezident va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 26 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
1 sentabrdan O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uchun avia, temir yo‘l va avtobus chiptalarini xarid qilish, mehmonxona xarajatlari, muzeylar va boshqa madaniyat maskanlariga tashrif buyurish uchun keshbek tizimi joriy etiladi. Shuningdek, 1 iyuldan «Ziyorat turizmi» dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.
Prezident kelgusi haftada Ramazon hayiti munosabati bilan ham aholiga 5 kunlik dam olish berilishini aytdi. Uning aytishicha, Navro‘z bayramidagi dam olish kunlarida Buxoro va Samarqandga qo‘shimcha 110 ming mahalliy turistlar borgan. 2022 yildan davlat tashkiloti xodimlariga yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident raisligidagi turizm sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha videoselektorda «Andijon polkasi» raqsini YUNESKO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha taklif berildi. Davlat rahbari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston turizm magistrali bo‘ylab 31 ta tuman (shahar) hududidan o‘tuvchi yo‘l bo‘yida kompleks turizm xizmatlarini (avtoturargoh, kemping, avtoservis, ovqatlanish, yoqilg‘i quyish) qamrab olgan 1 tadan «karvonsaroy» barpo etiladi. Shuningdek, hududlarda turizm klasterlari tashkil etiladi.
Prezident 4 ta hududdan tashqari barcha viloyat hokimlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga 3 oy sinov muddati berdi. Shuningdek, davlat rahbari qaysi hokim muzeylar muammosi bilan shug‘ullandi, degan savolga ijobiy javob yo‘qligini ta’kidladi. Mutasaddilarga turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash eng ustuvor vazifa etib belgilandi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 25,03 so‘mga pasayib, 11 221,87 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Davlat bojxona qo‘mitasida Bojxona hududida/tashqarisida qayta ishlash bojxona rejimini takomillashtirish bo‘yicha boshqarma tashkil etildi. Shuningdek, bojxona hududida qayta ishlash rejimi soddalashtiriladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Otabek Choriyev Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Prezidentning tegishli qarori bilan Baxtiyor Ibragimov, Nusratilla Zikrillayev va Botirjon Shaxriyorov turizm va madaniy meros vaziriga o‘rinbosar etib tayinlandi.
Uzbekistan Airways Buxorodan Istanbulga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar haftada ikki marta amalga oshiriladi.
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida fuqaro o‘z tomorqasida 55 tup ko‘knori yetishtirayotgani aniqlandi. Bu aprel oyida ushbu tumanda aniqlangan ikkinchi holat.
Shuhrat Abdurahmonov viloyatda «Andijon polkasi» oyligini e’lon qilib, tashkilot va idoralar rahbarlari, o‘zini haqiqiy andijonlik deb bilgan barchani butun jamoasi, hamkasblari bilan har kuni Andijon polkasi raqsiga tushishga chaqirdi.
UzAuto Motors birinchi chorak yakunlari bo‘yicha 619 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 75 foizga ko‘pdir.
Xalqaro kosmik stansiyaga ilk tijoriy parvozni amalga oshirgan Axiom reysi Yerga qaytdi. Ax-1 missiyasi muvaffaqiyatli deb topildi. Axiom Falcon raketalari yordamida bir qator yangi parvozlarni rejalashtirmoqda.
Hisob palatasi 133 ta vazirlik va idoralar tomonidan budjet jarayonining ochiqligini ta’minlovchi ma’lumotlarni veb-saytlarga joylashtirilganini o‘rgandi. Yakunda 2021 yilning III choragida 91 ta, IV chorakda 54 ta tashkilot ochiq ma’lumotlarni umuman joylashtirmagani aniqlandi. Ilk bor 2 ta tashkilot rahbari sud qarori bilan ma’muriya javobgarlikka tortildi.
Rassom Inkuzart Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hovlisining tashqi devoriga «Korrupsiya» mavzusidagi graffitini chizdi. Agentlik direktori Akmal Burxonov art-obyektni qo‘llab-quvvatlab, uni «murosasiz kreativ yondashuv» deb atadi va aholini korrupsiyaga qarshi faol kurashishga chaqirdi.
Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Musa Jamanbayev ish boshladi. Elchining ishonch yorliqlari nusxalarini tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov qabul qilib oldi.
Samarqanddagi mehmonxonada 4892 dona «Repagen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini $7500 va 4,5 mln so‘mga sotishda gumon qilingan shaxslar ushlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting