O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdolari bo‘yicha tuzilgan shartnomalar o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga oshdi. Ko‘chmas mulk bitimlarining umumiy sonining qariyb 40 foizi Toshkentga to‘g‘ri keladi. Toshkentda kvartira narxlari o‘tgan chorakka nisbatan o‘rtacha 5−7% ga oshgan.
Senatning 20-yalpi majlisida Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev yillar davomida navbatda turish fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olishga majbur qilayotganini ma’lum qildi. U hozirgi kunda 500 nafardan ortiq bolani asrab olishga qariyb 5800 nafar fuqaro navbatda turganini qayd etdi.
Prezident qaroriga ko‘ra, metropoliten uchun yil oxirigacha 5 ta, 2022 yilda 14 ta to‘rt vagonli metro poyezdlari xarid qilinadi va poyezdlarning soni 80 taga yetkaziladi. Metro bekatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish maydonchalari tashkil etilib, tadbirkorlarga elektron auksion shartlarida ijaraga beriladi.
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari oktabr oyida o‘tgan oyga nisbatan 1,02 mlrd dollarga qisqardi. Yo‘qotishlarning yarmi oltin-valyuta zaxirasiga to‘g‘ri kelsa, qolgan yarmi valyutadagi aktivlarning qisqarishi hisobiga yuz bergan.
Senat madaniy meros obyektlarini saqlash va himoyasini ta’minlash bo‘yicha davlat dasturi doirasidagi ishlar to‘liq bajarilmayotganligini ta’kidladi. Senat qo‘mitasi Toshkentda madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan ayrim obyektlar ko‘rsatilgan manzilda yo‘qligi, 4 ta obyekt mavjud emasligini, 56 ta obyektning kadastr hujjatlari bo‘lmaganligini aniqlagan. Senat raisi Tanzila Narbayeva madaniy meros obyektlarini saqlashning huquqiy mexanizmini yaratish kerakligini qayd etdi.
Interpol O‘zbekistonda firibgarlik qilgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki fuqaroni Janubiy Koreyada qo‘lga olib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi. «Endi ular qilmishlari uchun sudda javob berishlariga to‘g‘ri keladi», — deyiladi xabarda.
Toshkent metropoliteni boshlig‘iga raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimiga chet ellik mutaxassis, yer osti yo‘llari samaradorligini oshirish strategiyasini ishlab chiqish uchun xorijiy tajribaga ega konsultantlar jalb qilinadi.
Gid Jamil Qosimov 1869 yilda Marg‘ilonda qurilgan qadimiy Xo‘ja Porso jome masjidi buzib tashlanganini xabar qildi. U Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgandi. Madaniy meros agentligi bino bir necha joyidan yorilgani bois buzib, yangidan qurilayotganini ma’lum qildi.
Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentning 12 ta qadimiy darvozasini tiklash va qurish bo‘yicha qarorni imzoladi. Darvozalarning joylashuvi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan xaritalarni bog‘lash orqali aniqlangan. Oldinroq «Gazeta.uz» departamentning tadqiqoti qanday borganligi va darvozalarning aniq joylashuvi haqida yozgan edi.
Chegarani kesib o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolari va katta yuk mashinalari haydovchilaridan muntazam ravishda pul talab qilib kelgan Qirg‘iziston chegara xizmati mansabdor shaxslari ushlandi.
20 oktabr kuni O‘zbekistonga GAVI Xalqaro vaksinalar alyansining COVAX dasturi doirasida Sinovac vaksinasining 864 ming dozalik partiyasi olib kelindi. Mamlakatga keltirilgan va ishlab chiqarilgan vaksinalar miqdori 31 mln dozadan oshdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova AQSh chempionatida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, AQSh milliy terma jamoasidan joy egalladi.
O‘zbekistonlik 6-sinf maktab o‘quvchisi Sofiya Singh Gill Italiyadagi Sanremo Junior bolalar xalqaro musiqa festivalida birinchi o‘rinni egalladi.
Poytaxtda Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘laydigan yangi yo‘l qurilishining birinchi bosqichi yakunlandi (foto).
Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi, O‘zbekiston muftiysi va Toshkent shahri bosh imom-xatibi tayinlanishi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarga hokimlar rais bo‘lishi — “Gazeta.uz"ning 19 oktabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Turkiyalik xakerning Donald Tramp saytida Qur’on matnini qoldirgani, Yaponiyaga KXDR tomonidan raketalar otilgani, Vetnamda maktab o‘quvchisi telefon portlashidan vafot etgani, Gruziya bosh vazirining inqilob bo‘lmasligini ta’kidlagani, Chexiya prezidenti vakolatlari taqsimlanishi mumkinligi va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov Korrupsion jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning reyestri to‘g‘risidagi qonun ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Yunusobod tumani va «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov Toshkent shahri bosh imom-xatibi vazifasiga tayinlandi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi.
Jahongir Otajonov O‘zbekistonni tark etishiga taqiq qo‘yilganini ma’lum qildi. MIBning ma’lum qilishicha, fuqaroda 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undiruviga oid 3 ta ijro ishlari mavjudligi aniqlangan va uning O‘zbekistondan chiqish huquqi vaqtincha cheklangan.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting