Prezident qarori bilan 10 oktabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma va O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Prezident faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risidagi qonunga davlat rahbarining rasmiy belgilari to‘g‘risidagi moddalar kiritildi. Endi prezidentning o‘z belgisi va shtandarti bo‘ladi.
Prezident qarori bilan 1 oktabrdan yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekistonga import qilingan tabiiy gazni realizatsiya qilishda aksiz solig‘ining nol foizlik stavkasi belgilandi. 2022 yil 1 yanvardan ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan sotiladigan suyultirilgan gazga aksiz solig‘i solinmaydi.
«Adolat» SDP prezidentlik saylovi «yangi O‘zbekistonga xos mutlaqo yangi siyosiy-huquqiy muhitda o‘tkazilganini» ma’lum qildi. «Ushbu prezidentlik saylovi ilk bor Saylov kodeksi asosida tashkil etilgani bilan ham ahamiyatlidir. U tenglik, ochiqlik va oshkoralik, ko‘ppartiyaviylik, muqobillik, kuchli raqobat ruhida kechdi», — deyiladi xabarda.
O‘tgan yili O‘zbekistonda atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 924,4 ming tonnani tashkil etdi. Eng yuqori ulush Toshkent va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.
Sherzodxon Qudratxo‘ja prezident saylovlarining dastlabki natijalarini e’lon qilishdan avval bildirilgan tabriklar MSKni ham hayron qoldirganini ta’kidladi. «Yaxshi xabar tez tarqaladi. Shuning uchun hayratlanmasa ham bo‘ladi, menimcha», — deydi u.
Ilmiy darajaga ega davlat muzeylari, muzey-qo‘riqxonalari, uy muzeylari xodimlari maoshi oshirildi. Fan doktorlari va yoki xorijiy davlatlarning ilmiy darajalarga ega bo‘lganlar maoshi 2,5 koeffitsiyentga, fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki falsafa doktori bo‘lganlarniki esa 2 koeffitsiyentga oshirildi.
AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan bayonotida «AQSh O‘zbekiston xalqini o‘z saylov huquqidan foydalanishda qo‘llab-quvvatlashi» va «hukumat bilan kelgusida hamkorlik qilish tarafdori» ekanini ma’lum qildi.
«Tolibon» hukumati Kobul tepaliklarida ariqlar qazishga aholini jalb qilib, ish haqi sifatida bug‘doy tarqatishini ma’lum qildi. Dastur doirasida 40 mingdan ortiq odam ish bilan ta’minlanadi va kelgusi ikki oy ichida mazkur tashabbus boshqa viloyatlarda ham joriy qilinishi rejalashtirilgan.
Toshkent aeroportida 15 nafar aviatsiya ishqibozlari ishtirokida birinchi rasmiy aviaspotting bo‘lib o‘tdi. «Ko‘plab holatlar ta’sirida aeroport jurnalistlar, blogerlar va spotterlar uchun yopiq edi», — dedi Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva. Tadbir qanday o‘tdi va spotterlar qanday fotosuratlarni qo‘lga kiritdi — «Gazeta.uz» maqolasida.
Shavkat Mirziyoyev saylovdagi raqiblari bildirgan takliflar albatta inobatga olinishini ma’lum qildi. «Biz kecha raqobat qilgan bo‘lsak, endi bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak», — dedi u. Aholi tomonidan bildirilgan taklif va tanqidlarni «hayotimiz o‘zgargani, demokratik islohotlar natijasi» deb atadi. Shavkat Mirziyoyev g‘alabasini nishonlash marosimidan fotosuratlar.
Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan prezidentlikka qayta saylanishi, YeXHT va Yevropa parlamentining hamkorlikdagi missiyasi “ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar” kuzatilganini qayd etishi, dunyo davlatlari rahbarlarining Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigi — “Gazeta.uz"ning 25 oktabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezidentlikka nomzod Narzulla Oblomurodov Ekopartiyaning davlat rahbari saylovida ilk bor ishtirok etishini «tarixiy g‘alaba» deb atadi. U Shavkat Mirziyoyevni g‘alabasi bilan tabriklab, «Partiya saylangan prezidentning barcha g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini» aytdi.
“Milliy tiklanish"dan nomzod Alisher Qodirov Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgani bilan tabrikladi. U “xalqning farovonligi yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib, birgalikda faoliyat ko‘rsatish lozimligini” ta’kidladi.
XDPdan nomzod Maqsuda Vorisova Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgani bilan tabrikladi. U «saylov natijalarini to‘la-to‘kis tan olishini» aytdi. «Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilib, e’lon qilingan „Yangi O‘zbekiston Strategiyasi“ xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin egalladi», — deya qo‘shimcha qildi Maqsuda Vorisova.
Turkiya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni saylovda g‘alaba qozonib, qaytadan O‘zbekiston prezidentligiga saylangani bilan muborakbod etmoqda.
Prezidentlikka qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev unga ovoz bergan saylovchilarga minnatdorchilik bildirdi. «Xalqimizning 80 foizdan ko‘pi saylovda ishtirok etgani, ularning yangi O‘zbekistondagi ertangi kuniga befarq emasligidan dalolat», — deya ta’kidladi davlat rahbari.
YeXHT va Yevropa parlamentining hamkorlikdagi missiyasi «ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar» kuzatilganini qayd etdi: ko‘plab saylovchilar tegishli tartiblar qo‘llanilmagan tarzda saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shilgan, hujjatlarsiz saylov byulletenlari topshirilgan, boshqalar nomidan ovoz berish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Bir qator saylov uchastkalarida kuzatuvchilar bir nechta byulletenlar tashlangan vaziyatlarga ham guvoh bo‘lishgan.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining vakillari saylovlar «yuqori siyosiy, huquqiy va tashkiliy darajada o‘tganini» ta’kidladi. Ular shuningdek, mazkur saylovlar «raqobatbardosh, erkin, ochiq va oshkora bo‘lganini, demokratik saylovlarning umumiy e’tirof etilgan tamoyillariga to‘la javob berganini» qayd etishdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidenti lavozimiga qayta saylangani bilan iliq tabrikladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting