Saida Mirziyoyeva Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari va talaba qiz bilan bog‘liq voqeaga munosabat bildirdi. «Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz», — deydi u. Qo‘shimcha qilinishicha, «aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart».
O‘zbekiston prezidenti va XXR raisi Si Szinpin telefon orqali muloqotda Afg‘onistondagi vaziyat, vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaviy markaz qurish va boshqa masalalarni muhokama qildi. Shavkat Mirziyoyev koronavirusning kelib chiqishi haqidagi masalani siyosiylashtirishga qarshi chiqdi, deya xabar qildi «Sinxua».
Mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 1,43 trln so‘m ($133,7 mln) yo‘naltiriladi. Senat buni nazarda tutuvchi o‘zgartishlarni davlat budjetiga kiritishni ma’qulladi. Iyunda senatorlar kuch ishlatar tuzilmalar xodimlarini moddiy ta’minlash, qo‘shimcha shtatlar ajratish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 1,1 trln so‘m ajratishni ham ma’qullagan edi.
BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha boshqarmasining insonparvarlik yordami mamlakat hukumatining uni olib kirishga ruxsat bermagani sababli hozircha Termizdan Afg‘onistonga yetkazilgani yo‘q.
Oksana Chusovitina sport ta’limi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun «Chusa sport team» MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari bilan uchrashuvida Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratishga topshiriq berilgan edi.
Yakkasaroy tumanida Lacetti avtomashinasi haydovchisi yo‘l chetida to‘xtab turgan Mercedes-Benz avtobusi bilan to‘qnashib ketgan va olgan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
O‘zbekistonlik dzyudovchi Davlat Bobonov -90 kg vazn toifasida dunyo reytingida 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Yana ikki nafar o‘zbekistonlik dzyudochi Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) avvalgi o‘rniga nisbatan bir pog‘ona pastlab, 4-o‘rinni, Sardor Nurillayev (-66 kg) ham bir pog‘onaga pastlab, 6-o‘rinni egallab turibdi.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi bilan Jizzax viloyatida 220 kV kuchlanishli «Zafarobod» raqamli podstansiyasi quriladi. Podstansiya 2023 yilda foydalanishga topshiriladi. Uning qurilishida tenderda g‘olib bo‘lgan Xitoyning «Shanghai Electric Group Co.,Ltd» kompaniyasi ishtirok etadi.
Samarqand viloyatida 10 kunda is gazidan zaharlanish oqibatida 8 kishi vafot etgan. Ularning 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir. Yana 1 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, viloyatda oktabr oyining boshidan buyon 128 ta aholi uylarida turli ko‘lamli yong‘inlar sodir bo‘lgan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 7,68 so‘mga pasayib, 10 676 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Tehron sammitidagi nutqida Afg‘oniston yaqin kelajakda mintaqaviy xavfsizlikning muhim omili bo‘lib qolishi haqida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu davlatni xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Afg‘onistonga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarur.
Mehnat muhojirlariga yordam berish maqsadida “Unistream” banki kasallik yoki jarohat tufayli daromadini yo‘qotganlar uchun bepul sug‘urtali debet kartasini chiqardi.
2021 yilning yanvar-sentabr oylarida XTV tizimidagi ta’lim muassasalarida 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 16 mlrd so‘mlik o‘g‘irlik va kamomad holatlari aniqlangan.
Oliy ta’lim vazirligi Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari va talaba qiz bilan bog‘liq voqeani nazoratiga oldi. Vazirlik ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa jabrlanuvchi qizning salomatligini o‘z nazoratiga oldi.
Prezident tadbirkorlik subyektlarining valyuta xatarlarini kamaytirishga oid qarorni qabul qildi. Davlat jamg‘armasi xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganida kompensatsiya to‘lab beradi.
Uzbekistan Airports tarkibida Uzbekistan Airports Handling kompaniyasi faoliyat boshlaydi. Yangi xendling korxonasi aeroport kompleksidagi qator xizmatlarni taqdim etadi. Endilikda aviakompaniyalar o‘zlariga zarur xizmat paketini shakllantirib, keraksiz xizmatlardan voz kechishlari mumkin bo‘ladi.
Mirobod tumanida Matiz avtomashinasi yo‘l chetida turgan piyodalarni urib yuborib, ag‘darilib ketgan. Oqibatda 3 nafar piyoda tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yo‘l chetida turgan avtomobillarga ham zarar yetgan.
O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov Tehron sammiti doirasida Eron prezidenti Ibrohim Raisi bilan Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Kamilov Eronning Afg‘onistondagi vaziyatni o‘rganish bo‘yicha tashabbusini olqishlashini ma’lum qildi. Raisi sammit doirasida afg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yechim va qarashlar topilishiga umid qilishi haqida ta’kidladi.
Nogironlar, Karlar va Ko‘zi ojizlar jamiyatlari senatorlar rad etgan «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonunni ma’qullashni so‘rab, Senatga murojaat qilgan edi. Shundan so‘ng, senatorlar Odiljon Iminov va Erkin Gadoyev jamiyatlar rahbarlari bilan uchrashdi. Ta’kidlanishicha, «uchrashuvda qonun imkoniyati cheklangan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtiyoz va preferensiyalar berishni nazarda tutmasligi tushuntirilgan». Qolaversa, hujjatni qayta ishlashda hamkorlik qilish taklif etilgan.
Yaponiya gumanitar ehtiyojlarning o‘sib borayotganligi sababli Afg‘oniston va qo‘shni mamlakatlarga 65 mln dollar miqdorida favqulotda grant ajratadi. Shundan 200 ming dollari O‘zbekistonga beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting