Britaniya muzeyida dunyoning 29 ta kolleksiyasidan 300 dan ortiq eksponatlar, jumladan, O‘zbekistondan 14 ta buyum namoyish etiladigan Silk Roads ko‘rgazmasi ochildi. Ekspozitsiya Ipak yo‘li bo‘ylab milodiy 500−1000-yillardagi madaniy aloqalar yoritilgan. Ko‘rgazma 2025-yil 23-fevralgacha davom etadi.
May oyida Kia Stinger haydovchisi Toshkentdagi avtotyuning ustaxonasi hududidagi poyga vaqtida avtotuning_uz Instagram sahifasi asoschisini urib yuborgan, u shifoxonaga olib ketilayotganda halok bo‘lgandi. Avgustda u 3 yillik qamoqqa hukm qilingandi, ammo apellyatsiya sudi jazoni yengillashtirib, uni ozod qildi.
Jahonga mashhur Zaha Hadid Architects kompaniyasi Yangi Toshkentdagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmua loyihasini yaratdi. Chirchiq daryosi sohilida dam olish zonasi tashkil etiladi. Loyihalar prezidentga taqdim etildi.
QXV fermer va klasterlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, paxta yetkazib berish shartnomalarini bekor qilish bo‘yicha hududiy boshqarmalar va ularning rahbarlariga hech qanday ko‘rsatma bermaganini ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, fermerlarning 90 foizi allaqachon shartnomalarini yangilagan.
O‘zbekistonda o‘tayotgan futzal bo‘yicha 2024-yilgi mundialning nimchorak finalida navbatdagi sensatsiyalar qayd etildi: Qozog‘iston amaldagi jahon chempioni Portugaliyani mag‘lub etdi. Marokash esa jahon chempionatlarida Eronni mag‘lub eta olgan Afrikaning ilk vakiliga aylandi.
Akademik Vohidov nomidagi tibbiyot markazi 50 yilligi munosabati bilan prezident sog‘liqni saqlash tizimidagi samarali mehnati uchun qator tibbiyot xodimlarini faxriy unvon va ordenlar bilan mukofotladi.
Nyu-York meri Erik Adams korrupsiyaviy jinoyatda ayblanmoqda. Prokurorlar uning 2021-yilgi saylov kampaniyasini moliyalashtirish manbalarini tekshirmoqda. Rasmiylar Adamsning bir qancha davlatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan aloqalari haqida ma’lumot so‘ragan.
Isroil AQSh, Yevropa Ittifoqi va Yaqin Sharqda masshtabliroq urushning oldini olishga urinayotgan boshqa ittifoqchilarning “Hizbulloh” bilan uch haftalik sulh taklifini rad etdi.
Maff kompaniyasi Toshkentda yangi katta shourum ochdi. Maydoni 1200 kv. m. bo‘lgan yangi shourumda tashrif buyuruvchilar 17 ta jahon brendlar mahsulotlari bilan tanishishi mumkin.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi “Eng yaxshi milliy kontent” tanlovi g‘oliblarini e’lon qildi. Tanlovning internet-jurnalistika yo‘nalishidagi “Eng yaxshi milliy kontent uchun” nominatsiyasida “Gazeta.uz” jurnalisti Gulira’no Musayeva g‘olib deb topildi.
Beruniy metro bekati yaqinida jamoat avtobusi ichida yo‘lovchining sog‘lig‘i yomonlashib, tashqariga olib chiqildi. Fuqaro tez yordam yetib kelgunga qadar vafot etdi. Holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi, konsepsiya prezident administratsiyasiga 2025-yil 1-martga qadar taqdim etilishi kerak. Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga pensiya yoshini bosqichma-bosqich 65 yoshga oshirishni tavsiya qilgan edi.
Nurota davlat qo‘riqxonasi, “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i, “Sudoche-Akpetki” buyurtma qo‘riqxonasi va Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi rahbarlari lavozimidan ozod etildi. Ular faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan va ishni lozim darajada tashkil etmagan.
Salkam yarim yilda 19 ming nogironligi bo‘lgan va nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez va reabilitatsiya vositalari uchun 32,5 mlrd so‘m subsidiya ajratildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ko‘ra, fuqarolarga 30 turdagi mahsulot elektron vaucher shakllantirish orqali berilmoqda.
Prezident Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar dasturini tasdiqladi. Unda “Shahar — piyodalar uchun” tamoyilini joriy etish, sun’iy suv havzalari va yashil zonalar barpo etish, korxonalarda tozalash uskunalarini o‘rnatish va boshqa tadbirlar ko‘zda tutilmoqda.
Toshkentdagi 188-maktabda o‘quvchini urgan sinov muddatidagi o‘qituvchi voqeaning ertasi kuni qizi o‘qiyotgan boshqa maktabda direktor o‘rinbosari bilan tortishib, unga kuch ishlatdi. Ayol Milliy gvardiya va IIO xodimlari talablariga ham bo‘ysunmagan. Buning ortidan unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi.
O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Hamster Kombat o‘yinidan olingan HMSTR tokenlarini faqat ruxsat etilgan kriptobirja va kriptodo‘konda sotish mumkinligini ma’lum qildi. Kriptoaktivlar aylanmasi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilganini eslatdi.
Alisher Qodirov Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchini urgani bo‘yicha Rossiya TIV O‘zbekistondan “rasmiy tushuntirish” so‘raganiga munosabat bildirdi. “Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa, to‘g‘ri bo‘lar edi”, — deydi Milliy tiklanish partiyasi raisi.
Bunyod Mamadjanov Toshkent shahri Uchtepa tumaniga hokim etib tayinlandi. U bungacha “Asakabank” raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Chilonzordagi maktabda sinov muddatidagi rus tili o‘qituvchisi 6-sinf o‘quvchisini urgani ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistondan “rasmiy tushuntirish” so‘radi. Ular, shuningdek, o‘qituvchiga nisbatan “chora ko‘rishga” chaqirgan. Avvalroq IIB holat bo‘yicha surishtiruv ketayotgani haqida xabar bergandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting