Sud SSSRni tiklash tarafdori bo‘lgan 74 yoshli samarqandlik fuqaroga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Ish materiallariga ko‘ra, u Telegram`dagi guruhda “O‘zbekiston mustaqilligi yuzaki ekani va sobiq Sovet Ittifoqi rasman tarqalmagani” haqidagi materiallar joylashtirgan.
Mingbuloq tumanining sobiq hokimi Nurshod Xudoyberdiyev Namangan viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. U iyul oyida prezident o‘tkazgan yig‘ilishda faoliyatidagi tizimli kamchiliklari uchun ishdan olingandi. 2020-yilda esa fermerlarni so‘kkani uchun jarimaga tortilgan.
Taniqli rassom Vladimir Burmakin 87 yoshida vafot etdi. U ko‘plab jahonga mashhur suratlar (jumladan, “Boysun madonnasi”) va Toshkentdagi monumental pannolar (“Paxtakor” metro bekati, “Xalqlar do‘stligi” saroyi va boshqalar) muallifi hisoblanadi.
Toshkentda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining 10-xalqaro konferensiyasi hamda MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha 2-konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Tadbirlar doirasida MDH davlatlarining “Sharq-Aksilterror-2024” qo‘shma mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Parijda o‘tayotgan Paralimpiya o‘yinlarining oltinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasining 6 nafar a’zosi sportning 2 ta turi bo‘yicha ishtirok etadi. Taqvim.
Anqara shahrining Kechio‘ren tumanida Alisher Navoiy haykali ochildi. Bungacha shoir haykali dunyoning 10 ga yaqin shahrida o‘rnatilgan.
Nijniy Novgorod viloyatida sodir bo‘lgan YTHda 7 nafar o‘zbekistonlik — olti erkak va bir ayol halok bo‘ldi, yana 3 kishi shifoxonaga yotqizildi. Vafot etganlarning jasadlarini vatanga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Bobomurod Hamdamov 84 yoshida vafot etdi.
Prezident topshirig‘iga binoan Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) koniga bosh vazir o‘rinbosari Achilboy Ramatov, energetika, favqulodda vaziyatlar vazirlari va boshqalar tashrif buyurdi. “Gazeta.uz” ikki xodim shifoxonaga yotqizilgani haqida ma’lumot oldi.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ota-ona qaramog‘isiz qolgan 14 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Ularga o‘zlarining yashash manziliga yaqin “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan yordam ko‘rsatib borish belgilandi.
Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi, dedi mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toqayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, referendum “keng umummilliy muloqotning yana bir ko‘rinishi” va “eshituvchi davlat” konsepsiyasini amalga oshirishning yorqin namunasi bo‘ladi.
O‘zbekistondagi davlat OTMlarida super kontrakt uchun arizalarni onlayn qabul qilish va shartnomalarni berish boshlandi. Tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakt qiymatini 15-oktabrga qadar to‘liq to‘lagan abituriyentlarga 10 foiz chegirma beriladi.
Paralimpiya o‘yinlarining uzunlikka sakrash bahslarida Doniyor Saliyev 7.16 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi. Nurxon Qurbonova esa yadro uloqtirishda o‘zining mavsumdagi eng yaxshi natijasi — 7.75 metr bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Bobur Omonov yadro uloqtirish dasturida 14,32 metr natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va ikki karra Paralimpiada chempioni bo‘ldi. U bu natijasi bilan 2021-yilda Tokioda o‘zi o‘rnatgan rekordni ham yangiladi.
SSV yangi o‘quv yili oldidan maktab oshxonalarida qanday oziq-ovqatlarni tayyorlash va sotish taqiqlangani haqida eslatma berdi. Ro‘yxat.
Prezident Paralimpiya chempionlari Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali muloqot qildi. Ularni g‘alaba bilan tabriklab, qolgan ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. Avvalroq davlat rahbari Asila Mirzayorova va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev bilan ham gaplashgandi.
1-sentabrga o‘tar kechasi Vengriya poytaxtining diqqatga sazovor joylaridan biri — Baliqchilar qal’asi O‘zbekiston bayrog‘i ranglari bilan yoritildi. Ilk bor o‘tkazilgan aksiya O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlandi.
Parijda o‘tayotgan Paralimpiya o‘yinlarining beshinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasining 12 nafar a’zosi sportning 2 ta turi bo‘yicha ishtirok etadi. Taqvim.
Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida texnologik jarayon buzilishi sababli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatildi. “Kon yaqinidagi fuqarolar evakuatsiya qilindi, vaziyat to‘liq nazoratda, vahimaga o‘rin yo‘q”, — dedi FVV. Havoning ifloslanish darajasi o‘rganilmoqda.
Baxtiyor Ibragimov O‘zbekistonning Qozog‘istondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. U bungacha O‘zbekistonning BAAdagi elchisi, TIV departamenti direktori, O‘zbekiston turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting