Qozog‘iston O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan Sirdaryo havzasining suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirmoqchi. Qozog‘iston tomoni O‘zbekistondan kelayotgan ifloslantiruvchi moddalar tufayli daryoning ekologik holati buzilganini bildirdi.
Toshkentdagi 5-IM qozonxonasida elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarining ayrim joylarida issiq suv o‘chirildi. Ta’minot taxminan 3-iyul kuni kechqurun soat 20:00 gacha qayta tiklanadi.
O‘zbekiston hukumati suv va alkogolsiz ichimliklarni majburiy markirovkalashni yana keyinga qoldirdi. Jarayon 2022-yil oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilgandi, biroq avval 2023-iyulga, endi esa 2024-yilning martigacha surildi.
O‘zbekiston prezidenti o‘zining avvalgi qarorlariga o‘zgartirishlar kiritib, “Sijjak” va “Chotqol” dam olish maskanlarini xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Ilgari Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Sijjak” maskani bir necha bor sotuvga qo‘yilgan, lekin sotilmay qolgandi.
Tarmoqlarda prezident maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev yig‘ilishda hokimlar va suv xo‘jaligi rahbarlarini qo‘shib yozish va sug‘orish ishlari sifatsiz olib borilayotgani uchun tanqid qilgan video tarqaldi. U prokuraturaga Qashqadaryo viloyatining uchta tumani hokimlarini jinoiy javobgarlikka tortishni buyurdi.
Shavkat Mirziyoyev imzolangan qonun bilan Qozog‘iston bilan chegarani demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilindi.
Erta tongda Termizda chang bo‘roni boshlandi. Soat 09:00 da havodagi mayda PM10 zarrachalarining miqdori ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyadan 14,7 barobar oshib ketdi. Shamol tezligi pasaygach, havoda chang g‘ubori kuzatildi.
Buxoroda fuqaroni 25 ming dollar evaziga AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan ayol ushlangani aytilmoqda. U uyida fuqarodan 10 ming dollar olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Toshkentda 3−7-iyul kunlari Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tadi. Haftalik doirasidagi 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbatlari va amaliy muloqotlarda 60 dan ziyod davlatdan 450 dan ortiq siyosat va jamoat arboblari, yirik biznes vakillari va ekspertlar qatnashadi.
Qozog‘istonning FlyArystan loukoster aviakompaniyasi Ostona va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Muntazam qatnovlar haftasiga 2 marta amalga oshiriladi.
Dushanbadan boshlab O‘zbekistonda kunduzgi havo harorati +33…+36 darajagacha pasayadi va bu harorat foni hafta oxirigacha saqlanib qoladi. Ayrim hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, shamol tezligi 20−22 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Tijorat banklari 3-iyul kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 465−11 510 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 540−11 580 so‘m.
Dushanba kuni Yakkasaroy va Mirobod tumanlarining ayrim hududlari elektr energiyasidan vaqtincha uzildi.
Qo‘shrabot tumanidagi Zarmitan oltin koni shaxtasidan 20 va 24 yoshli yigitlarning jasadlari topildi. Ular konga ma’danli toshlarni talon-toroj qilish uchun noqonuniy kirgani aytilmoqda. Yigitlarni yerosti o‘ziyurar mashina operatori bosib o‘tgan bo‘lishi mumkin.
30-iyun kuni O‘zbekistonda 2010−2012-yillarda berilgan haydovchilik guvohnomalari va “texpasport”larning amal qilish muddati tugadi. Shu bois 1-iyuldan eski hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Ularni YHXB bo‘linmalari, Davlat xizmatlari markazlari yoki internet orqali yangisiga almashtirish mumkin.
Iyunda O‘zbekistonda deflyatsiya qayd etildi va yillik inflyatsiya 2016-yil avgust oyidan buyon birinchi marta 9 foizga tushdi. Oxirgi oyda guruch, go‘sht va sut qimmatlashdi, deyarli barcha sabzavot va mevalar, shuningdek, un, tuxum, sariyog‘ va shakar arzonlashdi. Benzin ham qimmatlashdi. Hududlarda palov narxi oshdi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida rejali ta’mirlash ishlari tufayli “O‘zbekneftgaz” korxonalarida benzin ishlab chiqarish 71,3 foizga qamaydi. Kompaniya ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilga nisbatan oshirishini qayd etdi. “Gazeta.uz” yil boshidan buyon benzin ishlab chiqarish bir necha bor pasayganini yozgandi.
2-iyul kuni soat 18:00 da prezidentlikka nomzodlar vakillarining ikkinchi teledebati bo‘lib o‘tadi. U davlat boshqaruvi tizimi va sud-huquq sohasini rivojlantirishga bag‘ishlanadi.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasining gazni qayta ishlash va gaz-kimyo departamentini boshqarib kelayotgan Alisher Bahodirov Uzbekistan GTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodiga direktor etib tayinlandi.
Asakadagi avtomobil zavodi rejali modernizatsiya ishlari sababli faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Ma’lum qilinishicha, zavod Cobalt modelini ishlab chiqarishni yiliga 30 mingtaga oshiradi. UzAuto Motors bu ish avtomobillarni yetkazib berish jadvaliga ta’sir qilmasligiga ishonch bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting